O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Maktabgacha ta’lim vazirligi: sohada yangi tizim va amaliyot joriy etiladi

2017-10-31 | Jamiyat

Poytaxtimizdagi Yoshlar press klubida O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi va boshqa tashkilotlar mutasaddilari ishtirokida muloqot bo‘lib o‘tdi.

Unda maktabgacha ta’lim vaziri Agrippina Shin, xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Dilshod Kenjayev, shuningdek, maktabgacha ta’lim muassasalari mudirlari, tarbiyachilar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi. 

Maktabgacha ta’lim tizimi uzluksiz ta’limning birlamchi, eng asosiy bo‘g‘inidir. Mutaxassislarning ilmiy xulosalariga ko‘ra, inson o‘z umri davomida oladigan barcha axborot va ma’lumotning 70 foizini 5 yoshgacha bo‘lgan davrda oladi. Shu bois bolalarning sog‘lom va bilimli, yetuk kadrlar bo‘lib voyaga yetishida bog‘cha tarbiyasi juda muhim o‘rin tutadi. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bu tizimga alohida e’tibor qaratmoqda. Shu masalaga doir bir necha yig‘ilish o‘tkazildi, tarixiy qarorlar qabul qilinmoqda. 

Davlatimiz rahbari raisligida joriy yil 16 avgust kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda maktabgacha ta’lim tizimini tarkibiy jihatdan tubdan isloh qilish, mazkur muassasalarga bolalarni to‘la qamrab olish bo‘yicha muhim vazifalar qo‘yilgan edi. Bu boradagi tahlillar natijasida qisqa vaqtda uchta yirik hujjat – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 9 sentyabrdagi “Maktabgacha ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori, 30 sentyabrdagi “Maktabgacha ta’lim tizimi boshqaruvini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda “O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. 

Ularda maktabgacha ta’lim tizimini kompleks rivojlantirish, bolalarni sog‘lom va barkamol etib tarbiyalashning barcha jihatlari belgilab berildi. Xususan, yangi tuzilgan Maktabgacha ta’lim vazirligi oldiga shu soha bo‘yicha davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish, maktabgacha ta’lim muassasalari davlat va nodavlat tarmog‘ini kengaytirish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ularni malakali pedagog kadrlar bilan ta’minlash, maktabgacha ta’lim muassasalariga bolalarni qamrab olishni keskin oshirish, ta’lim-tarbiya jarayonlariga zamonaviy ta’lim dasturlari va texnologiyalarini tatbiq etish orqali bolalarni har tomonlama intellektual, ma’naviy-estetik, jismoniy rivojlantirish hamda ularni maktabga tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash vazifalari qo‘yildi. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yil 19 oktyabr kuni maktabgacha ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda “Qaysi sohani olmaylik, biz zamonaviy yetuk kadrlarni tarbiyalamasdan turib biron-bir o‘zgarishga, farovon hayotga erisha olmaymiz. Bunday kadrlarni, millatning sog‘lom genofondini tayyorlash, avvalo, maktabgacha ta’lim tizimidan boshlanadi”, deb ta’kidladi. 

Muloqotda Prezidentimizning farmon va qarorlari mazmun-mohiyati, belgilagan chora-tadbirlarning ko‘lami va ahamiyati haqida so‘z yuritildi. Maktabgacha ta’lim muassasalarining bugungi holati va ularga bolalarni to‘liq qamrab olish istiqbollari muhokama markazida bo‘ldi. 

– Maktabgacha ta’lim vazirligining tashkil etilishi dunyo tajribasida hali kuzatilmagan, – dedi maktabgacha ta’lim vaziri Agrippina Shin. – Albatta, o‘tgan yillarda mamlakatimizda bu sohada qator tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar amalga oshirildi. Ammo o‘tkazilgan tahlillar maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyatining samarasi yetarli darajada emasligini ko‘rsatdi. Masalan, mamlakatimizda aholi nufusi ortib borgan so‘nggi 20 yil davomida davlat tasarrufidagi maktabgacha ta’lim muassasalari 45 foizdan ziyodroq kamaygan. Bolalarning mazkur dargohlarda qamrab olinishi bugungi kunga kelib atigi 30 foizni tashkil etmoqda. 

Maktabgacha ta’lim tizimining qanchalik muhim ahamiyatga ega ekanini Prezidentimizning bog‘cha tarbiyasini olgan bola bilan bog‘chaga bormagan bolaning fikrlash darajasi o‘rtasidagi farq xususidagi fikrlaridan ham bilish mumkin. Darhaqiqat, bugun maktabgacha ta’lim tizimini qayta ko‘rib chiqish masalasi davlat siyosati darajasidagi masalalardan biriga aylandi. Davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori mamlakatimiz ta’lim sohasida yangi tizimni yaratish va butun ta’lim tizimida sifat o‘zgarishiga erishish, ta’limning uzluksizligini ta’minlash imkonini beradi. 

Muloqotda sohada kuzatilayotgan kamchilik va muammolarni bartaraf etish yuzasidan ko‘riladigan chora-tadbirlarga alohida e’tibor qaratildi. 

– Prezidentimiz qarori sohada yangi o‘zgarishlar jarayonini boshlab berdi, – dedi Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi 4-maktabgacha ta’lim muassasasi mudirasi U.Ashrapova. – Unda maktabgacha ta’lim tizimi tarmog‘ini kengaytirish, muassasalar moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ta’lim jarayoniga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish, bunda rivojlangan davlatlar tajribasini hisobga olish kabi muhim vazifalar belgilangan. Endilikda bolalarni bog‘chalarga qamrab olishning mutlaqo yangi va maqsadli dasturlari hayotga joriy etiladi. Qarorda sohada faoliyat yuritayotgan kadrlarni moddiy rag‘batlantirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratilgani bizga bo‘lgan e’tiborning yuksak namunasi bo‘ldi. 

Maktabgacha ta’lim muassasalari xodimlarini moddiy rag‘batlantirish darajasi pastligi malakali kadrlarni jalb qilish imkonini bermasdi. Maktabgacha ta’lim vazirligi bu borada ham sezilarli o‘zgarishlar bo‘lishini ma’lum qildi. Soha xodimlarining ish haqi oshirilib, ularni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy himoyasini kuchaytirish bo‘yicha aniq manzilli chora-tadbirlar ko‘riladi. Bundan ko‘zlangan maqsad – bolalarni tarbiyalash va sohani har tomonlama rivojlantirish masalalarini professional darajada hal etishga qodir yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilishdir. 

Bugungi kunda mamlakatimizda mavjud 4 ming 893 ta davlat maktabgacha ta’lim muassasasida 706 mingdan ziyod bola qamrab olingan. Ushbu sohada har tomonlama sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazishga o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelayotgan 57 mingdan ortiq mutaxassis mehnat qilayotgan bo‘lsa, shundan 85 foizini o‘rta ma’lumotli kadrlar tashkil etadi. Bu bolalarni maktab ta’limiga talab darajasida tayyorlash imkonini bermaydi. 

Prezidentimizning yuqorida qayd etilgan qarori bilan tasdiqlangan Maktabgacha ta’lim tizimini tanqidiy o‘rganish bo‘yicha komissiya zimmasiga maktabgacha ta’lim tizimining oliy ma’lumotli kadrlarga ehtiyojini hududlar bo‘yicha o‘rganish va tahlil natijalariga ko‘ra pedagogik yo‘nalishga ixtisoslashtirilgan oliy ta’lim muassasalariga maqsadli qabul kvotalari bo‘yicha takliflar tayyorlash vazifasi qo‘yilganining sababi ham shunda. 

Maktabgacha ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari Sobitxon Turg‘unovning qayd etishicha, bugun yangi vazirlik yuqori malakali pedagog kadrlar hamda tarbiyachilarni ta’lim-tarbiya jarayoniga jalb qilish, sohada ishlayotgan rahbarlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish, maktabgacha ta’lim muassasalari davlat va nodavlat tarmog‘ini kengaytirish orqali sohada sog‘lom raqobat muhitini yaratish, ta’lim-tarbiya jarayoniga zamonaviy ta’lim dasturlari va texnologiyalarini tatbiq etishni o‘z faoliyatining asosiy mezoni sifatida belgilagan. 

Prezidentimizning shu yil 9 sentyabrdagi “Maktabgacha ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida sohada davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari ilk bor joriy etiladi. Bunda xususiy sektorlar soliq, boj to‘lovlarida, uzoq muddatli va maqbul shartlarda kreditlar olish kabi qator imtiyozlarga ega bo‘ladi. Bunday sa’y-harakatlar tufayli maktabgacha ta’lim muassasalarida hammabop narxlar ta’minlanadi. Olis hududlarda ham 5-6 yoshli bolalarni maktabgacha ta’lim muassasalarida to‘liq qamrab olish va ularni maktabga tayyorlash uchun mamlakatimiz hududlarida qo‘shimcha 50, 70, 100, 120 va 150 o‘rinli davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalari barpo etiladi, qisqa muddatli – 3-4 soatli guruhlar faoliyati yanada kengaytiriladi. Zamonaviy ta’lim-tarbiya usulida olib boriladigan mashg‘ulotlarda o‘quv-metodik va didaktik adabiyotlardan keng foydalangan holda tarbiyalanuvchilarning bilimi va ma’naviy-axloqiy darajasini yanada yuksaltirish ko‘zda tutilgan. 

Sog‘lom avlod tarbiyasida to‘g‘ri ovqatlanish ham muhim sanaladi. Tadbirda maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalarning ratsional va belgilangan me’yorlar asosida ovqatlanishini ta’minlash, yosh xususiyatlarini inobatga olish, bunda yuqori malakali kadrlarni tayyorlash va jalb etish borasidagi ishlar haqida atroflicha fikr yuritildi. 

– Maktabgacha ta’lim muassasalariga tayyor va yarim tayyor oziq-ovqatlarni yetkazish tizimi qayta ko‘rib chiqilmoqda, – dedi S.Turg‘unov. – Bu jarayonda uzluksizlikni, belgilangan standart va sifatni ta’minlashga katta e’tibor qaratiladi. Shu bois sohaga tadbirkorlar ham jalb qilinadi. Mutaxassislar oziq-ovqatlarning foydali elementlarga boyligi, shifokorlar bolalarning o‘sish sur’atlarini kuzatib boradi. 

Maktabgacha ta’lim vaziri o‘rinbosari Gulchehra Yo‘ldosheva tizimda ochiqlikni ta’minlash maqsadida har bir muassasada Maktabgacha ta’lim muassasasi kengashi tashkil etilishini ta’kidladi. Uning tarkibiga pedagogik kadrlardan tashqari mahalla faollari, ota-onalar, Yoshlar ittifoqi faollari va manfaatdor tashkilotlar rahbarlari jalb etiladi. Maktabgacha ta’lim sifati monitoringini yuritish, tuzilmaviy va tashkiliy jihatdan takomillashtirish maqsadida Maktabgacha ta’lim vazirligining veb-sayti ishga tushiriladi. 

Tarbiyachi va bolalar uchun yangi o‘quv-metodik va didaktik adabiyotlar nashr etiladi. Maktabgacha ta’lim muassasalariga malakali shifokorlar, dori-darmon va tibbiyot buyumlari, sanitariya-gigiyena vositalari ajratiladi. Shuningdek, ta’lim muassasalari bosqichma-bosqich zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va zarur texnika vositalari bilan ta’minlanadi. 

Muxtasar aytganda, Prezidentimiz tomonidan bolalarni maktabgacha ta’lim muassasalariga to‘liq qamrab olish, ularni intellektual va jismoniy jihatdan rivojlangan etib tarbiyalash bo‘yicha zamonaviy tizim yaratib berildi. Tegishli vazirlik va idoralar hamkorligida bu borada ishlar boshlab yuborildi. 

Anjuman ishtirokchilari mamlakatimiz maktabgacha ta’lim tizimining istiqbollari, sohaga oid yangilik va o‘zgarishlar haqidagi savollariga javob oldi.

 

Ulug‘bek Shonazarov, O‘zA

Поделиться