O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Kuch-qudratimiz, salohiyatimiz timsoli

2015-04-03 | Jamiyat

"...Samarqand shahrida o'rnatiladigan haykalning dastlabki varianti ham hozirgidan biroz boshqacha edi. Unda sohibqiron qo'lida qilich ushlagan qiyofada tasvirlangan edi. Men bu masalaga bag'ishlangan so'nggi muhokamalarning birida bunday yechimga e'tiroz bildirib, "To'g'ri, Amir Temur davlat boshqaruvida harbiy kuchga ham tayangan, ammo uning o'nta ishdan to'qqiztasini kengashu mashvarat bilan, qolgan bittasini qilich bilan bitirdim, degan so'zlarini unutmaslik kerak", deb, qilichni Sohibqironning yonida, qiniga solingan holatda aks ettirish lozimligini ta'kidladim. Chunki shunda uning siymosida, men xalqimning himoyasi, yurtimning mudofaasi uchun har lahzada kurashga tayyorman, lekin dunyoda tinchlik-barqarorlik hukmron bo'lishini istayman, degan g'oya o'z ifodasini topgan bo'lar edi".

Samarqand shahri markazida salobat to'kib turgan Amir Temur siymosiga boqqanimda Prezidentimizning "Yuksak ma'naviyat – yengilmas kuch" asarida qayd etilgan ushbu so'zlar yodimga tushadi. Bunday qarash, munosabat davlatimizning bugungi siyosati ham tinchliksevarlik, xalqparvarlik va millatlararo totuvlik asosiga qurilganini anglatadi.

Zero, insonning kuch-qudrati va salohiyati uning aqlu tafakkuri, bunyodkorlik ishlari bilan belgilanadi. Kuch – adolatda, bilim va tafakkurda ekanligini tarix ham, bugungi dunyo sivilizatsiyasi ham ko'rsatib turibdi-ku.

– Qariyb yetti asrki, buyuk Sohibqiron bobomizning hayoti va davlatchilik faoliyati, amalga oshirgan bunyodkorlik ishlari dunyo ahlini qiziqtirib, hayratga solib keladi, – deydi O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Arxeologiya instituti direktori Amriddin Berdimurodov. – Ayniqsa, Sohibqironning Samarqandni Buyuk ipak yo'lining chorrahasi, ilm-fan va madaniyat markaziga aylantirish borasidagi xizmatlari beqiyos. Amir Temur Samarqandni saltanat poytaxtiga aylantirishga qaror qilib, bu shaharga kelganida shaharning na mudofaa devori va na biror bir hashamatli saroyi bo'lgan. Mo'g'ullar Samarqandning qadimgi o'rni – Afrosiyobni shu darajada vayron qilganki, uni tiklashning ham, bu joyda yashashning ham imkoni bo'lmagan. Shu bois 1370-yilning kuzida Amir Temur Samarqandda katta qurultoy chaqirib, barcha amiru beklar, lashkarboshilar, olimu fuzalolarni chorlaydi. Qurultoyda mo'g'ullar tomonidan tanazzulga uchratilgan davlatchilikni tiklash, poytaxt va mamlakatni obod qilish, iqtisodiy islohotlar o'tkazib xalqning ahvolini yaxshilash, mamlakatning mudofaa qudratini oshirish kabi muhim masalalar belgilanadi. Bu ishlarni xalqning qaddini, g'ururini tiklash, ma'naviyatini oshirmasdan boshlab bo'lmasligini Sohibqiron anglab, Movarounnahrda yashab o'tgan olimu fuzalolarning xotirasini tikladi, ularning qabrlari ustiga hashamatli maqbaralar barpo qildi, asarlarini ko'p nusxada qayta ko'chirtirdi. Maktab va madrasalar, masjid va xonaqohlar, kutubxonalar bunyod qildi. Oqsaroy, Ko'ksaroy va Bo'stonsaroy kabi mahobatli saroylar qurdirib, bir-biridan ko'rkam bog'lar tashkil etdi va bu xalq nimalarga qodir ekanini amalda ko'rsatdi. Bu xalqning, bu davlatning kuch-qudratiga shubha qilganlarni ana shu inshootlarga, imoratlarga boqishga da'vat etdi.

Tarixda o'xshashliklar bor. Amir Temurdan so'ng oradan olti asr o'tib, Samarqand yana ulkan qurilish-bunyodkorlik maydoniga, yirik madaniyat markaziga aylandi.

– Amir Temur tavalludining 660-yilligi munosabati bilan Samarqand shahrida, xususan, Sohibqiron maqbarasi atrofida juda katta hajmda qurilish-bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi – deydi "Nuroniy" jamg'armasi Samarqand viloyati bo'limi raisi Hasan Normurodov. – Avvalgi tuzum mafkurasi ta'sirida turli bino va inshootlar qurshovida, ta'bir joiz bo'lsa, soyasida qolib ketgan, yashirilgan Amir Temur va Ruhobod maqbaralari, uning yaqinidagi tarixiy masjid atrofi ochilib, ko'rkam xiyobon tashkil etildi. Bir-biridan go'zal favvoralar qurildi, minglab daraxt ko'chatlari o'tqazildi. Yangi xiyobonda Amir Temur haykalini o'rnatish rejalashtirilgan bo'lib, bu masalada arxitektor va boshqa mutaxassislar tomonidan ko'plab takliflar bildirildi, loyihalar ishlab chiqildi. Lekin bu loyihalarning aksariyatida tanlangan joy yangi xiyobonga yarashmas yoki boshqa jihatlari bilan mos kelmas edi. Uzoq muhokamalardan so'ng Prezidentimiz tashabbusi bilan Sohibqiron siymosini mazkur xiyobonga qarab turgan holda Universitet xiyoboni boshida o'rnatishga qaror qilindi. Ana shu oqilona qaror tufayli ulug' bobomiz haykali munosib o'rin topdi. Ushbu monumentda buyuk bobokalonimiz go'yoki o'zi bunyod etgan binolarga mamnun boqib turgandek, yurtdagi tinchlik-barqarorlikning himoyachisidek taassurot qoldiradi.

1996-yil 18-oktabr kuni haykalning ochilish marosimida Prezidentimiz Islom Karimov Samarqand shahar bayrog'iga Amir Temur ordenini qadab, bu sanani shahar kuni sifatida nishonlashni taklif etdi. Shundan buyon samarqandliklar 18-oktabrni Samarqand shahri kuni sifatida keng nishonlaydi. Tadbirlar Amir Temur maqbarasini ziyorat qilish va Sohibqiron haykali poyiga gullar qo'yish bilan boshlanadi.

Yurtboshimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan va 1997-yildan buyon har ikki yilda an'anaviy ravishda o'tkazib kelinayotgan "Sharq taronalari" xalqaro musiqa festivali ishtirokchilarining ham Samarqand bilan dastlabki tanishuvi Amir Temur haykali poyiga anvoyi gullar qo'yish bilan boshlanishi an'anaga aylangan. Bu ham ulug' bobomizning o'z davrida Samarqandni yirik ilm-fan va madaniyat markaziga aylantirgani, dunyo tamadduni rivojiga qo'shgan ulkan hissasining e'tirofi deyish mumkin. Sohibqiron tavallud topgan kun va boshqa muhim sana, bayramlar ham ushbu muazzam maydondan boshlanib, butun viloyat bo'ylab davom etadi.

Поделиться