O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Markaziy bank axboroti: Qayta moliyalash stavkasi o‘zgartirishsiz qoldirildi
2017-10-27 | Iqtisodiyot
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi o‘zining navbatdagi yig‘ilishida qayta moliyalash stavkasini yillik 14 foiz miqdorida qoldirish bo‘yicha qaror qabul qildi.
Mazkur qaror quyidagilardan kelib chiqib qabul qilindi.
I. Makroiqtisodiy holat
2017-yilning o‘tgan davri mobaynida respublikadagi makroiqtisodiy holat iqtisodiy islohotlarning sifat jihatidan yangi bosqichiga o‘tilishi, iqtisodiyotni liberallashtirish, hududlarni kompleks va mutanosib rivojlantirish bo‘yicha davlat dasturlari ijrosining faollashuvi sharoitlarida shakllanib bordi.
Xususan, mamlakat iqtisodiyotini diversifaksiya qilish, yangi iqtisodiy va industril zonalarni tashkil etish, investitsion muhitni tubdan yaxshilash va bu borada rag‘batlantiruvchi iqtisodiy mexanizmlarni keng qo‘llash orqali tarmoq va hududlarga xorijiy sarmoyalarni jalb etish bo‘yicha ishlarning jadallashuvi tadbirkorlik sohasida ijobiy kutilmalarni shakllantirdi.
Shuningdek, tashqi savdo faoliyatining bosqichma-bosqich erkinlashtirilishi hamda milliy valyuta real almashuv kursining rag‘batlantiruvchi dinamikaga ega bo‘lishi mamlakatga eksport orqali kirib kelayotgan valyuta tushumlari hajmining sezilarli o‘sishiga olib keldi. Bu, o‘z navbatida, real sektordagi iqtisodiy faollikni qo‘llab-quvvatlovchi omil vazifasini bajardi.
Joriy yilning yanvar-avgust oylarida so‘m rasmiy almashuv kursining yuqori sur’atlarda devalvatsiya qilinishi hamda aholi va tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida ichki valyuta bozorini liberallashtirish bilan bog‘liq kutilmalarning kuchayib borishi real sektordagi iqtisodiy va investitsion faollikka turlicha ta’sir o‘tkazdi.
2017-yilning birinchi yarmida tijorat banklari tomonidan tadbirkorlik sub’ektlari va aholini kreditlashning faollashtirilishi hamda uning ta’sirida pul massasining tez sur’atlarda o‘sishi inflyatsiya darajasining oshishiga olib keluvchi asosiy omillardan biri bo‘ldi.
Shu bilan birga, inflyatsiya sur’atlarining o‘tgan yilning mos oylariga va prognoz ko‘rsatkichlarga nisbatan yuqoriroq bo‘lishi hamda inflyatsion bosim va kutilmalarning ortishi makroiqtisodiy holatga, xususan investitsion muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi xatarlarni kuchaytirib bordi.
II. Pul-kredit siyosati tahlili
2017-yilning 9 oyi davomida pul-kredit siyosati yuqorida qayd etilgan makroiqtisodiy holat, xususan yuqori inflyatsion bosim sharoitlarida amalga oshirildi.
Joriy yilning yanvar-iyun oylarida iqtisodiyotda pul taklifi hajmi va so‘m devalvatsiya darajasining tez sur’atlarda o‘sishi real foiz stavkalarining pasayishiga hamda tijorat banklarining kreditlariga bo‘lgan talabning oshishiga, natijada inflyatsion bosim va xatarlarning kuchayishiga olib keldi.
Iqtisodiyot va pul-kredit sohasida shakllangan ushbu vaziyat, ichki bozorda narxlarning o‘sish sur’atlarini sekinlashtirish va inflyatsion xatarlarni cheklash vazifalari Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasini joriy yilning 28-iyunidan yillik hisobda 9 foizdan 14 foizgacha oshirishni taqozo etdi.
Bu, o‘z navbatida, banklararo pul bozorida o‘rtacha foiz stavkalari yanvar-iyun oylaridagi 8,1 – 9% foizdan, III chorakda 12-12,2 foizgacha ko‘tarilishiga zamin yaratdi. Shu bilan birga, banklar tomonidan iqtisodiyotga ajratilgan kreditlar bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavkasini o‘rtacha 2 foiz banddan ko‘proqqa oshishi kuzatildi.
Depozitlar bo‘yicha foiz stavkalarining dinamikasida ham o‘sish holatlari kuzatildi. Xususan, iyul-sentabr oylarida yuridik va jismoniy shaxslarning jami muddatli depozitlar bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavkasi 11,9 foizdan mos ravishda 12,9, 13,5 va 15,2 foizgacha ko‘tarildi. Bunda o‘sish, asosan, yuridik shaxslarning muddatli depozitlari bo‘yicha foiz stavkalarining birinchi yarim yildagi o‘rtacha 6,4 foizdan 11,4 foizgacha ko‘tarilishi bilan izohlanadi.
Kreditlar va depozitlar bo‘yicha foiz stavkalarining ko‘tarilishi asosan qisqa muddatli resurslar bo‘yicha foizlarning oshishi hisobiga ro‘y berdi.
Shu bilan bir qatorda, Markaziy bank tomonidan samarali bank nazorati, xususan kreditlash jarayonida tijorat banklari tomonidan iqtisodiy normativlarga qat’iy rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar amalga oshirib borildi.
Pul-kredit siyosatining qat’iylashtirilishi natijasida iyul oyidan boshlab tijorat banklari tomonidan kreditlash hajmlarining va pul massasining o‘sish sur’atlarini pasaytirish hamda vujudga kelgan inflyatsion bosimni kamaytirish imkoniyatlari yaratildi.
Xususan, 2017-yilning fevral-iyun oylarida banklar tomonidan milliy valyutada iqtisodiyotga ajratilgan kreditlar qoldig‘ining o‘rtacha oylik o‘sish sur’ati 5,3 foizni tashkil etgan bo‘lsa, III chorakda o‘sish sur’atlari o‘rtacha 0,8 foizgacha sekinlashdi.
Milliy valyutadagi pul massasining o‘sish sur’atlari ham joriy yilning birinchi yarmidagi o‘rtacha 2,3 foizlik oylik o‘sishdan III chorakda 0,2 foizgacha pasaydi.
Banklarning likvidligiga ta’sir qiluvchi omillar
Sentabr va oktabr oylaridagi ichki valyuta bozori faoliyatining tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, valyuta siyosatini liberallashtirish doirasidagi islohotlar amalga oshirilganidan so‘ng valyuta birjasidagi operatsiyalar hajmi sentabr oyida birinchi yarim yillikdagi o‘rtacha oylik hajmlarga nisbatan qariyb 2 barobar, eksportyorlar tomonidan xorijiy valyutani sotish hajmi esa 3,5 barobar ko‘paydi.
Shu bilan birga, agar Markaziy bank joriy yilning birinchi yarmi davomida korxonalar mablag‘larini konvertatsiya qilish uchun valyuta zahiralari hisobidan mablag‘larni sarflagan bo‘lsa, sentabr oyida valyuta kursining erkinlashuvi valyuta mablag‘larini sotib olish orqali almashuv kursining muvozanatini ta’minlashni taqozo etdi.
Kreditlash hajmlari va muomaladagi naqd pullar miqdorining o‘sishi
Joriy yilning birinchi yarmida tijorat banklari tomonidan faol kreditlash siyosatining yuritilishi va mazkur davrda muomaladagi naqd pullar miqdorining yuqori sur’atlarda o‘sishi tijorat banklarining Markaziy bankdagi vakillik hisobvarag‘idagi pul mablag‘larining kamayishiga ta’sir ko‘rsatuvchi omillardan bo‘ldi.
O‘z navbatida, valyuta bozori faoliyatining erkinlashtirilishi, xususan xorijiy valyutani sotish va sotib olish bo‘yicha cheklovlarning bartaraf etilishi bank tizimiga naqd pul oqimining ko‘payishiga hamda muomaladagi naqd pullar miqdori o‘sish sur’atlarining pasayishiga xizmat qildi.
Pul-kredit siyosati instrumentlarining qo‘llanilishi
Tijorat banklarining likvidlikka bo‘lgan talabi pul-kredit siyosatining bozor instrumentlarini samarali qo‘llash orqali qondirib borildi.
Xususan, Markaziy bank tomonidan joriy yilning iyul oyidan boshlab tijorat banklariga xorijiy valyutani garovga olgan holda qisqa muddatli kreditlar berish va svop operatsiyalarning yo‘lga qo‘yilishi hamda ushbu operatsiyalarning faol amalga oshirilishi tijorat banklarining likvidlikka bo‘lgan ehtiyojini bozor mexanizmlari hisobiga qoplash imkonini berdi.
Shuningdek, majburiy zahiralardan bank tizimida likvidlikni tartibga solishda faol va moslashuvchanlik bilan foydalanib borildi.
Natijada, shaklantirilgan majburiy zahiralar tarkibida milliy valyutadagi mablag‘lar ulushi joriy yil boshidagi 60 foizdan 1-oktabr holatiga 8 foizgacha kamaydi. Bu, o‘z navbatida, mazkur davrda tijorat banklarining milliy valyutadagi likvidlikka bo‘lgan talabini oshganligini aks ettirib, banklar tomonidan so‘mdagi likvidlik bo‘yicha ehtiyojni qondirishda majburiy zahiralar instrumentidan ham foydalanish imkonini berdi.
Davlat byudjetining holati
Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida Davlat byudjeti va hukumatning boshqa hisobvaraqlaridagi pul mablag‘lari qoldig‘ining yil boshiga nisbatan barqaror darajada bo‘lishi bank tizimi likvidligining o‘zgarishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatmadi.
III. Iste’mol baholari indeksi dinamikasi tahlili
O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, 2017-yilning yanvar-sentabr oylarida iste’mol baholari indeksi bo‘yicha hisoblangan inflyatsiya darajasi o‘tgan yilning mos davriga (2,2 foiz) nisbatan yuqori bo‘lib, 7,8 foizni tashkil etdi.
Bunda, mazkur davrda oziq-ovqat mahsulotlari guruhi bo‘yicha narxlarning o‘rtacha o‘sishi 7,6 foizni (2016 yilning mos davrida 3,3 foizga pasaygan), nooziq-ovqat mahsulotlari bo‘yicha 8,6 foizni (2016 yilning mos davrida o‘sish 6,4 foiz) hamda pullik xizmatlar bo‘yicha tariflarning oshishi 7,0 foizni (2016 yilning mos davrida o‘sish 7,0 foiz) tashkil etdi.
Umuman olganda, narxlarning oshishiga monetar omillar bilan bir qatorda an’anaviy mavsumiy va taklif omillari ham ta’sir ko‘rsatdi.
IV. Inflyatsiyaning prognozi va yil yakuniga qadar foiz siyosati
Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, kuzatilayotgan iqtisodiy jarayonlar dinamikasi davom etgan holda qat’iy pul-kredit siyosatining saqlab qolinishi joriy yilning IV choragida monetar omillarning inflyatsiyaga ta’sirini minimal darajaga pasaytirib, ushbu davr uchun dastlab prognoz qilingan ko‘rsatkichlarga erishish uchun qulay sharoit yaratib beradi.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda hamda milliy valyutadagi aktivlarning daromadliligini saqlab qolish, real foiz stavkalarining ijobiyligini ta’minlash va iqtisodiyotda pul taklifi sur’atlari o‘sishining oldini olish maqsadida qayta moliyalash stavkasi 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirildi.