O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston delegatsiyasi Yevropa o‘rmon haftaligida ishtirok etmoqda
2017-10-13 | Jamiyat
Polshaning Varshava shahrida o‘tayotgan Yevropa o‘rmon haftaligida O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi delegatsiyasi ishtirok etmoqda.
Haftalik doirasida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yevropa iqtisodiy komissiyasi O‘rmonchilik va o‘rmon sanoati qo‘mitasi hamda Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotining O‘rmon xo‘jaligi bo‘yicha Yevropa komissiyasi qo‘shma sessiyasi ham bo‘lib o‘tmoqda.
Dunyoning 50 dan ziyod mamlakati vakillari qatnashayotgan mazkur forum faol va sog‘lom turmush tarzi uchun zarur bo‘ladigan yuqori sifatli va xavfsiz mahsulotlar yetishtirish, iqtisodiy-ijtimoiy taraqqiyotni rag‘batlantirish, shuningdek, tabiiy, xususan, yer, suv, havo, iqlim va genetik resurslarni barqaror boshqarish, ulardan samarali foydalanish kabi muhim masalalar muhokamasi uchun o‘ziga xos maydon hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi o‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi raisi N.Bakirov haftalik doirasida o‘tkazilgan soha mutaxassislari uchrashuvida O‘zbekistonda o‘rmonlarning funksional modeli, istiqbolda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolar, ularni bartaraf etish chora-tadbirlari va kutilayotgan natijalar haqida ma’ruza qildi.
Mamlakatimiz o‘zining o‘rmon xo‘jaligi, xilma-xil va noyob o‘simlik, hayvonot dunyosi, dorivor o‘simliklarning ko‘pligi bilan ajralib turadi. Bugungi kunda mamlakatimizdagi 300 dan ortiq o‘simlik va 180 dan ziyod hayvon turlari “Qizil kitob”ga kiritilgan.
O‘tgan yillar davomida O‘zbekistonda o‘rmon xo‘jaligi sohasida keng qamrovli islohotlar amalga oshirildi. O‘rmon fondi yer maydoni hajmi sezilarli darajada ortib, mamlakatimiz umumiy yer maydonining 25,2 foizini tashkil qilmoqda.
Anjumanda O‘zbekiston flora va faunasini saqlash, xalqaro hamjamiyatni jalb etgan holda mamlakatimizda o‘rmonchilik sohasidagi dolzarb masalalarga yechim topishga oid 15 ga yaqin dastur qabul qilingani ta’kidlandi. Ushbu loyihalarda O‘zbekistonda cho‘llanishga qarshi kurashish, Orol dengizi atrofida yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etish, muhofaza etiladigan tabiiy hududlardan barqaror foydalanishga keng e’tibor qaratilgani qayd etildi.
Yevropa o‘rmon haftaligi davomida O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi va BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti o‘rtasida “Markaziy Osiyo cho‘llarini muhofaza qilish va undan barqaror foydalanish” bo‘yicha bitim, shuningdek, Germaniyaning M.Zukkov nomidagi jamg‘armasi bilan hamkorlikda grant loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha anglashuv memorandumi imzolanishi ko‘zda tutilgan.