O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Meva-sabzavot mahsulotlari, uzum, poliz, dukkakli ekinlar, shuningdek, quritilgan sabzavot va mevalarni mahalliy eksport qiluvchilarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
2017-11-07 | Hujjatlar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Meva-sabzavot mahsulotlari, uzum, poliz, dukkakli ekinlar, shuningdek, quritilgan sabzavot va mevalarni mahalliy eksport qiluvchilarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
Tashqi iqtisodiy faoliyatni yanada liberallashtirish, eksport qilinadigan yangi meva-sabzavot mahsulotlari, uzum, poliz, dukkakli ekinlar, shuningdek, quritilgan sabzavot va mevalarning (keyingi o‘rinlarda meva-sabzavot mahsulotlari deb yuritiladi) hajmini ko‘paytirish va turlarini kengaytirish uchun qulay shart-sharoit yaratish, mahalliy meva-sabzavot mahsulotlarining jahon bozorlarida raqobatbardoshligini oshirish maqsadida:
1. “O‘zbekoziqovqatxolding” XK, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Savdo-sanoat palatasining quyidagilar to‘g‘risidagi takliflari qabul qilinsin:
a) xo‘jalik yurituvchi subyektlarga eksport kontrakti (shartnomasi) tuzmasdan quyidagi shartlarga rioya qilgan holda invoys asosida meva-sabzavot mahsulotlarining eksportini amalga oshirish huquqini berish:
yetkazib berish summasi eksport bojxona deklaratsiyasini rasmiylashtirish kunida 20 ming AQSh dollari ekvivalentidan oshmasligi;
O‘zbekiston Respublikasining vakolatli tijorat banklaridagi hisobvaraqlarga O‘zbekiston Respublikasi norezidentlaridan xorijiy valyutada, shu jumladan bank o‘tkazmalari, xalqaro bank kartalari orqali to‘lovlar, shuningdek, tijorat banklarining ayirboshlash shoxobchalarida sotib olingan milliy valyutadagi naqd pul mablag‘larini kiritish shaklida 100 foizlik oldindan to‘lov olish;
Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimiga eksportga yetkazib berish haqidagi ma’lumotlarni kiritish;
b) eksport qilingan meva-sabzavot mahsulotlarining faktura qiymatiga ularni saqlashda, tashishda va sotishda qonun hujjatlarida belgilangan tabiiy yo‘qotish normativlari doirasida tuzatishlar kiritish.
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi Moliya vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi va “O‘zstandart” agentligi bilan birgalikda o‘n kun muddatda eksport qilingan meva-sabzavot mahsulotlarining tabiiy yo‘qotish normativlari va ularning faktura qiymatiga tuzatishlar kiritish tartibini belgilaydigan Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
2. Belgilab qo‘yilsinki, 2017-yil 15-noyabrdan boshlab:
yuridik shaxslar tomonidan meva-sabzavot mahsulotlari keyinchalik eksport qilish uchun jismoniy shaxslardan sotib olinganda, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha imtiyozlar jismoniy shaxslar tomonidan sotilgan mahsulotlar ularga yoki ularning oila a’zolariga ajratilgan yer uchastkalarida yetishtirilganligini tasdiqlovchi hujjatni taqdim qilmasdan qo‘llaniladi;
eksport qiluvchida oldingi eksportga yetkazib berish bo‘yicha muddati o‘tgan debitor qarzdorlik mavjud bo‘lganda, tovarlarni chiqarish faqat muddati o‘tgan debitor qarzdorligi mavjud bo‘lgan chet el xaridoriga ruxsat etilmaydi;
meva-sabzavot mahsulotlari eksportiga yuk bojxona deklaratsiyasini rasmiylashtirish ko‘rik hujjati tuzilganidan keyin 3 soatdan ko‘p bo‘lmagan muddatda amalga oshiriladi.
3. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi Markaziy bank, Davlat soliq qo‘mitasi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda “O‘zbekoziqovqatxolding” XK bilan birgalikda 2017-yil 15-noyabrga qadar muddatda mazkur qarorning 1-bandi talablarini hisobga olgan holda Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimini takomillashtirilishini ta’minlasin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi Tashqi ishlar vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki hafta muddatda:
O‘zbekiston Respublikasining meva-sabzavot mahsulotlari savdosi va eksporti sohasidagi xalqaro shartnomalarini inventarizatsiyadan o‘tkazishni;
amaldagi import bojxona bojlari, aksiz solig‘i va yig‘imlar stavkalarini, shuningdek, meva-sabzavot mahsulotlarini saqlash, tashish hamda meva-sabzavot mahsulotlarining potensial import qiluvchi xorijiy mamlakatlarda sotishda sanitariya norma va qoidalarini tanqidiy o‘rganishni ta’minlasin.
5. Tashqi savdo vazirligi inventarizatsiya va tanqidiy o‘rganish yakunlari bo‘yicha 2017-yil 1-dekabrga qadar muddatda:
O‘zbekiston Respublikasining meva-sabzavot mahsulotlarining savdosi va eksporti sohasida yangi xalqaro shartnomalar tuzish hamda amaldagilariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflarni;
amaldagi normativ hujjatlar, sanitariya norma va qoidalari, fitosanitariya talablarini xalqaro standartlar, shuningdek, mahalliy meva-sabzavot mahsulotlarining potensial import qiluvchi xorijiy mamlakatlar talablarini hisobga olgan holda qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi loyihasini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
6. “O‘zstandart” agentligi:
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda yigirma kun muddatda respublikada xalqaro standartlarni, shu jumladan “ISO 22000”, “Halol” standartlarini joriy etish va keyinchalik qo‘llash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
O‘zbekiston Respublikasida berilgan muvofiqlik sertifikatlarini mahalliy meva-sabzavot mahsulotlarini asosiy iste’mol qiluvchi davlatlarda, shu jumladan ikki tomonlama va ko‘p tomonlama bitimlarni tuzish, shuningdek, laboratoriyalarni modernizatsiya qilish orqali tan olinishini ta’minlash choralarini ko‘rsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda eksport qiluvchi tomonidan zarur hujjatlar taqdim qilingan vaqtdan ko‘pi bilan bir ish kuni davomida meva-sabzavot hamda tez buziladigan mahsulotlarning eksporti uchun sertifikatlar berishni ta’minlasin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi va “O‘zbekoziqovqatxolding” XK:
meva-sabzavot mahsulotlarini eksportga yetkazib berishning asosiy nomenklaturasi bo‘yicha tashqi bozorlarning joriy va istiqboldagi kon’yunkturalarini doimiy asosda chuqur o‘rganishni;
meva-sabzavot mahsulotlari eksportining yangi istiqbolli yo‘nalishlarini aniqlash hamda turi va naviga bog‘liq holda mahalliy meva-sabzavot mahsulotlariga bo‘lgan talabni aniqlash hisobiga ularning nomenklaturasini kengaytirishni ta’minlasin.
9. “O‘zbekoziqovqatxolding” XK O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda ikki oy muddatda haqiqiy ehtiyoj hamda meva-sabzavot mahsulotlarini tashish yo‘nalishlarini chuqur o‘rganish asosida Meva-sabzavot mahsulotlarini ishlash, saqlash va tashish bo‘yicha logistika markazlarini tashkil etish dasturini ishlab chiqsin hamda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
Bunda, loyihalarning aniq ro‘yxati belgilansin, markazlarni optimal va oqilona joylashtirish, ularni tashkil etish muddatlari, xalqaro va xorijiy moliya institutlarining mablag‘lari bilan birga chet el investitsiyalarini jalb etishga alohida e’tibor qaratilsin.
10. Bojxona tartib-taomillari va eksport-import operatsiyalarini takomillashtirish bo‘yicha ishchi guruh (keyingi o‘rinlarda ishchi guruh deb yuritiladi) ilovaga muvofiq tashkil etilsin.
Ishchi guruh 2018-yil 1 fevralga qadar muddatda bojxona tartib-taomillari va eksport-import operatsiyalarini tartibga soluvchi qonun hujjatlarini xalqaro amaliyotni hisobga olgan holda takomillashtirish bo‘yicha takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
11. Tijorat banklariga meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qiluvchi xo‘jalik yurituvchi subyektlar va tayyorlov tashkilotlarining depozit hisobvaraqlaridan ularning buyurtmalari bo‘yicha meva-sabzavot mahsulotlari sotib olish uchun naqd pul mablag‘lari berishni ta’minlash tavsiya etilsin.
12. “O‘zbekoziqovqatxolding” XK import va eksport qiluvchilar uchun, shu jumladan mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan ishlab chiqariladigan mahsulotlar, ularning navi va narxlari, shuningdek, chet el xaridorlari tomonidan meva-sabzavot mahsulotlarini sotib olishga bo‘lgan talablar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan yagona axborot portalini yuritishni ta’minlasin.
13. “O‘zbekoziqovqatxolding” XK O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Tashqi savdo vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda o‘n kun muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
14. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari N.S.Otajonov ikki kun muddatda mazkur qaror talablari bajarilishining borishi ustidan ta’sirchan nazorat qilish, meva-sabzavot mahsulotlari eksportining tasdiqlangan parametrlariga erishishni tizimli monitoring qilish hamda aniqlangan muammoli masalalarni tezkorlik bilan hal qilishni ta’minlash bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralarning rahbarlari va mutaxassislaridan maxsus guruhni shakllantirsin, zarur hollarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi tomonidan qaror qabul qilish uchun asoslantirilgan takliflarni kiritsin.
15. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari J.A.Qo‘chqorov, N.S.Otajonov va Z.T.Mirzayev, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining raisi M.B.Nurmuratov, “O‘zbekoziqovqatxolding” XK raisi T.A.Jalilov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2017-yil 6-noyabr
* * *
Mamlakatning eksport salohiyatini kengaytirish, yangi bozorlarni o‘zlashtirish va byudjetga moliyaviy tushumlarni oshirish ko‘pincha meva-sabzavot mahsulotlari, uzum, poliz, dukkakli ekinlar, shuningdek, quritilgan sabzavot va mevalarni (keyingi o‘rinlarda meva-sabzavot mahsulotlari deb yuritiladi) mahalliy eksport qiluvchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratilganligiga bog‘liq bo‘ladi.
Zamonaviy bozor mexanizmlarini joriy etish va qator tovarlarni eksport qilish tartibini soddalashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilganligiga qaramasdan, meva-sabzavot mahsulotlarining eksporti hajmini ko‘paytirish va turlarini kengaytirishga to‘sqinlik qiluvchi kamchiliklar saqlanib qolmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Meva-sabzavot mahsulotlari, uzum, poliz, dukkakli ekinlar, shuningdek, quritilgan sabzavot va mevalarni mahalliy eksport qiluvchilarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan xo‘jalik yurituvchi subyektlarning meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilishi tartib-taomillarini yanada soddalashtirish, jismoniy shaxslar tomonidan ularning ishlab chiqarilishini rag‘batlantirish nazarda tutildi.
Xususan, bugungi kunda eksportga yo‘naltirilayotgan meva-sabzavot mahsulotlarining 90 foizidan ortig‘i kichik ishlab chiqaruvchilar tomonidan yordamchi xo‘jaliklarda, shu jumladan tomorqa uchastkalarida yetishtirilmoqda. Mazkur ishlab chiqaruvchilar chet el xaridorlari bilan shartnomalar tuzish va ruxsat beruvchi tartib-taomillardan o‘tishi lozimligi sababli mahsulotlarini mustaqil ravishda eksport qilish imkoniyatiga ega emas.
Shuni hisobga olgan holda, Davlat rahbarining qarori bilan tadbirkorlik subyektlariga eksport kontrakti tuzmasdan ularning to‘lovi va yetkazib berilishi bo‘yicha shartlarga rioya qilgan holda invoys asosida meva-sabzavot mahsulotlarining eksportini amalga oshirish huquqi berildi, bu xalqaro amaliyotga muvofiqdir.
Qaror bilan bojxona organlari tomonidan eksport qilinayotgan meva-sabzavot mahsulotlarining tabiiy yo‘qotish normativini hisobga olish tartibi mavjud emasligi bilan bog‘liq boshqa muammoli masala o‘z yechimini topdi. Hisobga olinmagan tabiiy yo‘qotish asossiz debitor qarzdorlik yuzaga kelishiga, tegishlicha, kelib tushmagan valyuta mablag‘larining 70 foiziga qadar miqdorda jarima qo‘llanilishiga olib kelgan.
Bundan kelib chiqqan holda, qisqa muddatda eksport qilingan meva-sabzavot mahsulotlarini saqlash, tashish va sotishda tabiiy yo‘qotish normativlari, shuningdek, ularning faktura qiymatiga tuzatishlar kiritish tartibini belgilash topshirildi.
Keyinchalik eksport qilish uchun fuqarolardan meva-sabzavot mahsulotlarini sotib olish bilan shug‘ullanadigan yuridik shaxslarning faoliyatini amalga oshirish uchun qo‘shimcha qulay shart-sharoitlar nazarda tutildi.
Xususan, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha imtiyozlar kelgusida jismoniy shaxslar tomonidan mahsulotlarning yetishtirilganligini tasdiqlovchi hujjatni taqdim qilmasdan qo‘llanilishi belgilanmoqda. Agar eksport qiluvchida oldin amalga oshirilgan eksportga yetkazib berish bo‘yicha muddati o‘tgan debitor qarzdorlik mavjud bo‘lsa, faqat muddati o‘tgan debitor qarzdorlikka yo‘l qo‘ygan chet el xaridoriga tovarlarni chiqarish ruxsat etilmaydi.
Shu bilan bir qatorda, qaror bilan meva-sabzavot mahsulotlari eksportiga bojxona yuk deklaratsiyasini rasmiylashtirish ko‘rik hujjati tuzilganidan keyin 3 soatdan ko‘p bo‘lmagan muddatda amalga oshiriladigan tartib joriy etildi.
Meva-sabzavot va tez buziladigan mahsulotlarning eksporti uchun zarur bo‘lgan sertifikat berish muddati eksport qiluvchi tomonidan hujjatlar taqdim qilingan vaqtdan boshlab bir ish kuniga qadar qisqartirildi.
Amaldagi import bojxona bojlari, aksiz solig‘i va yig‘imlar stavkalari, shuningdek, xorijiy mamlakatlardagi sanitariya normalarini tanqidiy o‘rganish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi meva-sabzavot mahsulotlarining savdosi va eksporti sohasidagi xalqaro shartnomalari inventarizatsiyadan o‘tkaziladi. Uning yakunlari bo‘yicha yangi xalqaro shartnomalar tuzish va amaldagilarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha takliflar tayyorlanadi.
Shuningdek, Davlat rahbari tomonidan O‘zbekiston Respublikasida berilgan muvofiqlik sertifikatlarining mahalliy meva-sabzavot mahsulotlari asosiy iste’mol qilinadigan davlatlarda tan olinishi, shuningdek, laboratoriyalar modernizatsiya qilinishini ta’minlash choralarini ko‘rish topshirilgan. Mazkur topshiriqning amalga oshirilishi mahalliy yetkazib beruvchilar xorijiy bozorlarda ularning mahsulotlari meva-sabzavot mahsulotlarini potensial import qiluvchi ko‘pgina mamlakatlar standartlari, sanitariya va fitosanitariya talablariga muvofiq kelmasligi bilan bog‘liq kamchiliklarni bartaraf etish imkonini beradi.
Qarorda meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish sohasida infratuzilmalarni yaratish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga alohida e’tibor qaratildi.
Ushbu maqsadda haqiqiy ehtiyoj hamda xalqaro va xorijiy moliya institutlarining chet el investitsiyalari hisobiga meva-sabzavot mahsulotlarini tashish yo‘nalishlarini o‘rganish asosida meva-sabzavot mahsulotlarini ishlash, saqlash va tashish bo‘yicha logistika markazlari tashkil etiladi.
Hozirgi vaqtda mahalliy ishlab chiqaruvchilar yetishtirgan mahsulotlari, ularning navi va narxlari, shuningdek, chet el xaridorlari tomonidan ularni sotib olish uchun buyurtmalari to‘g‘risidagi foydalanilayotgan tarqoq axborot bazalari import va eksport qiluvchilar uchun yagona portalga birlashtiriladi.
Meva-sabzavot mahsulotlarining eksportini rivojlantirish bo‘yicha qayd etilgan chora-tadbirlar bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan ishchi guruh tashkil etildi va unga 2018 yil 1 fevralga qadar milliy bojxona tartib-taomillari va eksport-import operatsiyalarini xalqaro amaliyotni hisobga olgan holda takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha takliflar tayyorlash va Hukumatga kiritish vazifasi yuklatildi.
Mazkur qaror tashqi iqtisodiy faoliyatni yanada liberallashtirish va meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qiluvchi mahalliy ishlab chiqaruvchilarning ish sharoitlarini yaxshilash imkonini beradi.