O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“Innovatsiya faoliyati to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi
2017-11-02 | Jamiyat
Poytaxtimizdagi “Taraqqiyot strategiyasi” markazida O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligi hamkorligida “Innovatsiya faoliyati to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi.
Unda deputatlar, partiya faollari, ekspertlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
“Adolat” SDP siyosiy kengashi raisi N.Umarov, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori A.Burhonov, O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari O.Parpiyev va boshqalar mamlakatimizda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish, “Elektron hukumat” tizimini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 30 iyundagi “Respublikada axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirish uchun shart-sharoitlarni tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan tashkil qilingan Axborot texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy qilishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha “Mirzo Ulugbek Innovation Center” innovatsiya markazi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida ishlab chiqarish, ta’lim va ilm-fan integratsiyasini chuqurlashtirish, shuningdek, iqtisodiyotning yuqori texnologik sohalari rivojida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Poytaxtimiz tumanlarida faoliyat yuritayotgan va tashkil etilayotgan texnoparklar bu boradagi ishlarni yanada rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Tadbirda ilm-fan egalariga qaratilgan e’tibor, ularni moddiy-ma’naviy rag‘batlantirish bo‘yicha joriy etilgan mexanizmlar soha xodimlari faoliyati samaradorligiga xizmat qilayotgani qayd etildi.
“Adolat” sotsial-demokratik partiyasi saylovoldi dasturida ham innovatsion faoliyatning me’yoriy-huquqiy bazasini takomillashtirish, innovatsiya va innovatsion infratuzilmalarning yagona vakolatli organini ta’sis etish, davlat byudjeti, korxona va tashkilotlarning moliyaviy qo‘yilmalari, homiylik va xayriya mablag‘lari hisobidan innovatsiya jamg‘armasini tuzish belgilangan. Iqtisodiyot sohalarida xususiy biznes ishtirokida uncha katta bo‘lmagan va qisqa muddatda o‘zini oqlaydigan innovatsion loyihalarni joriy etish masalalariga e’tibor qaratilgan.
Ushbu vazifalar ijrosini taminlash maqsadida tuzilgan ishchi guruh tomonidan “Innovatsiya faoliyati to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi va ijtimoiy tarmoqlarda, ta’lim muassasalarida, mutaxassislar hamda keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilinmoqda. Ishchi guruhga qonun loyihasini takomillashtirish borasida hozirgacha ikki yuzga yaqin taklif va murojaat kelib tushdi.
Mazkur qonun loyihasi sohaga doir atamalarni bir xil talqin qilishga imkon beruvchi tushuncha va me’yorlarni o‘z ichiga olgan. Uning muhim jihatlaridan yana biri innovatsion faoliyat sohasida davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari aniq aks ettirilganidadir. Shuningdek, qonun loyihasida innovatsiyalar sohasida davlat siyosatini amalga oshirish bo‘yicha organlar hamda ularning vakolatlari, ilmiy va innovatsiyaviy faoliyat subyektlari, ularning huquq va majburiyatlari aniq bayon etilmoqda.
Tadbirda ishtirokchilarga qonun loyihasi haqida ma’lumot berildi va ularning fikr-mulohazalari o‘rganildi.