O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 3-noyabrda imzolagan farmoni va qaroriga sharh

2017-11-06 | Hujjatlar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Maxsus turdagi tovarlar eksporti va importini litsenziyalash, shuningdek, eksport kontraktlarini ro‘yxatga olish va import kontraktlarini ekspertizadan o‘tkazishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tashqi savdo faoliyatini yanada erkinlashtirish va tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga 
SHARH

Mamlakatimizda iqtisodiyotni erkinlashtirish, tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, tashqi savdo operatsiyalarini boshqarish mexanizmlarini takomillashtirish, eksportni rag‘batlantirish va kengaytirishga doir tizimli ishlar izchil amalga oshirilmoqda. 

Joriy yil boshidan buyon tashqi savdo operatsiyalarini amalga oshirish tartib-taomillarini soddalashtirishga va eksport qiluvchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. 

Valyutani tartibga solish bo‘yicha bozor mexanizmlarining joriy etilishi eksport qiluvchi korxonalar real daromadlarini va ularning tashqi savdo bozorlarida raqobatbardoshligini oshirish imkonini berdi. 

Shu bilan birga, xalq bilan ochiq muloqot, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan, jumladan, keng doiradagi tadbirkorlik subyektlari bilan o‘tkazilayotgan uchrashuvlar hali ham ortiqcha bo‘g‘inlar, to‘siqlar, zamonaviy talablarga javob bermaydigan va mahalliy tadbirkorlarning tashqi savdo faoliyatida ishtirok etishiga to‘sqinlik qilayotgan turli idoraviy yo‘riqnomalar va normativ hujjatlar mavjudligidan dalolat bermoqda. 

Shu munosabat bilan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalardan kelib chiqib va to‘plangan tajriba, tadbirkorlik subyektlari turli toifalarining takliflarini va ilg‘or xalqaro tajribani o‘rganish natijalarini hisobga olgan holda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Maxsus turdagi tovarlar eksporti va importini litsenziyalash, shuningdek, eksport kontraktlarini ro‘yxatga olish va import kontraktlarini ekspertizadan o‘tkazishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmon va “Tashqi savdo faoliyatini yanada erkinlashtirish va tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror imzolandi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonida maxsus turdagi tovarlarni eksport va import qilish, eksport kontraktlarini ro‘yxatga olish, shuningdek, import kontraktlarini ekspertizadan o‘tkazish va tender hujjatlarini baholash tartibini yanada takomillashtirish nazarda tutilmoqda. 

Xususan, eksport-import tartib-taomillarini optimallashtirish va maxsus turdagi tovarlarni eksport hamda import qilish uchun litsenziyalar berish funksiyalarini yagona organda birlashtirish maqsadida Farmonda litsenziyalash funksiyalarini O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligidan Vazirlar Mahkamasiga o‘tkazish nazarda tutilgan. Bunda zargarlik buyumlari, qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlar, qimmatbaho toshlar hamda ulardan tayyorlangan buyumlar litsenziyalanadigan tovarlar ro‘yxatidan chiqarilgan. 

Bundan tashqari, bir-birini takrorlaydigan tartib-taomillarni istisno qilish maqsadida Farmonda import shartnomalarini O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi tomonidan ekspertizadan o‘tkazishga doir amaldagi tartibni soddalashtirish hamda unga o‘zgartirishlar kiritish nazarda tutilmoqda. Jumladan, qiymati 100 ming AQSh dollaridan kam miqdordagi import kontraktlarini ekspertizadan o‘tkazish tartib-taomillari bekor qilinmoqda. 

Shuningdek, tender (tanlov) savdolarini o‘tkazish davrida bir vaqtning o‘zida tender (tanlov) hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazish yoki tender (tanlov) takliflarini baholash tartibini joriy qilgan holda, tender (tanlov) savdolari natijalari bo‘yicha tuzilgan qiymati 100 ming AQSh dollaridan ortiq bo‘lgan import kontraktlarini ham ekspertizadan o‘tkazish bekor qilinmoqda. Bunda tender (tanlov) savdolari natijalari bo‘yicha tuzilgan import kontraktlari qo‘shimcha ekspertizadan o‘tkazilmasdan hisobga qo‘yiladi. 

Farmonda mamlakatimizning iqtisodiy manfaatlarini ta’minlash maqsadida Hukumat qarorlari va hukumatlararo bitimlar asosida tuzilgan, shuningdek, cheklangan ro‘yxat bo‘yicha maxsus turdagi va xomashyo tovarlarini eksport qilish kontraktlarini O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligida ro‘yxatdan o‘tkazish tartib-taomilini saqlab qolish nazarda tutilmoqda. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga muvofiq eksport qiluvchi korxonalar, ularning yangi, shu jumladan, istiqbolli xorijiy savdo bozorlarini faol o‘zlashtirishi uchun qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan bir qator chora-tadbirlar joriy etilmoqda. 

Chunonchi, eksport operatsiyalar bo‘yicha muddati o‘tgan debitorlik qarzi hosil bo‘lishini hisoblash muddati uzaytirilib (60-90 kundan), hisoblashning yagona muddati belgilanmoqda, ya’ni mahsulot eksportga jo‘natilgan kundan boshlab 120 kun etib belgilanmoqda. 

Bunda O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari – muassislar tomonidan chet eldagi tashkilotlariga (savdo uylari, savdo vakolatxonalari, shu’ba korxonalari, firma do‘konlari, dilerlik tarmoqlari va konsignatsiya omborlariga), shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi a’zolari tomonidan – Palataning savdo-investitsiya uylariga olib chiqib ketiladigan tovarlar bo‘yicha to‘lovlar kelib tushishining amaldagi muddatlari (180 kun) saqlab qolinadi. 

Yevropa ittifoqi davlatlari, Turkiya, Xitoy va bir qator MDH mamlakatlarining (Rossiya, Qozog‘iston, Belarus) tashqi savdoni tartibga solish sohasidagi ilg‘or tajribasini o‘rganish ushbu davlatlarda tadbirkorlik subyektlari o‘z mablag‘laridan erkin, o‘z ixtiyoriga ko‘ra va cheklovlarsiz foydalanishi, eksport qilish shakllari hamda to‘lov muddatlarini tanlashi mumkinligini, shuningdek, tovarlarni tashqi savdo kontraklarini tuzmasdan eksport qilish huquqiga ega ekanligini ko‘rsatmoqda. 

Shu munosabat bilan, shuningdek, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni normalaridan kelib chiqib, tadbirkorlik subyektlariga o‘z mablag‘larini erkin tasarruf etish bo‘yicha berilgan huquqlar inobatga olingan holda, qarorga muvofiq shunday tartib joriy etilmoqda, unga ko‘ra tovarlar, ishlar va xizmatlarni oldindan to‘lov to‘lamasdan, akkreditiv ochmasdan, bank kafolatini rasmiylashtirilmasdan va sug‘urta polisisiz xorijiy valyutada eksport qilishga ruxsat etilmoqda, yangi meva-sabzavot mahsulotlari va ayrim turdagi xomashyo tovarlari bundan mustasno. 

Qarorda chegara oldi savdosini rivojlantirish va eksport tartib-taomillarini soddalashtirish maqsadida tadbirkorlik subyektlariga 2017-yil 1-dekabrdan boshlab, tovarlar (xomashyo tovarlaridan tashqari), ishlar va xizmatlarni eksport qiluvchilarning O‘zbekiston Respublikasi banklaridagi hisobraqamlariga oldindan 100 foiz to‘lov to‘langandan so‘ng eksport kontrakti tuzmasdan invoyslar asosida eksport qilish huquqi ham berilmoqda. 

Bunda yangi meva-sabzavot, uzum, poliz, dukkakli mahsulotlar, shuningdek, quritilgan sabzavotlar va mevalarni eksport qilishga nisbatan qonun hujjatlariga muvofiq alohida talablar belgilanmoqda. 

Shuningdek, qarorda tashqi savdo faoliyatining barcha ishtirokchilari uchun teng sharoitlar yaratish, eksportdan valyuta tushumlarining tushish muddatlari obyektiv sabablarga ko‘ra kechiktirilgan holatlarda eksport qiluvchilarga nisbatan moliyaviy sanksiyalarni asossiz qo‘llashga yo‘l qo‘ymaslik, eksport-import operatsiyalarini amalga oshirish tartib-taomillarini soddallashtirish maqsadida: 

muddati o‘tgan debitorlik qarzi hosil bo‘lishiga yo‘l qo‘yilganligi uchun ham eksport qiluvchilarga ham import qiluvchilarga nisbatan javobgarlik choralarini qo‘llash bo‘yicha yagona yondashuvni qo‘llash; 

bartaraf etib bo‘lmaydigan holatlar (fors-major) davrida xorijiy valyutadagi tushum tushishining muddatini ushbu davrga uzaytirish; 

eksport kontrakti bo‘yicha debitorlik qarz miqdorini tovarlar, ishlar va xizmatlarni eksport qiluvchi hisobraqamiga tushgan sug‘urta qoplamasi miqdoriga kamaytirish; 

O‘zbekiston Respublikasining bojxona hududiga bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar qo‘llangan holda olib kirilayotgan tovarlarning bojxona qiymatini tasdiqlash uchun import qiluvchilar tomonidan bojxona yuk deklaratsiyasini majburiy taqdim etish; 

“vaqtincha olib kirish” bojxona rejimida bo‘lgan tovarlarni qayta eksport qilish uchun davlat bojxona xizmati organlari tomonidan ruxsatnoma berishga doir talabni bekor qilish; 

mas’ul vazirliklar va idoralar tomonidan berilgan sertifikatlar va ruxsat berish tusidagi hujjatlar to‘g‘risidagi axborotlarning unifikatsiyalashtirilgan “Yagona darcha” bojxona axborot tizimiga o‘z vaqtida va to‘liq hajmda kiritilishi nazarda tutilmoqda. 

Farmon va qarorning amalda bajarilishi eksport-import operatsiyalarini amalga oshirish sohasidagi mavjud to‘siqlar va cheklovlarga barham berish, eksport salohiyatini, eng avvalo, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik korxonalarining mavjud eksport salohiyatini keng ro‘yobga chiqarish, ular tomonidan eksport qilinadigan mahsulotlar turlarini va geografiyasini kengaytirish imkonini beradi.

Поделиться