Namanganda “Uztex” kompaniyalari guruhining “Uztex Uchkurgan” qo‘shma korxonasi ish boshladi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan marosimda “O‘zbekengilsanoat” aksiyadorlik jamiyati, “Uztex” kompaniyalari guruhi va iqtisodiyot tarmoqlari rahbarlari, mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan to‘qimachilik sanoati korxonalari va xorijiy hamkor kompaniyalar vakillari, jurnalistlar ishtirok etdi.
Prezidentimiz rahnamoligida sanoatni rivojlantirish, yangi korxonalar barpo etish va mavjudlarini modernizatsiya qilishga alohida e’tibor qaratilayotgani samarasida yengil sanoat tarmog‘ida eksportbop va import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqaruvchi korxonalar tobora ko‘payib borayotgani ta’kidlandi.
Buni Namangan viloyatida joriy yilning 9 oyida ishlab chiqarilgan 2,8 trillion so‘mlik sanoat mahsulotining 34 foizi yengil sanoat tarmog‘iga to‘g‘ri kelayotgani yoki bu eksport hajmining 48,5 foizini tashkil qilayotgani misolida ham ko‘rish mumkin.
– O‘zbekistonda yengil sanoat, ayniqsa to‘qimachilik sanoatining istiqboli porloq, – deydi Shveytsariyaning Rieter kompaniyasi prezidenti Reto Tom. – Chunki, mamlakatingizda barcha sohalar rivoji uchun zarur sharoit, qulay tabiiy iqlim, xomashyo, energiya manbalari, mehnat va boshqa resurslar yetarli. Ayniqsa, davlat rahbari tomonidan tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan doimiy e’tibor bu borada muhim omildir. Bu mazkur yirik korxonaning ishga tushirilishida ham o‘z ifodasini topdi.
“Uztex Uchkurgan” O‘zbekiston – Buyuk Britaniya – Singapur qo‘shma korxonasi yurtimizda yaratilgan qulay sarmoyaviy muhit, mahalliy xomashyodan tayyor mahsulot ishlab chiqarish har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotgani samarasidir. Bu yirik loyiha “2015-2019 yillarda ishlab chiqarishni tarkibiy o‘zgartirish, modernizatsiya va diversifikatsiya qilishni ta’minlash chora-tadbirlari Dasturi”ga asosan amalga oshirildi. Loyihaning birinchi bosqichida “Uchkurgan Textile” mas’uliyati cheklangan jamiyati ishga tushirilgan edi.
Uning uzviy davomi sifatida “Uztex Uchkurgan” ip yigiruv va to‘quv korxonasi o‘z faoliyatini boshladi. Har ikki korxonani o‘z ichiga olgan majmua zamonaviy usulda paxta va aralash toladan ip-kalava, momiq mato va tayyor mahsulot ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.
16 gektar maydonni egallagan yengil sanoat majmuasini qurish, zamonaviy texnologik uskunalar bilan jihozlashga qariyb 120 million dollar mablag‘ yo‘naltirildi. Mamlakatimizdagi eng yirik to‘qimachilik majmuasi bo‘lgan ushbu korxonada yiliga 16 ming 500 tonna ip-kalava hamda 7 ming tonna momiq mato ishlab chiqariladi. 1000 dan ziyod kishi mehnat qilayotgan yigiruv-to‘quv majmuasining yillik eksport salohiyati 50 million dollarni tashkil etadi.
Bugungi kunda viloyatda yetishtirilayotgan paxta tolasining 38 foizi qayta ishlanayotgani, birgina shu korxonaning ishga tushirilishi natijasida ushbu ko‘rsatkich kelgusi yilda 54 foizga yetkazilishi ko‘zda tutilgan. Hududiy dasturlarga ko‘ra, 2020 yilga borib paxta xomashyosi to‘laligicha mahalliy sharoitda qayta ishlanadi.
Ramziy lenta qirqilib, korxonaning rasmiy ochilishi e’lon qilindi va 105 yoshli mehnat faxriysi Toshtemir ota Kamolov oq fotiha berdi. Tadbir ishtirokchilari majmua ishlab chiqarish sexlari bilan tanishdi.
Tadbirda Namangan viloyati hokimi X.Bozorov so‘zga chiqdi.
Akramjon Sattorov, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA