O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston va Ukraina rassomlar nigohida
2017-10-30 | Madaniyat
Toshkent Fotosuratlar uyida O‘zbekiston va Ukraina o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganligining 25 yilligiga bag‘ishlab "O‘zbekiston va Ukraina rassomlar nigohida" deb nomlangan ko‘rgazma ochildi.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi A.Nuriddinov, Ukrainaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Yu.Savchenko va boshqalar o‘zbek va ukrain xalqlari o‘rtasidagi ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlik rivojlanib borayotganini qayd etdi.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro ishonchli va manfaatli aloqalar san’at sohasi, xususan, tasviriy san’at yo‘nalishida o‘z ifodasini topayotir. Muxlislar e’tiboriga havola etilgan mazkur ko‘rgazma ana shunday do‘stlik rishtalari samarasidir.
– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning barcha davlatlar bilan o‘zaro hamkorlik va do‘stlik aloqalarini mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlari diqqatga sazovordir, – deydi “Slavutich” ukrain milliy madaniy markazi raisi Vladimir Boyko. – Davlatlar hamjihatligi va birdamligi xalqlarimiz osoyishtaligi va farovon hayotini ta’minlashga xizmat qiladi. Mazkur ko‘rgazma O‘zbekiston va Ukraina o‘rtasidagi hamkorlikning kundan-kunga mustahkamlanib borayotganiga yorqin misoldir.