O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Firibgarlikka baho berishda muhim asos
2017-10-12 | Jamiyat
Mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichida muhim o‘rin tutayotgan 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida qonuniylik va qonun ustuvorligini ta’minlash bo‘yicha muhim vazifalar belgilangan. Shu asosda fuqarolarning sudga murojaat qilish hamda sud orqali himoyalanish huquqlari yanada kengaytirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan navbatdagi majlisida ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlarga e’tibor qaratildi. Majlisda fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, mulk daxlsizligini ta’minlashga qaratilgan “Firibgarlikka oid ishlar bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi Oliy sud plenumi qarori loyihasi muhokama etildi.
Oliy sud raisi K.Komilov boshqargan majlisda fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, jamiyatda adolat barqarorligini ta’minlash yo‘lida salmoqli ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbarining 2017 yil 21 fevraldagi "O‘zbekiston Respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samadorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni asosida sud tizimi takomillashayotgani, soha yetuk mutaxassislar bilan ta’minlanayotgani, qonunchilik asoslari mustahkamlanayotgani shu maqsadga xizmat qilayotir.
Majlisda muhokama etilgan “Firibgarlikka oid ishlar bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi Oliy sud plenumi qarori loyihasi shu toifadagi jinoiy qilmishlarni to‘g‘ri malakalash, qonun talablarini to‘g‘ri qo‘llash va yagona sud amaliyotini shakllantirishga erishishda muhim o‘rin tutadi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq, xususiy mulk boshqa mulk shakllari kabi daxlsizdir va davlat himoyasidadir.
Bundan kelib chiqadiki, mulkka nisbatan har qanday tajovuz qonun bilan ta’qib etiladi.
Ammo amaliyotda mulkka tajovuz qilish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar orasida o‘zganing mulkini firibgarlik yo‘li bilan talon-taroj qilishga oid jinoyatlarning kengayishi tendensiyasi kuzatilmoqda.
Firibgarlik deganda, o‘zganing mulkini yoki mulkka bo‘lgan huquqini aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan qonunga xilof ravishda egallab olish tushuniladi.
Shuning uchun Oliy sudning 2009 yil 24 iyuldagi plenumi qaroriga bugungi kunda sud amaliyotida yuzaga kelgan muammolarni inobatga olgan holda tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish zarurati yuzaga keldi. Shundan kelib chiqib, sud amaliyotini chuqur o‘rganib, ilmiy va amaliyotchi mutaxassislarning fikr-mulohazalarini inobatga olgan holda plenum qarori yangi tahrirda tayyorlandi.
Unda sudlarga nafaqat firibgarlik jinoyatini to‘g‘ri va asosli malakalash, balki Jinoyat kodeksi ta’siri doirasiga tushgan shaxslarni odatdagi fuqaroviy-huquqiy munosabatlardan farqini aniqlashga oid tushuntirishlar berilgan.
Plenum qarori amaldagi qonun normalarini aniq va bir xilda qo‘llash orqali yagona sud amaliyotini shakllantirishga qaratilgan. O‘z navbatida, mazkur hujjat fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, odil sudlov samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Oliy Majlis Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, Oliy sud sudyalari, Sudyalar oliy kengashi a’zolari, viloyat va tuman sudlari, harbiy sudlar raislari, Oliy sud huzuridagi ilmiy-maslahat kengashi a’zolari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar mas’ul xodimlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan majlisda ko‘rib chiqilgan masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.