O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston — Turkiya: Ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlashda muhim qadam
2017-10-23 | Siyosat
O‘zbek va turk xalqlarini asrlar davomida shakllangan an’analar, urf-odatlardagi o‘xshashliklar, umumiy qadriyatlar bog‘lab turadi. Xalqlar o‘rtasidagi bunday yaqinlik ikki davlat munosabatlarida ham o‘z ifodasini topmoqda.
1992 yil mart oyida O‘zbekiston hamda Turkiya davlatlari o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatildi. 1992 yil aprelda Toshkentda Turkiya elchixonasi, 1994 yilda esa O‘zbekistonning Turkiyadagi diplomatik -vakolatxonasi ish boshladi.
Vaqt sinovidan o‘tgan do‘stlik va hamkorlik aloqalari turli sohalarni qamrab olgan 60 dan ortiq shartnoma hamda kelishuvlar doirasida izchil rivojlanmoqda. Bu borada 1996 yilda imzolangan Abadiy do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma muhim ahamiyat kasb etadi. Bundan tashqari, savdo, iqtisodiyot, fan-ta’lim, turizm, transport, madaniy hamda gumanitar sohalarda ham uzviy hamkorlik o‘rnatilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘on o‘rtasidagi muntazam uchrashuvlar, shubhasiz, o‘zaro ishonchga asoslangan munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqdi. 2016 yil noyabr oyida Turkiya Prezidentining Samarqandga tashrifi, 2017 yil may oyida Xitoyda bo‘lib o‘tgan “Bir makon, bir yo‘l” anjumani, shuningdek, sentyabr oyida Qozog‘istonda o‘tgan Islom hamkorlik tashkilotining Fan va texnologiyalar bo‘yicha birinchi sammiti doirasidagi uchrashuvlar bunga yaqqol misoldir.
Mazkur muloqot hamda muzokaralarda tomonlar hamkorlikni yanada faollashtirishdan birdek manfaatdor ekanligini bildirdilar. Xususan, savdo-iqtisodiy, investitsiya, turizm, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, to‘qimachilik, transport kommunikatsiyasi va boshqa ko‘plab sohalarda foydalanilmayotgan imkoniyatlar mavjudligi ta’kidlandi. Davlatimiz rahbari O‘zbekiston Turkiyani “muhim va uzoq muddatli hamkori” sifatida ko‘rishini ta’kidladi. O‘z navbatida, Rejep Tayyip Erdo‘g‘on O‘zbekistonni -Turkiyaning “Markaziy Osiyodagi ustuvor sherigi” deb hisoblashini bildirdi.
Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li 2016 yil oktyabr oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan IHTning Tashqi ishlar vazirlari Kengashining 43 sessiyasida ishtirok etdi. 2017 yil aprel oyida esa ikki tomonlama siyosiy maslahatlashuvlarning 8 raundi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston hukumati delegatsiyasining joriy yil fevral-mart oylarida Turkiyaga tashrifi chog‘ida iqtisodiyotning turli yo‘nalishlari bo‘yicha 1 mlrd. dollarlik shartnomalar imzolandi.
Shu yil may oyida Toshkent shahrida ikkala davlat o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyaning 4 yig‘ilishida barcha yo‘nalishdagi hamkorlikning joriy holati tahlili hamda istiqbollari ko‘rib chiqildi. Ma’lumot uchun aytish kerakki, Hukumatlararo komissiya so‘nggi bor 2008 yilda bunday yig‘ilish o‘tkazgan edi.
Xususan, savdo sohasida ichki bozorlar talabidan kelib chiqib, o‘zaro savdo hajmini bir necha baravar ko‘paytirish, investitsiya sohasida yetakchi turk kompaniyalari bilan birgalikda elektrotexnika, oziq-ovqat, to‘qimachilik, charm-poyabzal, farmatsevtika, zamonaviy qurilish mahsulotlari va xalq iste’moli mollari sotishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tegishli kelishuvlarga erishildi. Turizm sohasida yetakchi turk kompaniyalari bilan tarixiy shaharlarimizda zamonaviy sayyohlik infratuzilmasini yaratish, malakali mutaxassislarni tayyorlash masalalari bo‘yicha o‘zaro manfaatli bitimlar tuzildi. Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi yakunlariga ko‘ra, 2 mlrd. dollarlik shartnomalar imzolandi.
Shu yil sentyabr-oktyabr oylarida O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari J. Qo‘chqorovning Turkiyaga tashrifi chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasida hamkorlikni faollashtirish bo‘yicha muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, poytaxtimizda tashkil etilgan o‘zbek-turk biznes anjumani ham samarali kechdi. Unda Turkiyaning 80 dan ortiq yirik kompaniyalari vakillari ishtirok etdi. Tadbir davomida ikki davlatning iqtisodiy hamda investitsiyaviy salohiyati namoyish qilindi, yangi bosqichdagi hamkorlikning yo‘nalishlari belgilab olindi.
O‘zbekiston — Turkiya aloqalari harbiy-sanoat yo‘nalishida ham rivojlanmoqda. Shu yilning fevral-mart oylarida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi delegatsiyasi Turkiyaga tashrif buyurdi. Delegatsiya Turkiyaning harbiy-sanoat majmuasiga kiruvchi qator korxonalari faoliyati bilan tanishdi va harbiy hamda harbiy-texnik hamkorlik istiqbollari muhokama etildi. Joriy yil 25 — 27 iyulda Turkiya Respublikasi Milliy mudofaa vaziri N. Janikli mamlakatimizga tashrifi asnosida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilindi. O‘zaro muhokamalarda O‘zbekiston va Turkiya Mudofaa vazirliklari o‘rtasida amaliy hamkorlik o‘rnatish, jumladan, harbiy ta’lim sohasida qo‘shma dasturlarni amalga oshirish bu boradagi muhim yo‘nalishlardan biri sifatida belgilandi. Uchrashuvlar doirasida harbiy ta’lim sohasida hukumatlararo hamkorlik to‘g‘risida Protokol imzolandi. Shuningdek, joriy yilning 5 — 7 oktyabr kunlari O‘zbekiston Mudofaa vaziri A. Azizov Turkiyaga tashrif buyurdi. Tashrif davomida A. Azizov hamda N. Janikli o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
Tomonlar o‘rtasida do‘stona ruhdagi uchrashuvlarning bu tarzda muntazamlik kasb etayotgani e’tirofga molikdir.
Darhaqiqat, O‘zbekiston va Turkiyaning turli sohalardagi hamkorligi uzoq muddatli hamda teng sheriklikka asoslanadi. Buni bir nechta yo‘nalishlarda ko‘rish mumkin.
Birinchidan, Turkiya O‘zbekistonning an’anaviy va muhim savdo hamkori hisoblanadi. Davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 2000 — 2016 yillarda qariyb 7 barobar oshdi hamda 2016 yil yakunlari bo‘yicha mazkur ko‘rsatkich 1,2 mlrd. dollarni tashkil qildi. Ayni paytda, mutaxassislar fikricha, o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun mavjud imkoniyatlar va salohiyatdan to‘la foydalanilmayapti. Shunga muvofiq, yaqin yillarda bu ko‘rsatkichni 2 3 baravar oshirish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda. Turkiya O‘zbekistonning umumiy eksporti ro‘yxatida 4 o‘rinda turadi. Hozirgi paytda mamlakatimizda 500 ga yaqin turk firma hamda kompaniyalari faoliyat ko‘rsatayapti. Faqatgina 2016 yilning o‘zida yurtimizda turk sarmoyasi ishtirokida 20 dan ortiq korxonalar tashkil etildi, 53 kompaniyaning vakolatxonalari akkreditatsiya qilindi.
Turkiya importida yoqilg‘i-energetika mahsulotlari, mashina va uskunalar hamda ularning ehtiyot qismlari, elektrotexnika jihozlari va qurilmalari, farmatsevtika, bo‘yoq, qora metall, kimyo sanoati hamda iste’mol mollari yetakchi o‘rin egallaydi. Ayniqsa, kimyo sanoati mahsulotlari va iste’mol mollari yo‘nalishidagi hamkorlik O‘zbekiston uchun istiqbolli hisoblanadi.
Ikkinchidan, qayd etish kerakki, erkin iqtisodiy hududlar tashkil qilish bo‘yicha Turkiya o‘ziga xos tajribaga ega. Bugungi kunda ushbu davlatda yigirmadan ortiq EIH faoliyat yuritayapti. Ma’lumotlarga ko‘ra, bunday hududlarda ishlab chiqarilgan mahsulotlar mamlakat yalpi ichki mahsulotining 10 foiziga teng.
Uchinchidan, transport kommunikatsiyasi hamda logistika xizmati bo‘yicha hamkorlik ham ustuvor yo‘nalishlardan sanaladi. Binobarin, O‘zbekiston uchun Boku — Tbilisi — Kars temir yo‘lining qurilishi strategik ahamiyatga ega. Zero, ushbu transport yo‘lining to‘laqonli ishga tushishi o‘zbekistonlik tadbirkorlarning o‘z mahsulotlarini dunyo bozorlariga olib chiqish imkoniyatini kengaytiradi.
To‘rtinchidan, xalqaro terrorizm, diniy ekstremizm kabi illatlarga qarshi kurashish ikki mamlakat hamkorligida muhim o‘rin tutadi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 72 sessiyasidagi nutqida dunyoda terrorizm tahdidlari kuchayib borayotgani, ularga qarshi kuch ishlatish yo‘li bilan kurashish usuli o‘zini oqlamayotgani, bu borada ko‘p hollarda tahdidlarni keltirib chiqarayotgan asosiy sabablar bilan emas, balki ularning oqibatlariga qarshi kurashish bilangina cheklanib qolinayotganiga urg‘u berdi. Xalqaro terrorizm va ekstremizmning ildizini boshqa omillar bilan birga, jaholat hamda murosasizlik tashkil qilishi alohida ta’kidlandi.
E’tiborlisi, O‘zbekiston va Turkiyaning ayni yo‘nalishdagi hamkorligi o‘zaro tajriba almashish, yordam, terrorizm, diniy ekstremizm bilan bir qatorda, transmilliy jinoyatchilik hamda narkotrafikka qarshi kurashish masalalarini ham o‘z ichiga oladi. Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi tomonidan har yili O‘zbekistonda huquqni muhofaza qilish organlari vakillari uchun tayyorlov kurslari o‘tkazilishi bunga bir misoldir.
Bundan tashqari, islom dini hamda qadriyatlarini mustahkamlash sohasida ham tomonlarning qarash va intilishlari bir-biriga hamohang. Jumladan, davlatimiz rahbarining islom dinining ma’rifiy jihatlarini keng yoyish maqsadida Samarqand shahrida Imom Buxoriy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish to‘g‘risidagi tashabbusi Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘on tomonidan yuqori baholandi.
O‘zbekiston hamda Turkiya o‘rtasida madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalar muttasil rivojlanayotganini ham aytib o‘tish o‘rinli. Turk ijodiy jamoalari mamlakatimizda o‘tadigan an’anaviy “Sharq taronalari” xalqaro festivalining doimiy ishtirokchilari hisoblanishadi. Turkiyada o‘zbekistonlik san’at va madaniyat namoyandalari tomonidan qator madaniy tadbirlar doimiy ravishda o‘tkazib kelinadi.
Turkiyada o‘zbek nomi bilan ataluvchi 9 ta qishloq bor. Qolaversa, Markaziy Osiyoda yetishib chiqqan qator qomusiy olimlar — Jaloliddin Rumiy, mashhur matematik Ali Qushchi, tarixchi Abdul Karim Buxoriy o‘z davrida turk zaminida yashab, ijod qilishgan.
2002 yildan buyon o‘zbekistonlik tibbiyotchilar Turkiyaning ilg‘or klinikalarida tajriba oshirib kelmoqdalar. Darvoqe, so‘z shu haqda borar ekan, Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi bilan birgalikda mamlakatimizdagi Gematologiya va qon quyish ilmiy-tadqiqot instituti qoshida suyak iligi transplantatsiyasi markazi ochilganini keltirish joiz. Zero, ushbu muassasa Markaziy Osiyoda yagona sanaladi.
Mutaxassislarning fikricha, Turkiyaning Markaziy Osiyoda muhim davlat bo‘lgan mamlakatimiz bilan yaqin hamkorlikka intilishi zamirida Buyuk Ipak yo‘lida alohida o‘rin tutuvchi O‘zbekistonning kuchli davlat sifatida rivojlanishidan manfaatdorligi mujassam. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston hamda Turkiyaning o‘zaro yaqin hamkorlikka intilishlari ekspertlar tomonidan ikki mamlakat uchun tarix va kelajak oldida muhim qadam sifatida e’tirof etilmoqda.
Abror YUSUPOV,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti bosh ilmiy xodimi.