O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

"Made in Uzbekistan": ishlab chiqaruvchilar uchun imkoniyatlar maydoni

2017-11-08 | Iqtisodiyot

“O‘zekspomarkaz”da “Made in Uzbekistan” deb nomlangan mamlakatimiz iqtisodiy soha yutuqlari ko‘rgazma-yarmarkasi ish boshladi.

Ko‘rgazma ochilish marosimida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, davlat va jamoat tashkilotlari, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan diplomatik korpus vakillari, mahalliy va chet ellik ishbilarmonlar qatnashdi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari N.Otajonov va boshqalar mamlakatimizda tarmoqlararo kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish, mahalliy korxonalarda import o‘rnini bosuvchi va eksportga yo‘naltirilgan yangi mahsulotlar ishlab chiqarishga alohida e’tibor qaratilayotgani, korxonalarning jadal faoliyati uchun qulay shart-sharoitlar yaratib berilayotganini ta’kidladi.
 
Ko‘rgazmada mahalliy ishlab chiqaruvchilar yengil sanoat, farmatsevtika, neft-gaz, oziq-ovqat, charm-poyabzal, qurilish, xalq iste’moli mollari, avtomobilsozlik, kimyo sanoati, yo‘l-transport infratuzilmasi, elektrotexnika, telekommunikatsiya va axborot texnologiyalari, agrosanoat yutuqlari, yangi mahsulotlar, ta’lim va boshqa turdagi xizmatlarni namoyish etmoqda. Ko‘rgazma ishtirokchilari va tashrif buyuruvchilar uchun ishlab chiqarish tarmoqlariga joriy etilayotgan so‘nggi innovatsion loyihalar haqida ma’lumot olish imkoni yaratilgan.
 
Ta’kidlash joizki, bugun nafaqat ichki bozorda, balki Markaziy Osiyo mintaqasi va MDH bozorlarida yuqori talabga ega va import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratilgan e’tibor tufayli mamlakatimizda joriy yil boshidan mahalliylashtirish dasturiga kiritilgan 750 loyiha asosida 5 trillion 781 milliard so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarildi. Mahsulotlar eksporti hajmi muttasil ortib bormoqda.
 
Ko‘rgazma-yarmarka mahalliy va xorijiy ishbilarmon doiralar, yirik kompaniyalar, xususiy korxonalar vakillarida katta qiziqish uyg‘otmoqda. Xususan, Xitoyning Shensi provinsiyasida joylashgan xalqaro port zonasi ma’muriyati o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlik aloqalarni mustahkamlash niyatida. "Bir makon, bir yo‘l" loyihasi doirasida savdo-hamkorlik, gumanitar aloqalarni mustahkamlash ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, Qozog‘istonning "Sauda Samal" kompaniyasi, Tojikistonning "Saxovat" savdo majmuida joylashgan O‘zbekiston – Tojikiston savdo uyi mas’ullari tadbirkorlarimiz ishlab chiqarayotgan mahsulotlar uchun beg‘araz maydonchalar ajratish, ushbu mamlakatlarda mahsulotlar namoyishini tashkil etish takliflarini bildirmoqda. Shuningdek, Janubiy Koreya, Rossiya, Afg‘oniston, Qirg‘iziston, Tailand, Kuvayt, Turkiya, Fransiya va boshqa davlatlar kompaniyalari vakillarining ham faol qiziqishi kuzatilmoqda.
 
– O‘zbekistonda qulay investitsiya muhiti mavjud va bu boradagi imkoniyatlar yanada kengayayotganini kuzatayapmiz, – deydi “Longi Energy” kompaniyasi savdo menejeri Ark Chjou (Xitoy). – Kompaniyamiz qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish uchun qurilmalar ishlab chiqaradi. O‘zbekistonda muqobil energetika sohasida yaxshi tajriba to‘plangan. Mamlakatingizda yilning qariyb 300 kuni quyoshli bo‘ladi. Demak, muqobil energiyadan unumli foydalanish imkoniyati yuqori. Bugun o‘zbekistonlik hamkasblarimiz ishlab chiqarayotgan mahsulotlar, texnologiyalar bilan tanishdik. Kelgusida ular bilan hamkorlikda fotoelektrik panellar ishlab chiqarishni rejalashtirganmiz.
 
Ko‘rgazma-yarmarkada O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va uning hududiy bo‘limlari vakillari, mamlakatimiz bank-moliya tashkilotlari ham qatnashib, tadbirkorlikni rivojlantirish, ishbilarmonlarga imtiyozli kreditlar ajratish, faoliyat ko‘lamini kengaytirish, mahsulotlar eksportini ko‘paytirish bilan bog‘liq o‘z xizmatlarini taqdim etmoqda.
 
– Italiyalik hamkasblarimiz bilan hamkorlikda lift ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yganmiz. Bugungi kunda 7 xildan ziyod turdagi mahsulotlarimizni Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston Respublikalariga eksport qilayapmiz. Yaqinda Rossiyaga ham mahsulotlarimizni yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzdik, – deydi Samarqand viloyatidagi “Lift group” korxonasi direktori Alisher Karimov. – Bugungi tadbirda mahalliy tashkilotlardan hamkorlik bo‘yicha takliflar kelib tushmoqda, chet ellik ishbilarmonlar ham mahsulotimizga katta qiziqish bildirmoqda.
 
Tadbirda 220 dan ortiq mahalliy korxona vakillari 10 mingdan ziyod turdagi tayyor tovarlar, butlovchi qismlar va boshqa mahsulotlarni ishtirokchilar e’tiboriga havola etmoqda. Ko‘rgazma doirasida seminarlar, mahsulotlar va xizmatlar namoyishi o‘tkazilmoqda. Chet ellik hamkorlar bilan manfaatli shartnomalar imzolanmoqda.

 

Ulug‘bek Asrorov, O‘zA

Поделиться