O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisi yoshlar bilan onlayn muloqot o‘tkazdi
2017-10-27 | Jamiyat
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar masalalari bo‘yicha Davlat maslahatchisi – O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisi Qahramon Quronboyev yoshlar bilan onlayn muloqot o‘tkazdi.
Mamlakatimizda yoshlar masalasiga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilayotgani, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan joriy yil 30-iyunda tashkil etilgan O‘zbekiston yoshlar ittifoqi yoshlarning chinakam suyanchi va tayanchi bo‘layotgani ta’kidlandi.
Yoshlar hayotiga daxldor, ularning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va orzu-maqsadlarini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan 14 me’yoriy hujjat –qonunlar, Prezidentimiz farmoni, qarori va farmoyishi, Vazirlar Mahkamasining qarorlari ishlab chiqildi. Joriy yil qariyb 3 ming yosh oila uy-joy bilan ta’minlandi. Ko‘plab yoshlar tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ydi. Mingdan ziyod yosh tadbirkor imtiyozli kreditlar oldi. Yosh tadbirkorlar va fermerlar bilan ishlash bo‘yicha tashkil qilingan markazlar tomonidan ularni qo‘llab-quvvatlash, faoliyatini yanada rivojlantirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Yoshlar ittifoqi qoshida yil oxirigacha 15 nodavlat notijorat jamoat tashkiloti faoliyat yurita boshladi, yil oxirigacha ularning soni 30 taga yetkaziladi. Yoshlar bandligini ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratilib, 5 mingdan ortiq yosh ish bilan ta’minlandi.
Davlatimiz rahbari tomonidan qo‘yilgan vazifaning ijrosi doirasida uyushmagan yoshlar bilan ishlash bo‘yicha tizim yaratildi. Ushbu dolzarb masalaga bag‘ishlab o‘tkazilgan ilmiy-amaliy anjuman natijalariga tayanib, uyushmagan yoshlarni qiziqtirayotgan masalalar ijrosi bo‘yicha dasturlar ishlab chiqildi.
Chet ellarga o‘qish yoki ishlash uchun ketgan yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Yoshlar ittifoqi mas’ullari joriy yil avgust oyida Xitoy Xalq Respublikasidagi o‘zbekistonlik yoshlar bilan uchrashdi. Ularning taklif-istaklariga ko‘ra, Shanxay va Pekinda Yoshlar ittifoqining boshlang‘ich tashkilotlari tashkil etildi. 30-oktabr – 8-noyabr kunlari Yoshlar ittifoqi delegatsiyasi Rossiyaning Moskva, Astraxan, Novosibirsk va Sankt-Peterburg shaharlarida tahsil olayotgan va mehnat faoliyatini yuritayotgan o‘zbekistonlik yoshlar bilan uchrashuvlar o‘tkazadi.
Prezidentimiz tavsiyasiga binoan O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasini tashkil qilish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. 2018 yil 1-yanvardan boshlab mazkur tashkilot O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi qoshida faoliyatini boshlaydi. Yangi yildan boshlab "Yoshlar ovozi" gazetasini haftada to‘rt marotaba chop etish yo‘lga qo‘yiladi.
Ijtimoiy tarmoqdagi fb.com/kuranbayev.k sahifasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘tkazilgan muloqotda yoshlarning muammo va xohish-istaklari bilan o‘rtoqlashildi, fikr-mulohazalari, takliflari o‘rganildi.