O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xalqaro malakaga tayanib, yengil vaznli kitoblar chop etilmoqda
2017-10-13 | Jamiyat
Odatda bir necha yuz sahifali badiiy kitob, lug‘at va ma’lumotnoma, ensiklopediyani qo‘lga olish, varaqlash biroz noqulay. Jahon noshirlik tajribasida ana shu muammoga o‘ziga xos yechim topilgan. Mamlakatimizda ham xalqaro malakaga tayanib, yengil vaznli kitoblar chop etilmoqda.
«O‘zbekiston» nashriyot-matbaa ijodiy uyida tayyorlanayotgan bunday kitoblar har tomonlama qulay, sahifalari ko‘zni charchatmaydi, narxi nisbatan arzon. Yaqindan boshlab innovatsion texnologiyalar asosida 3D o‘lchamli kitoblar ham chop etila boshlandi. Bu loyiha O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligining G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi va “Colar Technology” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan amalga oshirilgan bo‘lib, mamlakatimiz noshirlik sohasi uchun yangilikdir.
Matbuot va axborot agentligidan olingan ma’lumotga ko‘ra, bugungi kunda mamlakatimizda 130 dan ortiq nashriyot, 1 ming 800 ga yaqin matbaa korxonasi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan bo‘lib, ular tomonidan yiliga 4 ming nomdan ziyod, umumiy adadi 50 million nusxadan ortiq kitob mahsulotlari nashr etilmoqda.
Mamlakatimizda noshirlikni rivojlantirish bilan birga yoshlarning kitobga bo‘lgan e’tiborini kuchaytirish, mutolaa madaniyatini yuksaltirish borasida “Adabiyotga e’tibor – ma’naviyatga, kelajakka e’tibor” shiori ostida kitob bayramlari, “Kitob – millatning bebaho ma’naviy va madaniy merosi” mavzuida ilmiy-amaliy konferensiya, “Sog‘lom va ma’naviy yetuk avlod – yurt kelajagi!” shiori ostida “Bolalar kitobi” an’anaviy festivali o‘tkazilmoqda.
Adabiyotga salmoqli hissa qo‘shgan adiblarning, ayniqsa, yosh qalamkashlarning asarlarini chop etish ishlari ham doimiy e’tiborda. Masalan, Yozuvchilar uyushmasining “Ijod” fondi tomonidan 2010-yildan buyon “Birinchi kitobim” seriyasida yosh ijodkorlarning 1 million 220 ming nusxada kitobi chop etilgan.
Gap noshirlik haqida ekan, sohaga oid xuquqiy bazani takomillashtirish masalasi ham dolzarbdir. Bunda kitob mahsulotlari chop etishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning aniq shakl va mexanizmlarini belgilash, ijtimoiy ahamiyatga molik adabiyotlarga grantlar ajratish, noshirlar va adiblar faoliyatini rag‘batlantirish, bolalar adabiyotiga ixtisoslashtirilgan nashriyotlarga moliyaviy imtiyozlar taqdim etish muhim vazifalardan hisoblanadi. Mamlakatimizning olis hududlarida keng assortiment va zamonaviy shart-sharoitlarga ega kitob do‘konlari faoliyatini kuchaytirish zarurati mavjud.
Shu bois Prezidentimiz tashabbusi bilan joriy yildan millatimiz ma’naviyatini kitob va kitobxonlik yordamida yuksaltirish ishlariga e’tibor yanada kuchaytirildi. Adabiyotimiz va san’atimizning atoqli vakillari Ishoqxon Ibrat, Komiljon Otaniyozov, Sharof Rashidov, Erkin Vohidovning yubiley sanalarini o‘tkazish, O‘zbekiston Milliy bog‘ida “Adiblar xiyoboni”ni barpo etish, san’at dargohlari maqomini oshirish to‘g‘risida muhim hujjatlar e’lon qilindi. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 13-sentabrdagi “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi qarori alohida ahamiyatga ega.
Mazkur hujjatda nashriyotlar faoliyatini tubdan modernizatsiya qilish, ularning samaradorligini oshirish uchun davlat tomonidan imtiyozlarni ko‘paytirish, hududlarda, ayniqsa, qishloq joylarida kutubxonalar barpo etish va ular uchun malakali mutaxassislar tayyorlash, chop etilayotgan kitoblar saviyasi va sifati, adadi va narxini qat’iy nazoratga olish, ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan kitoblarni, ayniqsa, bolalarga mo‘ljallangan adabiyotlarni chop etishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, kitob mahsulotlari bo‘yicha davlat buyurtmasining asosiy yo‘nalishlarini shakllantirish, adabiy-badiiy, o‘quv-uslubiy, ilmiy-nazariy, ilmiy-ommabop va ko‘rgazmali adabiyotlarni chop etish va tarqatish tizimini takomillashtirishdek dolzarb vazifalar belgilangan. Shuningdek, kitob savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’ektlariga ham qator imtiyozlar berish ko‘zda tutilgan.
Qarorga muvofiq O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi mamlakatimizda kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini takomillashtirish hamda axborot-kutubxona faoliyati sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi etib belgilangan.
– Prezidentimiz qarori bilan tasdiqlangan dasturda 35 banddan iborat topshiriq belgilangan bo‘lib, uning 30 bandi ijrosini ta’minlashda Agentligimiz bevosita ishtirok etmoqda, – deydi O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi axborot xizmati rahbari J.Jangirov. – Ayni vaqtda qator vazirlik va tashkilotlar bilan hamkorlikda yangi tahrirdagi “Noshirlik faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi tayyorlanmoqda. Shuningdek, bolalar adabiyotiga ixtisoslashgan nashriyotlarga moliyaviy imtiyozlar berish, ularni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish tizimini takomillashtirish bo‘yicha ham aniq takliflar ishlab chiqilmoqda.
Agentlik, “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi, “O‘zbekiston pochtasi” aksiyadorlik jamiyati, yetakchi nashriyotlar tomonidan aholining kitob mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirishda yana bir qulaylik yaratildi. Kitob mahsulotlarini nashriyotlardan hududlarga arzon narxlarda yetkazish, onlayn buyurtma berish va ularni pochta orqali kitobxonlarga yetkazib berish bo‘yicha maxsus tizim ishlab chiqildi va u tez kunda ishga tushiriladi.
Mazmunan sayoz, axloq me’yorlari, milliy ma’naviyat va qadriyatlarimizga mos kelmaydigan, yoshlar tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan adabiyotlarni tayyorlash, bosib chiqarish va tarqatishning oldini olish choralarini ko‘rish maqsadida hamkor tashkilotlar bilan birgalikda nashriyotlar faoliyati bo‘yicha xatlov, monitoring ishlari olib borilmoqda. Bu jarayonda noqonuniy matbaa va noshirlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi xo‘jalik sub’ektlari aniqlanib, ularga nisbatan qonun doirasida tegishli choralar ko‘rilmoqda.
Mamlakatimizdagi axborot-kutubxona muassasalari fondlarini tizimli tarzda yangi adabiyotlar va zarur materiallar bilan ta’minlashning markazlashtirilgan tizimini joriy etish chora-tadbirlari ko‘rilmoqda. Bunda kutubxona kollektori bilan ishlash bo‘yicha markazlashtirilgan axborot tizimi takomillashib, nashriyotlar bilan hamkorlik takomillashtiriladi. Bu esa ziyo maskanlari fondini yangi chop etilayotgan kitoblar bilan muntazam boyitib borish imkonini beradi.
Shu yil noyabr oyida o‘tkaziladigan «Infolib Uzbekistan» milliy axborot-kutubxona haftaligi doirasida turli mavzularda onlayn konferensiyalar tashkil etish orqali aholi, ayniqsa, yosh avlodning kutubxona xizmatlaridan foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirish ko‘zda tutilgan.
Agentlik tomonidan bugungi ulug‘vor bunyodkorlik ishlarini tarix zarvaraqlariga muhrlash, yozuvchi va shoirlar, jurnalistlar, xususan, yosh ijodkorlarni ma’naviy va moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Taraqqiyot strategiyasi va zamonamiz qahramoni” mavzuida badiiy va ijtimoiy-siyosiy asarlar yaratish bo‘yicha ijtimoiy buyurtmalar loyihasi e’lon qilindi. Ayni kunlarda loyihaga kelib tushayotgan badiiy va ijtimoiy-siyosiy asarlar salmog‘i oshib borayotir. Ular Agentlik tizimidagi nashriyotlar qoshida tuzilgan nufuzli hay’atlar tomonidan baholanib, nashriyotlarning ijtimoiy grantlari asosida chop etiladi va mualliflarga belgilangan tartibda qalam haqi beriladi. Nashriyotlar va mualliflar o‘rtasida tuziladigan shartnomada ijtimoiy grantlar asosida yaratiladigan kitob uchun qalam haqining ma’lum qismini oldindan to‘lash ham belgilangan.
Shuningdek, Agentlik tomonidan nashriyotlarning o‘zaro hamkorligini kengaytirish, noshirlik madaniyati va nashriyotlarning ijodiy salohiyatini yuksaltirish, sohada erishilgan yutuqlarni keng ommalashtirish, noshirlar, muharrirlar va texnik muharrirlar, musahhih, rassom-dizaynerlar, matbaachilarni rag‘batlantirish, aholining barcha qatlami, xususan, yoshlar orasida kitobxonlik madaniyatini keng targ‘ib qilish maqsadida “Yilning eng yaxshi kitobi” va “Yoshlarning eng sevimli kitobi” kabi ko‘rik-tanlovlarni o‘tkazish rejalashtirilgan. Mazkur tanlovlarda mulkchilik shaklidan qat’i nazar barcha nashriyot va matbaa korxonalari ishtirok etishlari mumkin.
Ma’naviy ehtiyojni qondirish borasida kitobning o‘rni beqiyos. U xoh darslik, xoh badiiy asar, xoh lirik doston ko‘rinishida bo‘lsin, bizni ilmga, hayotga, yaxshi inson bo‘lishga o‘rgatadi. Shu ma’noda Prezidentimizning “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi qarori mamlakatimizda noshirlik faoliyatini yangi bosqichga olib chiqadi, adabiyotimizning rivojini ta’minlaydi, kelajak avlod tarbiyasiga mustahkam poydevor vazifasini o‘tovchi muhim dasturilamal bo‘ladi.