O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Profilaktika inspektorlariga zamonaviy uy-joy va xizmat avtomashinalari topshirildi
2017-10-10 | Jamiyat
Andijon va Namangan viloyatlari ichki ishlar boshqarmalari tizimidagi tayanch punktlari profilaktika inspektorlari tantanali qasamyod qabul qildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari, turli vazirliklar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar, yoshlar, profilaktika inspektorlarining oila a’zolari ishtirok etgan tadbirlarda Prezidentimiz tashabbusi bilan ichki ishlar organlari profilaktika inspektorlari ish va yashash sharoitini yaxshilash, mahalla, keng jamoatchilik bilan hamkorligini mustahkamlash, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish, mahallalarda ma’naviy muhit barqarorligini yanada mustahkamlash, fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan izchil ishlar yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi.
Tantanali qasamyod qabul qilish marosimidan so‘ng davlatimiz rahbarining joriy yil 20 apreldagi “Ichki ishlar organlari tayanch punktlarining profilaktika inspektorlarini xizmat uy-joyi bilan ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Andijon viloyatidagi 120 nafar profilaktika inspektoriga uy-joy va imtiyozli kredit asosida sotib olingan yangi xizmat avtomashinalari topshirildi.
– Bizga ko‘rsatilayotgan ulkan e’tibor va yaratilayotgan sharoitlar faoliyatimiz samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi Andijon shahrining H.Ahmedov nomidagi mahalla fuqarolar yig‘ini profilaktika inspektori, katta leytenant Iskandar G‘aniyev. – Menga ham o‘zim faoliyat yuritayotgan mahalladan uy-joy, imtiyozli kredit asosida “Matiz” avtomashinasi berildi. Bu zimmamga katta mas’uliyat yuklaydi, el-yurt tinchligi, osoyishtaligi yo‘lida yanada fidoyilik bilan ishlashga undaydi.
Darhaqiqat, endi profilaktika inspektori mahalla hududida oilasi bilan birga yashaydi, mahallaning quvonchu tashvishiga sherik bo‘ladi, muammolarni birgalikda hal etadi. Eng muhimi, oilasidan, farzandlaridan ko‘ngli xotirjam. Bundan profilaktika inspektorining oila a’zolari ham behad mamnun.
– Turmush o‘rtog‘imning ish joyi uyimizdan ancha uzoq edi, – deydi Marhamat tumanidagi "Do‘stlik" mahalla fuqarolar yig‘ini profilaktika inspektori, leytenant Rustam Mirzayevning ayoli Dilnoza Mirzayeva. – Ikki farzandimiz bor. Erta ketib, kech qaytganidan bolalar otasini hatto haftalab ko‘rmas edi. Mana endi u ishlayotgan hududdan uy-joy berildi, bundan hammamiz xursandmiz. Profilaktika inspektori va ularning oila a’zolariga ko‘rsatilayotgan bunday yuksak e’tibor uchun Prezidentimizdan minnatdormiz.