O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki vitse-Prezidenti F.Bennett boshchiligidagi delegatsiya tashrifi to‘g‘risida
2017-11-08 | Siyosat
7-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida Senat Raisining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston Respublikasining Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankidagi milliy boshqaruvchisi S.Safoyevning Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki birinchi vitse-Prezidenti F.Bennett boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, investitsiya muhitini yaxshilash bo‘yicha maslahatlashuvlar o‘tkazish, iqtisodiyotning turli sektorlarini rivojlantirish, mamlakatimizning eksport salohiyatini oshirish kabi masalalarda faol hamkorlik olib borilayotganligi qayd etildi.
O‘zbekiston tomoni Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankiga Bank Direktorlar kengashi respublikadagi kichik va o‘rta biznesga kredit mablag‘larini ajratishni ma’qullash to‘g‘risida qaror qabul qilganligi uchun minnatdorchilik bildirdi. Joriy yilning 18 oktyabr va 1 noyabr kunlari Direktorlar kengashi O‘zbekistonga 120 mln. AQSH dollari miqdorida kredit mablag‘larini ajratish to‘g‘risidagi qarorni Mamlakatlar bo‘yicha strategiya qabul qilinishidan avval bir ovozdan ma’qulladi, bu esa misli ko‘rilmagan voqea bo‘ldi.
Delegatsiya rahbari F.Bennett O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlarga yuqori baho berdi hamda Bank bilan har tomonlama hamkorlikni rivojlantirish istagi uchun O‘zbekiston tomoniga minnatdorchilik bildirdi.
Bo‘lib o‘tgan suhbat davomida tomonlar O‘zbekiston hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki o‘rtasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha, shuningdek Bankning O‘zbekistonga oid o‘rtacha muddatga mo‘ljallangan istiqboldagi strategiyasi loyihasi ustida olib borilayotgan ishlar yuzasidan fikr almashdilar. Shuningdek O‘zbekistonda kapital bozorini rivojlantirish, shu jumladan fond birjasini modernizatsiyalash, qimmatli qog‘ozlar bozorini takomillashtirish hamda xalqaro kapital bozoriga O‘zbekistonning chiqishini ta’minlash borasida Bank bilan hamkorlikni kengaytirish masalalari ham muhokama etildi.
YeTTB delegatsiyasi tashrifi davomida Oliy Majlis Senati tomonidan o‘zaro hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan bir qator qo‘shma tadbirlarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Jumladan, Yevropa banki ekspertlari O‘zbekistonning investitsiya muhitini takomillashtirishga bag‘ishlangan Xalqaro davra suhbatida, Toshkent shahri, Toshkent, Sirdaryo va Jizzax viloyatlari kichik va o‘rta biznes subyektlari uchun mo‘ljallangan seminar-treningda hamda Yevropa bankining Toshkent shahridagi ofisi ochilishida ishtirok etadilar.
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati