O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘t o‘chirish tizimida yangi texnologiyalar qo‘llanilmoqda
2017-10-06 | Texnologiyalar
Poytaxtimizdagi barcha xavfsizlikni ta’minlash tizimlari ishini nazorat qilish uchun ko‘plab manbalardan keluvchi turfa axborotlarni jamlash, birlashtirish, tahlil qilish va guruhlarga bo‘lishga qodir kompleks axborot tizimi zarur. Prezidentimizning 2017-yil 29-avgustdagi "Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida loyiha boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq yaratilgan "Xavfsiz shahar" yagona apparat-dasturiy majmuasi aynan shu maqsadlarga xizmat qiladi.
Toshkent shahar IIB yong‘in xavfsizligi boshqarmasining axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqalar markazi rahbari S.Yurovning qayd etishicha, zamonaviy AKT nazorat qilib bo‘lmaydigan yong‘inlarni erta aniqlash sur’atini sezilarli darajada oshiradi, yong‘inlar turi, darajasi va murakkabligini aniqlashga yordam beradi. Bu, o‘z navbatida, o‘t o‘chirish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. "Xavfsiz shahar" yagona apparat-dasturiy majmuasini yaratish doirasida shakllantirilgan shahar IIB yong‘in xavfsizligi boshqarmasining axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqalar markazi zamonaviy AKT va aloqa vositalarini joriy etish maqsadida yong‘inlarni aniqlash va ular sodir bo‘lganda harakat qilish tezligini oshirishga yo‘naltirilgan qator AKT loyihalarni amalga oshirmoqda.
Birinchi navbatda poytaxtning real vaqtda muntazam yangilanib turadigan elektron xaritasidan iborat Toshkent geoaxborot tizimi ishlab chiqildi. Xaritada harbiylashtirilgan yong‘in xavfsizligi bo‘linmalari joylashgan hududlar, shuningdek, shahardagi bozorlar, ommaviy inshootlar, muhim iqtisodiy-ijtimoiy bino va obyektlarga olib boradigan qisqa marshrut va kirish yo‘llari ko‘rsatilgan. Bu yong‘in aniqlanganida turli harbiylashtirilgan yong‘in xavfsizligi tuman bo‘linmalari ishini muvofiqlashtirish hamda yong‘inni bartaraf etish uchun yong‘in texnikasi turi va miqdorini aniqlash imkonini beradi.
Ayni paytda yong‘in haqidagi barcha ma’lumot va qo‘ng‘iroqlar yaqinda tashkil etilgan Toshkent shahar o‘t o‘chirish kuchlari va vositalarini boshqarish va muvofiqlashtirish markaziga kelib tushadi, tunu kun navbatchilik qiladigan dispetcherlar tomonidan qayta ishlanadi. Ko‘p hollarda murojaat qiluvchilar yong‘in sodir bo‘lgan manzilni tushuntirishga, mo‘ljal va avtotransport borishi mumkin bo‘lgan qisqa yo‘lni ko‘rsatishga qiynaladi yoki imorat, ko‘cha va chorrahaning faqat eski, norasmiy nomini bilishadi. Bunday murakkab masalani hal etish uchun Toshkent geoaxborot tizimiga yangi – qo‘ng‘iroq qiluvchi manzilini avtomatik ravishda aniqlash va maxsus avtotransport harakatlanadigan yo‘nalish hamda mo‘ljalni belgilash vazifalari integratsiya qilinmoqda. Bu ma’lumotlarning barchasi har bir yong‘in uchun alohida elektron xaritaga avtomatik ravishda kiritib boriladi. Shuningdek, tizimda sun’iy yo‘ldosh tasvirlaridan foydalanish imkoniyati ham mavjud, zero, imoratlar joylashuvi va ularga kirish yo‘llari sun’iy yo‘ldosh tasvirlarida sxematik tasvirlardan ko‘ra yaxshiroq ko‘rinadi. Sun’iy yo‘ldosh tasvirlaridan o‘t o‘chiruvchi transport harakatlanishi uchun eng qisqa yo‘nalishni belgilashda qo‘llaniladi. Bundan tashqari, har bir o‘t o‘chiruvchi mashinaga nafaqat qayerdaligi, balki qanday tezlikda ketayotgani qayd etib boriladigan GPS navigatorlar o‘rnatilgan.
Toshkent shahar o‘t o‘chirish kuchlari va vositalarini boshqarish va muvofiqlashtirish markazi, shuningdek, Toshkent shahar ichki ishlar boshqarmasi elektron xaritasidan ham foydalanish huquqiga ega. Yong‘in haqidagi murojaatni qabul qilgan dispetcher poytaxt ko‘chalarida o‘t o‘chirish mashinalarining bemalol harakatlanishini ta’minlaydi yoki o‘t o‘chirish davomida yuzaga kelgan boshqa vaziyatlarni bartaraf qilish uchun militsiya qismlaridan birini istagan paytda jalb eta oladi.
Yong‘inni erta aniqlash maqsadida o‘rnatilgan maxsus videokuzatuv va yuqori aniqlikka ega kameralar shahar yong‘in xavfsizligini mustahkamlovchi eng istiqbolli yo‘nalishlardan biriga aylangan. Bunday videokuzatuv tizimlari muhim militsiya blokpostlari va harbiylashtirilgan yong‘in xavfsizligi bo‘linmalarining barchasida mavjud. Yuqori aniqlikdagi kameralar esa yong‘inni imkon qadar erta aniqlash uchun poytaxtning osmono‘par imoratlariga o‘rnatilmoqda. Ayni paytda shahardagi ko‘p qavatli imoratlarga shunday kameralarning yettitasi o‘rnatilgan. Ular yordamida qisqa muddatda beshta yong‘inni ilk bosqichlaridayoq aniqlash va bartaraf etishga ulgurildi.
Yong‘in – insoniyat ming yillardan beri kurashib kelayotgan vayronkor ofatlardan biridir. Zamonaviy texnika taraqqiyoti, AKT va aloqa vositalarining rivojlanishi tilsiz yov bilan kurashda yangi istiqbollar ochmoqda.