O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Prezidenti Turkiyaga keldi
2017-10-25 | Siyosat
Anqara, 25-oktyabr. O‘zA maxsus muxbiri Anvar Samadov xabar qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘onning taklifiga binoan 2017-yil 25-oktyabr kuni davlat tashrifi bilan Turkiyaga keldi.
Anqara shahridagi Esonbug‘a xalqaro aeroportida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Turkiya Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Bekir Bozdag‘ va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.
Aeroport ikki mamlakat davlat bayroqlari bilan bezatilgan. O‘zbekiston delegatsiyasi sharafiga faxriy qorovul saf tortdi.
Avval xabar qilinganidek, oliy darajadagi muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi, mintaqaviy va xalqaro muammolar yuzasidan fikr almashiladi.
Muzokaralar yakunlari bo‘yicha davlat rahbarlarining Qo‘shma bayonoti qabul qilinishi, O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, ishbilarmon doiralar o‘rtasida o‘zaro manfaatli aloqalar uchun qulay sharoitlar yaratish, sayyohlar almashinuvi va madaniy-gumanitar aloqalarni faollashtirishga qaratilgan ko‘plab hujjatlar imzolanishi rejalashtirilgan.
O‘zbekiston delegatsiyasining Istanbul shahriga tashrif buyurishi ham mo‘ljallangan.