O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Islom hamjihatligi tinchlik va xalqlararo do‘stlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda
2017-10-19 | Jamiyat
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida 18-oktabr kuni “Islom hamjihatligi: O‘zbekiston va Ozarbayjon misolida” mavzuida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Anjuman O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Ozarbayjon Respublikasi diniy tashkilotlar bilan ishlash Davlat qo‘mitasi hamda Kavkaz musulmonlari idorasi hamkorligida tashkil etildi.
Tadbirda O‘zbekiston, Ozarbayjon, Rossiya, Germaniya, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ukraina kabi mamlakatlardan kelgan taniqli davlat va jamoat arboblari, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, taniqli ulamolar, O‘zbekiston va Ozarbayjonning hukumat va parlamentlari, shuningdek, Toshkent shahridagi xorijiy diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi.
Anjuman ishi Qur’on tilovati bilan boshlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning xalqaro konferensiya ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi X.Sultonov o‘qib eshittirdi.
Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning tabrigini Ozarbayjon Respublikasi diniy tashkilotlar bilan ishlash Davlat qo‘mitasi raisi M.Gurbanli o‘qib eshittirdi.
Islom hamjihatligi mavzuidagi xalqaro konferensiya mamlakatimizda o‘tkazilayotgani bejiz emas. Buyuk ipak yo‘lining markazida joylashgan yurtimizda qadimdan turli millat va din vakillari ahil-inoq yashagan, bir-birining madaniyatini boyitgan. Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy, Mahmud Zamaxshariy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Muhammad Qaffol Shoshiy, Abdulxoliq G‘ijduvoniy, Bahouddin Naqshband, Xoja Ahror Valiy, Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy kabi buyuk mutafakkirlarimiz jahon ilm-fani, islom dini rivojiga ulkan hissa qo‘shgan.
Mustaqillik yillarida diniy qadriyatlarimiz tiklandi. O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonun asosida vijdon erkinligi kafolatlandi. Diniy bilimlarni o‘rganish, diniy amallarni bajarish uchun keng erkinlik va sharoitlar yaratildi. Qur’oni karim va uning tafsirlari, hadislar va boshqa muqaddas kitoblar o‘zbek tilida minglab nusxalarda nashr etilmoqda. Ulug‘ ajdodlarimiz qadamjolari obod etilib, tavallud ayyomlari xalqaro miqyosda nishonlanmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan xalqimizning ma’naviy merosini qadrlash, ma’rifiy islom dinini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Buyuk allomalarimiz asarlarini o‘rganish va chop etish, qadamjolarini obod etish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Surxondaryo viloyatidagi Imom Termiziy, Qashqadaryo viloyatidagi Abu Mo‘’in Nasafiy maqbaralari, Navoiy viloyatidagi Nurota ziyoratgohi va boshqa qadamjolar qaytadan to‘liq ta’mirlandi.
Samarqandda Imom Buxoriy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Surxondaryoda Imom Termiziy ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etildi. Samarqanddagi Imom Buxoriy ilmiy markazida hadisshunoslik, Imom Moturidiy markazi qoshida kalom ilmi, Farg‘onadagi Marg‘inoniy ilmiy markazida fiqh maktabi, Buxorodagi Bahouddin Naqshband markazida tasavvuf, Qashqadaryodagi Abu Mo‘’in Nasafiy markazida aqida ilmi maktabi tashkil etilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2017-yil 23-iyundagi qaroriga muvofiq bunyod etilayotgan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Islom sivilizatsiyasi markazida ajdodlarimizning ulkan ma’naviy merosi, jahon ilm-fani rivojiga qo‘shgan hissasini o‘rganish va ilmiy tadqiq qilish ishlari boshlab yuborildi.
2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratilgan. Bu borada amalga oshirilayotgan ishlar jamiyatimizdagi hamjihatlik, mehr-oqibat muhitini yanada mustahkamlamoqda.
Prezidentimiz BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida "Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik" deb nomlangan maxsus rezolyutsiyani qabul qilish taklifini bildirdi. Bu rezolyutsiya bag‘rikenglik va o‘zaro hurmatni qaror toptirish, diniy erkinlikni ta’minlash, e’tiqod qiluvchilarning huquqini himoya qilish, ularning kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslikni ta’minlashga qaratilgan.
Yaqinda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo‘yicha kengashining din va e’tiqod erkinligi masalasi bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Ahmad Shahid mamlakatimizda bo‘lib, O‘zbekistonda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, bag‘rikenglik va vijdon erkinligini ta’minlash, dinga e’tiqod qiluvchilarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan o‘zgarish va islohotlarni yuksak baholadi.
Mamlakatimiz islom an’analarini qo‘llab-quvvatlash bilan birga, islom olamidagi hamkor davlatlar bilan aloqalarni rivojlantirib kelmoqda. Jumladan, O‘zbekiston bilan Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlar tarixiy ildizlar, yaqin milliy an’analar, til va din birligiga asoslanadi.
Xalqlarimizning hamjihatligi, bir-biriga hurmatini madaniy-gumanitar aloqalar rivojidan ham bilsa bo‘ladi. Boku shahrida Alisher Navoiy haykali, Toshkent shahrida Nizomiy Ganjaviy haykali o‘rnatilgan. Ozarbayjon poytaxtidagi ko‘chalardan biriga buyuk bobokalonimiz Mirzo Ulug‘bek nomi berilgan. O‘zbekiston poytaxtidagi ko‘chalardan biri ozarbayjon xalqining atoqli farzandi Geydar Aliyev nomi bilan ataladi. Ozarbayjon millatiga mansub yurtdoshlarimiz mamlakatimizdagi ko‘plab millat va elatlar bilan birga tinch-totuv yashab, O‘zbekiston taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shmoqda.
“Islom hamjihatligi: O‘zbekiston va Ozarbayjon misolida” mavzuidagi xalqaro konferensiya ikki qardosh xalqning mentaliteti, intilishlari hamohang ekanini yana bir bor namoyon etdi.
Mazkur anjuman O‘zbekiston va Ozarbayjonda tarixan shakllangan diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik, tinchlik va osoyishtalikni qadrlash, dinlararo bag‘rikenglik va hamkorlik g‘oyalarini ommalashtirish, xalqlarimiz, ayniqsa, yosh avlodni yot g‘oyalardan himoya qilish, erishilgan ijobiy natijalarni keng targ‘ib etish maqsadlariga qaratildi.
Konferensiyada O‘zbekiston va Ozarbayjon misolida din va e’tiqod erkinligi, dinlararo muloqot, diniy va milliy qadriyatlar, ekstremizm va terrorizmning og‘ir oqibatlari, ularning jahon hamjamiyati tinchlik va barqarorligiga tahdidi hamda ularga qarshi kurashish asoslari kabi mavzular yuzasidan ma’ruza va muhokamalar bo‘lib o‘tdi.
Anjuman mamlakatlarimizning islom dinining bag‘rikenglik va hamjihatlik g‘oyalariga, dinlararo muloqot an’analariga sodiqligini namoyon etib, bugungi kunning dolzarb xavf va tahdidlariga qarshi mushtarak munosabat ishlab chiqildi.
Xalqaro konferensiya O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi ilmiy-madaniy va diniy-ma’rifiy sohalardagi hamkorlikni yanada yuksak darajaga ko‘tarishga xizmat qiladi. Dunyo jamoatchiligiga islom dinining tinchlikparvar, yaratuvchanlik mohiyatini yetkazishga hissa qo‘shadi.
Anjuman yakunida konferensiya Kommyunikesi qabul qilindi.
Konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi R.Komilov ishtirok etdi.