O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12-oktabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo‘yicha kengashining din va e’tiqod erkinligi masalasi bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Ahmad Shahidni qabul qildi.
Davlatimiz rahbari mehmonni qutlar ekan, O‘zbekiston Respublikasining BMT, uning tuzilma va institutlari bilan amaliy va o‘zaro manfaatli hamkorligi mustahkamlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Joriy yil may va iyun oylarida BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish va Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Zayd Raad Al-Husaynning O‘zbekistonga tashriflari hamda ular bilan o‘tkazilgan uchrashuvlar, shuningdek, davlatimiz rahbarining sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi ishtiroki yakunlari bo‘yicha BMT Barqaror taraqqiyot maqsadlariga muvofiq o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan "yo‘l xaritalari" qabul qilindi va amalga oshirilmoqda.
Millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash O‘zbekistonni rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan uzoq muddatli Harakatlar strategiyasi va BMT bilan keng ko‘lamli hamkorlik dasturining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekani alohida ta’kidlandi.
Bugungi kunda mamlakatimizda 130 dan ortiq millat va elat, 16 diniy konfessiya vakillari ahil-inoq, tinch-totuv yashab kelmoqda. Ular o‘z huquq va erkinliklarini ro‘yobga chiqarishi uchun zarur barcha sharoitlar yaratilgan. Jamiyatimizda do‘stlik va mehr-oqibat, millatlararo va dinlararo totuvlik muhiti yanada mustahkamlanmoqda.
BMT maxsus ma’ruzachisi O‘zbekistonda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, bag‘rikenglik va vijdon erkinligini ta’minlash, dinga e’tiqod qiluvchilarning huquqlarini himoya qilish va ularning kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha yangi bosqichda amalga oshirilayotgan o‘zgarish va islohotlarni yuksak baholadi.
Maxsus ma’ruzachi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida bayon etilgan tashabbuslarning dolzarbligi va o‘z vaqtida ilgari surilganini alohida qayd etdi.
Xususan, Ahmad Shahid "Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik" nomli maxsus rezolyutsiyani qabul qilish to‘g‘risidagi taklifi, Samarqandda Imom Buxoriy nomidagi xalqaro tadqiqot markazi va Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazi tashkil etilayotgani to‘liq qo‘llab-quvvatladi.
Uchrashuvda vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risidagi qonunchilikni takomillashtirish, dinlararo va millatlararo munosabatlar sohasida o‘zaro muvofiqlashtirilgan choralar ko‘rish va qo‘shma tadbirlar o‘tkazish masalalari ham muhokama qilindi.
BMT maxsus ma’ruzachisi Ahmad Shahid Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga samimiy qabul hamda O‘zbekistonga tashrifi tadbirlarga boy dastur asosida tashkil etilgani uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekiston Respublikasi bilan tizimli, ochiq va amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyorligini qayd etdi.