O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Toshkentda dzyudo bo‘yicha paralimpiyachilar o‘rtasida jahon kubogi o‘tkazildi

2017-10-10 | Sport

Poytaxtimizdagi "O‘zbekiston" sport majmuasida dzyudo bo‘yicha paralimpiyachilar o‘rtasida jahon kubogi o‘tkazildi.

Mazkur nufuzli musobaqa O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi, Milliy paralimpiya assotsiatsiyasi, Milliy olimpiya qo‘mitasi va mamlakatimiz dzyudo federatsiyasi tomonidan Xalqaro ko‘zi ojizlar sport assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda tashkil etildi. 

Mamlakatimizda jismoniy imkoniyati cheklangan insonlar, ayniqsa, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning iqtidorini yuzaga chiqarish, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallashi, jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanib, o‘z salohiyatini namoyon qilishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Buning samarasida O‘zbekiston paralimpiyachilari jahon va qit’a chempionatlari hamda Paralimpiya o‘yinlarida ulkan zafarlarni qo‘lga kiritmoqda. 

Xalqaro ko‘zi ojizlar sport assotsiatsiyasi mamlakatimizda Paralimpiya o‘yinlari dasturidan joy olgan dzyudoni jismoniy imkoniyati cheklangan yoshlar o‘rtasida yanada ommalashtirishga doimiy e’tibor qaratilayotgani, nufuzli sport anjumanlari yuksak saviyada tashkil etilayotgani hamda zamonaviy sport infratuzilmasi mavjudligini inobatga olib, mazkur musobaqani Toshkent shahrida o‘tkazishga qaror qildi. 

Davlatimiz rahbarining shu yil 9 martdagi O‘zbekiston sportchilarini 2020 yil Tokio shahrida (Yaponiya) bo‘lib o‘tadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlashga oid qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston milliy paralimpiya assotsiatsiyasi tomonidan poytaxtimizda dzyudo bo‘yicha paralimpiyachilar o‘rtasidagi jahon kubogini yuqori saviyada o‘tkazish, musobaqa tashkil etiladigan sport majmuasining xalqaro standartlarga mos kelishini ta’minlash bo‘yicha izchil ishlar olib borildi. 

Nufuzli musobaqada 30 ga yaqin davlatdan kelgan polvonlar 13 vazn toifasida g‘oliblik uchun kuch sinashdi. Keskin va murosasiz bahslarga boy o‘tgan chempionatda Shuhrat Boboyev, Sherzod Namozov, Feruz Saidov, Parvina Samandarova o‘z vazn toifalarida barcha raqiblarini mag‘lubiyatga uchratib, oltin medalni qo‘lga kiritdi.

Sportchilarimiz Nurbek Mirzayev, Vasila Aliboyeva, Sevinch Salayeva kumush medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Sharif Xalilov, Shirin Sharipov, Feruzaxon Yusupova, Gulruh Rahimova bronza medal bilan taqdirlandi. 

– Chempionatda zafar quchganimizdan g‘oyat baxtiyormiz, – deydi Feruz Saidov. – Bu natija bilan to‘xtab qolmaymiz, kelgusida o‘tkaziladigan qit’a va jahon chempionatlari, Paralimpiya o‘yinlarida ham munosib qatnashib, o‘zbek paralimpiyachilarining yuksak salohiyatini butun jahonga namoyish etishga harakat qilamiz. 

Chempionatda O‘zbekiston terma jamoasi 4 oltin, 3 kumush va 4 bronza medalni qo‘lga kiritib, umujamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi.

 

Javohir Toshxo‘jayev, Muhammad Amin (surat), O‘zA

Поделиться