O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekiston va Qirg‘iziston munosabatlarining bugungi darajasidan xalqlarimiz mamnun

2017-10-06 | Siyosat

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Almazbek Atamboyev 5-oktabr kuni davlat tashrifi bilan mamlakatimizga keldi. 

Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida Qirg‘iziston Prezidenti Almazbek Atamboyev va uning rafiqasini O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rafiqasi bilan kutib oldi. 

Prezident Almazbek Atamboyev Prezident Shavkat Mirziyoyev hamrohligida Mustaqillik maydoniga tashrif buyurdi. 

Oliy martabali mehmon hurriyatimiz, porloq istiqbolimiz va ezgu niyatlarimiz ramzi bo‘lgan Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gul qo‘ydi. 

Qirg‘iziston Prezidenti ushbu muazzam maydon O‘zbekistonning tinchliksevar siyosatini, xalqimizning bunyodkorlik va farovonlik yo‘lidagi ezgu intilishlarini aks ettiruvchi noyob majmua ekanini alohida ta’kidladi. 

Shavkat Mirziyoyev va Almazbek Atamboyev «O‘zekspomarkaz»da tashkil etilgan O‘zbekiston va Qirg‘iziston sanoat mahsulotlari ko‘rgazmasi bilan tanishdi. 

Ko‘rgazmada mamlakatlarimiz so‘nggi yillarda iqtisodiyot sohasida erishgan yutuqlar, sanoatning turli tarmoqlarida faoliyat yuritayotgan kompaniyalar mahsulotlari, ilmiy-ishlab chiqarish markazlarining innovatsion loyiha va ishlanmalari namoyish etilmoqda. 

Prezidentlar ekspozitsiya bilan tanishar ekan, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirishda bunday ko‘rgazmalar muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdilar. Ikki mamlakat iqtisodiyot tarmoqlari o‘rtasida hamkorlikning mustahkamlanishi ishlab chiqarish jarayoni takomillashishi va mahsulotlarning yanada ommaviylashishiga xizmat qilishini ta’kidladilar. 

Davlat tashrifi doirasidagi asosiy tadbirlar Ko‘ksaroy qarorgohida bo‘ldi. 

Rasmiy kutib olish marosimidan so‘ng davlat rahbarlarining tor doiradagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. 

Shavkat Mirziyoyev Almazbek Atamboyevni mamlakatimizga tashrifi bilan qutlab, butun Qirg‘iziston xalqiga o‘zining chuqur hurmatini izhor etdi. 

Bugungi tashrif joriy yil sentabrda Qirg‘izistonda bo‘lib o‘tgan tarixiy uchrashuvlarning mantiqiy davomidir. Ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi, hamfikrligi tufayli O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston munosabatlari mustahkamlanib, o‘zaro aloqalar faollashdi. Qisqa vaqtda erishilgan tarixiy kelishuvlarni xalqlarimiz yuksak baholadi, dedi Prezidentimiz. 

Almazbek Atamboyev Shavkat Mirziyoyevga taklif uchun minnatdorlik bildirib, Qirg‘iziston xalqi nomidan chuqur hurmat va ehtirom izhor etdi. 

Siz davlatlarimiz o‘rtasidagi chegarani do‘stlik va hamkorlik chegarasiga aylantirdingiz. Chegara postlarining ochilishi haqiqiy bayramga aylanib ketdi. Bu Shavkat Mirziyoyevning, avvalo, xalqni, oddiy odamlar hayotini o‘ylashidan dalolat. Hududlararo hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani, transport aloqalari tiklangani bizni yanada birlashtirdi. Bu har ikki tomonga manfaat keltiradi, dedi Qirg‘iziston Prezidenti. 

Muloqotda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashildi. 

O‘zbekiston o‘z tashqi siyosatida Markaziy Osiyoga ustuvor ahamiyat qaratmoqda. Barcha qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarni mustahkamlamoqda. Jumladan, Qirg‘iziston Respublikasi bilan aloqalar ham yangi mazmun kasb etdi. Parlamentlar, vazirlik va idoralar, hududlar o‘rtasidagi tashriflar ko‘paydi. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Almazbek Atamboyev muloqotni ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida davom ettirdilar. 

Unda asosiy e’tibor O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston o‘rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy va hududlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish, transport-kommunikatsiya, energetika, sanoat, qishloq va suv xo‘jaligi, madaniyat va boshqa sohalardagi aloqalarni mustahkamlash masalalariga qaratildi. 

Savdo-iqtisodiy aloqalar rivojida O‘zbekiston Respublikasi bilan Qirg‘iziston Respublikasi o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya muhim o‘rin tutmoqda. Mazkur komissiyaning hamraislari sifatida ikki mamlakat Bosh vazirlari belgilangani tomonlarning o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishga yuksak e’tiboridan dalolat beradi. 

O‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilar O‘shda bo‘lib o‘tgan xalqaro ko‘rgazmada ishtirok etdi. Qirg‘iziston iqtisodiyot vazirining mamlakatimizga tashrifi ham samarali bo‘ldi. 

Qirg‘iziston Prezidentining O‘zbekistonga davlat tashrifi doirasida tashkil etilgan sanoat mahsulotlari ko‘rgazmasi va biznes-forumda qariyb 200 million dollarlik shartnomalar imzolanadi. 

Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlash ko‘rsatkichi mavjud iqtisodiy imkoniyatlarga mos emasligi, yaqin yillarda o‘zaro savdo hajmini 500 million dollarga yetkazish zarurligi qayd etildi. Sanoat kooperatsiyasini yo‘lga qo‘yish va qo‘shma korxonalar tashkil etish vaqti kelgani ta’kidlandi. 

Qirg‘izistonda qishloq xo‘jaligi texnikalari, avtomobillar, avtobuslar va maishiy uskunalarni birgalikda yig‘ish, qurilish materiallari, to‘qimachilik mahsulotlari va boshqa tovarlar ishlab chiqarib, uchinchi davlatlarga eksport qilishga kelishib olindi. Hududlar va tadbirkorlar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar yanada rivojlantiriladi. 

O‘zbekiston va Qirg‘izistonning transport kommunikatsiyalari o‘zaro integratsiyalashgan. Bu barcha sohalardagi aloqalar rivojida, shuningdek, ikki mamlakat hududlari orqali jahon bozorlariga chiqishda muhim rol o‘ynaydi. Shu bois mamlakatlarimiz transport qatnovi, erkin tranzitni ta’minlash sohasida hamkorlikni rivojlantirmoqda. 

«O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy» temir yo‘lining qurilishi mamlakatlarimiz uchun ulkan iqtisodiy imkoniyatlar ochishi ta’kidlandi. Yangi avtomobil yo‘laklari, jumladan, «Andijon-O‘sh-Irkishtom-Qoshg‘ar» qatnovini ochish mintaqa davlatlari o‘rtasida o‘zaro manfaatli aloqalarni kengaytirish va ularning iqtisodiy taraqqiyotiga qo‘shimcha sur’at bag‘ishlashga xizmat qilishi qayd etildi. 

O‘zbekiston va Qirg‘iziston xalqlarining madaniyati, qadriyatlari mushtarak. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, bizning tilimiz, dinimiz, fikrimiz bir. 

Bu jihatlar madaniy-gumanitar aloqalar rivojida muhim omil bo‘lmoqda. O‘zbekistonda qirg‘iz tili va madaniyati, Qirg‘izistonda o‘zbek tili va madaniyatini o‘rganishga alohida e’tibor qaratilmoqda. 

Joriy yilda Qirg‘iziston teatr ijodkorlari Farg‘ona vodiysiga, o‘zbekistonlik san’atkorlar O‘sh, O‘zgan, Aravon, Novqat, Qorasuv, Jalolobod shaharlariga ijodiy safar qildi. Qirg‘iziston delegatsiyasi mamlakatimizda bo‘lib turgan ayni kunlarda Qirg‘izistonda O‘zbekiston madaniyati kunlari o‘tkazilmoqda. 

Prezidentimiz tashabbusi bilan davlat chegaralari bo‘yicha tarixiy kelishuvlarga erishilgani va qator chegara postlari ochilgani ikki qardosh xalq o‘rtasidagi do‘stlik aloqalari uchun keng imkoniyat berdi. 

Oliy darajadagi muzokaralardan so‘ng ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi bo‘ldi. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Almazbek Atamboyev O‘zbekiston Respublikasi bilan Qirg‘iziston Respublikasi o‘rtasida strategik sheriklik, do‘stlik, ahil qo‘shnichilik va ishonchni mustahkamlash to‘g‘risida deklaratsiyani imzoladilar. 

Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikning turli sohalariga doir 10 dan ortiq hujjat imzolandi. 

Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda Prezidentlar muzokaralar o‘zaro anglashuv, ochiqlik va samimiyat ruhida o‘tgani, tomonlar o‘rtasida hal qilinmagan masalalar deyarli qolmaganini alohida ta’kidladilar. 

Shavkat Mirziyoyev imzolangan hujjatlar xalq talab va istaklaridan kelib chiqib qabul qilingani, ular mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilishini qayd etdi. 

Almazbek Atamboyev so‘nggi vaqtlarda erishilgan kelishuvlarni xalqlarimiz uzoq kutgani, tarixda qoladigan shunday ishlarga hissa qo‘shganidan baxtiyor ekanini ta’kidladi. 

Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Almazbek Atamboyevning mamlakatimizga davlat tashrifi davom etmoqda. 

Поделиться