O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
14 harbiy oila yangi uyga ko‘chib o‘tdi
2017-10-05 | Jamiyat
Milliy xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlarining Jizzax viloyati Yangiobod tumanida joylashgan harbiy qismlaridan birida harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari uchun 10 xonadonli bitta yangi uy qurilib, 4 xonadonli bitta qayta rekonstruksiya qilingan turar joy binosi foydalanishga topshirildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda MXX chegara qo‘shinlari harbiy qismi mas’ul ofitserlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, mahalla faollari ishtirok etdi. Prezidentimiz rahnamoligida mamlakatimiz Qurolli Kuchlari tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar jarayonida harbiylar oilalariga qulay sharoit yaratishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
– Yangi uy berilganidan barchamiz behad xursand bo‘ldik, – deydi shartnoma asosida xizmat qilayotgan oddiy askar Dilshod O‘rolov. – Zamonaviy uyda oilamiz bilan baxtiyor hayot kechirish uchun barcha sharoit muhayyo. Bu g‘amxo‘rlik bizni Vatan oldidagi burchimizni yanada g‘ayrat bilan ado etishga rag‘batlantiradi.
Farg‘ona viloyatining Buvayda tumanida o‘sib-ulg‘aygan katta leytenant G‘ofur Mamadaliyev bir necha yildan buyon Vatanga sadoqat bilan xizmat qilish barobarida, askar va serjantlarni ma’nan va jismonan barkamol etib tarbiyalashga, chegaralarimiz daxlsizligini ta’minlashga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Shu kuni uning oilasiga ham yangi uyning kaliti topshirildi.
– Uyimiz xonalari zamonaviy mebellar bilan jihozlangan, – deydi katta leytenant G‘.Mamadaliyevning turmush o‘rtog‘i Gulzoda Mamadaliyeva. – Vatan posboni xonadonining uy bekasi bo‘lish yuksak faxr ekanini hamisha his etib yashayman. Hovlida o‘g‘il-qizlarimiz uchun mo‘’jazgina o‘yin maydonchasi ham barpo etilgan. Bu kabi qulayliklar chegarachilarning o‘z burchini a’lo darajada bajarishiga xizmat qiladi.
Yangi uy egalariga viloyat va tuman hokimligi, harbiy qism rahbariyatining esdalik sovg‘alari topshirildi.
Tadbirda Jizzax viloyati hokimi U.Uzoqov so‘zga chiqdi.