O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xalqaro e’tirof
2017-10-21 | Ta’lim
Buyuk Britaniyaning Oksford shahrida joylashgan dunyoning nufuzli Yevropa Biznes Assambleyasi 1923 yilda asos solingan bo‘lib, dunyodagi ilm, fan va ishbilarmonlik sohasidagi erishilgan yuksak natijalarni e’tirof etib boradi.
Ushbu nufuzli tashkilot dunyoning bir qator ta’lim muassasalari va tadbirkorlarini birlashtiradi. Bu yilgi Eng yaxshi oliy ta’lim muassasasi nominatsiyasini qo‘lga kiritish uchun dunyoning turli burchaklaridan 1000 dan ortiq ta’lim muassasalari tanlovda ishtirok etdi. Ushbu tanlovning saralash jarayonida ta’limni quyidagi asosiy sifat ko‘rsatkichlariga: o‘quv-uslubiy, ilmiy tadqiqotlar natijalarini amaliyotga tadbiq etish, moddiy texnika bazani modernizatsiyalash, innovatsion integratsion hamkorlik, xalqaro hamkorlik va universitet bitiruvchilarining davlat va xususiy tadbirkorlik hamda biznesdagi faolligi baholandi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan ushbu nominatsiya uchun O‘zbekistondagi bir necha oliy ta’lim muassasalari nomzodi berilgan edi. Ushbu nufuzli kengashning qaroriga muvofiq joriy yilning sentabr oyida Fransiyaning Nisse shahrida bo‘lib o‘tgan Sammitda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Osiyodagi Eng yaxshi oliy ta’lim muassasasi nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi.
Tanlov natijasiga ko‘ra Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti jahonning nufuzli universitetlari AQSHning Boston, Stenford universitetlari, Vashington xalqaro o‘quv markazi, Yevropa menedjment universitet qatorida o‘rin egallagani tahsinga sazovordir.
Ushbu nufuzli mukofot nafaqat Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining yutug‘i bo‘lib, balki O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’limining nufuzini dunyoda tanitishga xizmat qiladi.
Joriy yil 19 oktabr kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida mazkur mukofotni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining o‘rinbosari U.Sh.Begimqulov ishtirok etdi.