O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Hamkorlik aloqalari mustahkamlanadi
2017-11-09 | Siyosat
Rossiyaning Sankt-Peterburg shahri vitse-gubernatorlari O.Markov va A.Mityanina boshchiligidagi delegatsiya Samarqand shahriga tashrif buyurdi.
Mehmonlar Hazrati Xizr majmuasida bo‘lib, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov qabrini ziyorat qildi.
Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi T.Jo‘rayev bilan uchrashuvda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida barcha sohalarda hamkorlik aloqalari jadal rivojlanib borayotgani qayd etildi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil aprel oyida Rossiya Federatsiyasiga davlat tashrifi chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar, turizm sohalarida hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama etilib, muhim kelishuvlarga erishildi.
– Samarqand va Sankt-Peterburg shaharlari o‘rtasidagi do‘stona aloqalar qariyb uch asrlik tarixga ega, – deydi Sankt-Peterburg shahri vitse-gubernatori A.Mityanina. – Lekin turizm yo‘nalishidagi hamkorligimiz ikki tomonning ham imkoniyati va salohiyati darajasida emas. Shu bois uchrashuvda ayni masalalar bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlashga oid fikrlarimiz mushtarak bo‘ldi. Shuningdek, Samarqanddan Sankt-Peterburgga borib mehnat qilayotgan migrantlarga munosib ish va turmush sharoiti yaratish yuzasidan fikrlashib oldik.
Rossiyalik mehmonlar Samarqand shahrida faoliyat boshlagan Rossiya Federatsiyasiga mehnat migrantlarini tayyorlash va jo‘natish markazi ochilish marosimida ishtirok etdi. Bu yerda yaratilgan sharoit va imkoniyatlar bilan tanishdi.
Tashrif davomida delegatsiya a’zolari Samarqand shahridagi tarixiy obidalar va diqqatga sazovor joylarni tomosha qildi.