O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Profilaktika inspektorlari qasamyod qildi
2017-10-23 | Jamiyat
Buxoroda viloyat ichki ishlar boshqarmasi ichki ishlar organlari tayanch punktlari profilaktika inspektorlarining tantanali qasamyod qabul qilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari, turli vazirlik va idoralar, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, nuroniylar, yoshlar, profilaktika inspektorlarining oila a’zolari ishtirok etdi.
Viloyat hokimi O‘.Barnoyev va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida ichki ishlar organlari tizimini isloh qilish, sohaning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga qaratilayotgan alohida e’tibor yuksak samaralar berayotganini ta’kidladi. Davlatimiz rahbarining joriy yil 20 apreldagi “Ichki ishlar organlari tayanch punktlarining profilaktika inspektorlarini xizmat uy-joyi bilan ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.
Ushbu hujjat ijrosi doirasida viloyatdagi barcha tuman va shaharlarda IIB organlari tayanch punktlari xodimlari uchun xizmat uylari qurilmoqda. Hozirgi qadar viloyatda 120 nafar profilaktika inspektori ana shunday qulaylikdan bahramand bo‘ldi.
Qasamyod marosimidan so‘ng profilaktika inspektorlariga imtiyozli kredit asosida xarid qilingan yangi avtomobillar kalitlari topshirildi.
– Kogon tumanining Bahouddin Naqshband nomidagi mahalla fuqarolar yig‘ini hududida barpo etilgan zamonaviy xizmat uyini berishdi, – deydi profilaktika inspektori, katta leytenant Vafo Choraqulov. – Shu choqqacha Qorako‘l tumanidan, 100 kilometr uzoqdan qatnab ishlardim. Endi oilam yonimda ekanidan xursandman. Bu o‘z xizmat vazifamni yanada samarali bajarish imkoniyatini kengaytiradi. Qolaversa, mahallaga chuqurroq kirishishim, huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olishda jamoatchilik bilan yaqin va hamjihat bo‘lishimda katta yordam beradi.
El-yurt osoyishtaligini ta’minlash soha xodimlari zimmasidagi mas’uliyatni, ish samaradorligini yanada oshirishni taqozo qilmoqda. Bunda mamlakatimizda har hafta payshanba kunlari o‘tkazilayotgan profilaktika tadbirlari ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Olib borilayotgan tegishli chora-tadbirlar, jamoatchilik bilan hamkorlik yaxshi samara berayotir. Viloyatda joriy yilning to‘qqiz oyida 2016-yilning shu davriga nisbatan huquqbuzarlik va jinoyatchilikning bir qator og‘ir turlari sezilarli darajada kamaydi. 90 mahalla fuqarolar yig‘inida birorta ham jinoyat sodir etilmadi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi N.Yo‘ldoshev, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi T.Norboyeva, ichki ishlar vaziri P.Bobojonov ishtirok etdi.