O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yo‘l-transport hodisalari kamaymoqda
2017-11-03 | Jamiyat
Mamlakatimizda payshanba kunlari o‘tkazilayotgan profilaktika tadbirlari jinoyatchilik va huquqbuzarliklar, xususan, yo‘l-transport hodisalarining oldini olishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Prezidentimizning 2017-yil 11-iyuldagi “Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida Sirdaryo viloyatida ham muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
Sardoba tumanida har haftaning payshanbasida profilaktika tadbirlari, har shanba kuni tuman IIB yo‘l harakati xavfsizligi bo‘linmasi tomonidan qo‘shma reydlar o‘tkazilayotir. Bu yo‘l-transport hodisalari soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan sezilarli darajada kamayishiga xizmat qildi.
Tuman IIB yo‘l harakati xavfsizligi bo‘linmasi xodimlari tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida 364 yo‘l harakati qoidabuzarligi aniqlangan. Jumladan, mast holda, xavfsizlik kamarini taqmasdan, hujjatsiz transport vositasini boshqarish, avtomobilni boshqarayotgan paytda uyali aloqa vositasidan foydalanish, belgilangan tezlikni oshirish va piyodalar tomonidan qoida buzilish holatlari qayd etilgan.
Joriy yilning o‘tgan 10 oyi davomida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisalari soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 5 taga kamaygan.
Tumandagi kasb-hunar kollejlari, umumta’lim maktablari, korxona va tashkilotlar, mahalla fuqarolar yig‘inlarida yo‘l harakati qoidalarini o‘rgatish, yo‘l-transport hodisalarining oldini olish borasida profilaktika tadbirlari o‘tkazilib, qoidabuzarlik holatlari keng jamoatchilik o‘rtasida atroflicha muhokama qilinmoqda.
– Ayni paytda qish mavsumida xodimlarimiz hushyorligini yanada oshirish, yo‘l-transport hodisalarining oldini olish uchun barcha zarur chora-tadbirlar ko‘rilib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish ustida ish olib borilmoqda, – deydi Sardoba tumani IIB yo‘l harakati xavfsizligi bo‘linmasi katta inspektori, mayor B.Xolmurodov. – Asosiy maqsadimiz, yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, fuqarolar xavfsizligini ta’minlashdan iborat. Ana shu maqsadda tumanimiz hududida 46 turli yo‘l belgilari o‘rnatilib, yaroqsiz holga kelgan 45 yo‘l belgisi yangisiga almashtirildi. Ichki yo‘llarning 400 kilometri kapital, 78 kilometri joriy ta’mirdan chiqarildi. Tuman markazidagi Do‘stlik va Sharq ko‘chalari kesishgan joyga yangi zamonaviy svetofor o‘rnatildi. Mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan mutasaddi idoralarga 8 taqdimnoma kiritildi.