Dori-darmon: Sun’iy taqchillik, import qilishdagi ortiqcha tartib-taomillarga chek qo‘yiladi
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining rasmiy saytida ushbu sarlavha ostida berilgan maqolada davlatimiz rahbarining 2016-yil 31-oktabrida qabul qilingan “Aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashni yanada yaxshilashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq dori vositalarining narxi sezilari pasaygani, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash, xalqimizni sifatli va arzon dori vositalari bilan ta’minlash tizimi takomillashtirilgani ta’kidlanadi.
Ammo olib borilayotgan monitoring ishlari, kelib tushayotgan murojaatlar dori-darmon ta’minoti va narxi masalasida hal etilishi lozim bo‘lgan masalalar borligini ko‘rsatdi, deyiladi maqoladi. Shu nuqtai nazardan joriy yilning 17-iyulida «Aholini dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Prezident qarori imzolandi. Mazkur hujjat avvalgisining mantiqiy davomi sifatida joriy etilmoqdaki, bunda o‘z yechimini kutayotgan ko‘plab masalalar qamrab olingan. Xususan, hujjatda aholini dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan uzluksiz ta’minlash, sun’iy taqchillik va narxlarning oshirib yuborilishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha qator chora-tadbirlar belgilangan.
Shunday tadbirlardan biri 2017-yil 1-avgustidan boshlab ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlarini chetdan xarid qilish istisno tariqasida «O‘zmedeksport» respublika tashqi iqtisodiy davlat korxonasi tomonidan Tibbiyot muassasalari va aholini dori vositalari hamda tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashni nazorat qilish bo‘yicha respublika komissiyasi tasdiqlaydigan narxlarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha tender savdolari o‘tkazilmasdan amalga oshirilishi bo‘ldi.
Buning amaliy ahamiyati shundaki, ilgari xorijdan xarid qilinayotgan dori vositalari to yurtimizga kiritilib, dorixonalarga tarqatilguniga qadar bir necha bosqichlardan o‘tardi. Natijada ortiqcha rasmiyatchiliklar sabab, zarur dori belgilangan muddatidan kechikib yetib kelardi. Dori vositalarining tender savdolarisiz xarid qilinishi ayni shu masalaga yechim bo‘lishi kutilmoqda.
Kuni kecha «O‘zmedeksport» respublika tashqi iqtisodiy davlat korxonasi belgilangan vazifalar ijrosi doirasida Rossiya Federatsiyasining “Farmstandart” aksiyadorlik jamiyati bilan o‘zaro hamkorlik memorandumini imzoladi. Memorandumning maqsadi dori-darmon ta’minoti bo‘yicha tomonlar uchun o‘zaro manfaatli bo‘lgan uzoq va ishonchli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdir. Hujjatga ko‘ra, ushbu memorandumning amal qilish muddati uch yil etib belgilandi.
Ma’lumot uchun Rossiya Federatsiyasining “Farmstandart” aksiyadorlik jamiyati dori-darmon tayyorlash va ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi yirik farmatsevtik kompaniya hisoblanadi. U yiliga 17 milliarddan ortiq o‘ramdagi ko‘plab turdagi dori-darmon ishlab chiqarish quvvatiga ega.