O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Qonun loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi

2017-10-05 | Jamiyat

Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida O‘zbekiston Respublikasining “Odam a’zolari va to‘qimalarini transplantatsiya qilish to‘g‘risida”gi qonuni loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. 

O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, tibbiyot sohasidagi mutasaddi vazirlik va idoralar xodimlari, professor-o‘qituvchilar, olimlar, ekspertlar va partiya faollari ishtirok etdi. 

Mamlakatimizda tibbiy xizmat ko‘rsatish sohasini tubdan isloh qilish, ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini yuksaltirish, ularning turini yanada kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar samarasida xalqimiz salomatligi mustahkamlanayotgani ta’kidlandi. Sohani yanada rivojlantirish, bu borada yechimini kutayotgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha tizimli ishlar bajarilmoqda. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatimizda o‘n minglab bemorlar organlar va to‘qimalar transplantatsiyasiga muhtoj. Bunday bemorlarga buyrak, jigar, yurak, o‘pka singari to‘qima va organlarni transplantatsiya qilish orqali ularning hayotini saqlab qolish mumkin. Mamlakatimizda mavjud ba’zi cheklovlar tufayli ayrim tibbiy muolajalarni o‘tkazish, xususan, transplantologiya masalasida fuqarolarimiz hamon xorijdagi tibbiyot muassasalariga murojaat qilmoqda. Xorijda davolanish uchun fuqarolarimiz ham mablag‘, ham vaqt jihatdan qiyinchiliklarga uchramoqda. 

Shundan kelib chiqib, partiya tomonidan aholi o‘rtasida talab yuqori bo‘lgan tibbiyot muolajalariga, jumladan, transplantologiya tibbiy xizmatiga ruxsat berishning huquqiy asoslarini yaratish borasida amaliy ishlar olib borilmoqda. Joriy yilning avgust oyida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolanib, vazirlik bilan hamkorlikda ishchi guruh tuzildi. Qo‘shma chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Mazkur hujjatda belgilangan tadbirlar qatorida “Odam a’zolari va to‘qimalarini transplantatsiya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish, uni keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilish belgilangan. 

Mazkur qonun loyihasi O‘zbekiston normativ-huquqiy hujjatlarning muhokamasi portalida umumiy muhokamaga qo‘yildi. Shuningdek, ushbu hujjat hududlardagi tibbiyot muassasalari hamda sohaga ixtisoslashgan oliy o‘quv yurtlarida partiya elektorati va deputatlari ishtirokida keng muhokama qilinmoqda. 

Qonun loyihasining asosiy maqsadi zamonaviy fan va tibbiyot amaliyoti yutuqlarini hisobga olgan holda inson organlari, to‘qima va hujayralarini transplantatsiya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdir. Qonun loyihasini ishlab chiqishda ushbu sohadagi xorijiy tajriba hamda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalari inobatga olingan. 

Davra suhbatida qonun loyihasida nazarda tutilayotgan normalar muhokama etilib, ishtirokchilarning takliflari tinglandi.

 

Go‘zal Sattorova, O‘zA

Поделиться