O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Islom dini tinchlik va ezgulikka xizmat qiladi

2017-10-05 | Jamiyat

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Amerika Qo‘shma Shtatlariga tashrifi, BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqi ko‘p qirrali mazmundorligi bilan xalqaro ahamiyat kasb etdi.

Xalqaro press-klubning navbatdagi sessiyasida davlatimiz rahbarining nutqida alohida mavzu bo‘lgan, katta qiziqish bilan kutib olingan diniy-axloqiy, ma’naviy-ma’rifiy, tinchlik bobidagi fikrlar muhokamalar mavzusi bo‘ldi. 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi va boshqa diniy tashkilotlar vakillari, diniy ta’limga ixtisoslashgan oliy o‘quv yurtlari o‘qituvchilari, talabalar, mahalla faollari, ekspertlar, mahalliy va xorijiy jurnalistlar ishtirok etgan tadbirda so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda diniy bag‘rikenglik, o‘zaro hamjihatlik, birdamlik ruhida amalga oshirilayotgan ishlar e’tiborga molikligi, bu borada yangi bosqichda davom etayotgan islohotlar xalqimiz turmush farovonligini yuksaltirishda muhim omil ekanini alohida qayd etdi. 

– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev fuqarolar dardu tashvishlarini yengillatish, xohish-istaklarini ta’minlash, nafaqat moddiy, balki ma’naviy ehtiyojlarini ro‘yobga chiqarish borasida alohida ahamiyatga molik ishlarni amalga oshirmoqda, – dedi O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov. – Davlatimiz rahbari o‘z nutqida islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini dunyo jamoatchiligiga yetkazdi, uning bag‘rikenglik, tinchlik va taraqqiyparvar jihatlari haqida gapirdi, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish g‘oyasini ilgari surdi. Bu, albatta, dunyoda O‘zbekistonning do‘stlari yanada ko‘payishiga turtki bo‘ldi. 

Darhaqiqat, ta’kidlash joizki, mamlakatimizda muqaddas dinimizni, ulamolarimizning boy merosini o‘rganish, tarixiy obidalarni asrab-avaylashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu kabi xayrli ishlar yurtdoshlarimiz va xalqaro jamoatchilik tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanmoqda. Xususan, poytaxtimizda barpo qilinayotgan Islom sivilizatsiyasi markazida akademiya, kutubxona, arxiv va qo‘lyozmalar fondi tashkil etiladi. Mazkur markazni buyuk mutafakkir va ulamolar tomonidan asos solingan ilmiy va diniy maktablarga doir yurtimizda va chet ellarda saqlanayotgan qadimiy qo‘lyozma va toshbosma kitoblar, tarixiy dalil va hujjatlar, arxeologik topilmalar, osori-atiqalar, zamonaviy ilmiy-tadqiqot ishlari, video va foto hujjatlar bilan boyitish ko‘zda tutilgan. 

Mamlakatimizda mavjud masjidlarni rekonstruksiya qilish, ilmiy-badiiy kitoblarni chop etish, diniy yo‘nalishdagi oliy ta’lim muassasalariga qabul kvotalarini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. 

– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasidagi nutqini alohida qiziqish bilan kuzatdik, – deydi Rus pravoslav cherkovi Toshkent va O‘zbekiston yeparxiyasi rahbari, mitropolit Vikentiy. – O‘zbekistonda vijdon erkinligi kafolatlangan. Bu kundalik yumushlarimizda o‘z aksini topmoqda. Fikrimga yorqin misol. Yaqindagina Moskva va Butun Rus Patriarxi Kirill O‘zbekistonda bo‘lib, millatlararo tinchlik-totuvlik, turli din vakillari o‘rtasida do‘stlik va mehr-oqibatni mustahkamlash borasida mamlakatimizda olib borilayotgan siyosat hamda O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarga yuksak baho berdi. U Toshkent va Samarqand shaharlarida xalqimiz bilan muloqotlar chog‘ida mamlakatimizda bag‘rikenglik va mehmondo‘stlik munosabatlarini bevosita his qildi. Taraqqiyot mezonlari ana shunday samimiy munosabatlar bilan yuksalishini e’tirof etdi. 

Xalqaro press-klub sessiyasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasidagi nutqi nafaqat mamlakatimizda, balki Markaziy Osiyo va butun dunyoda hamjihatlikka erishish, tinchlikni saqlash yo‘lida muhim dasturilamal bo‘lishi alohida e’tirof etildi.

 

Ulug‘bek Asrorov, O‘zA

Поделиться