O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Sud tizimi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan qachon to‘liq qamrab olinadi?
2017-10-04 | Jamiyat
Savolga O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining o‘rinbosari
Xolmo‘min Yodgorov javob berdi.
– Aniq aytish mumkinki, joriy yil oxirigacha E-Sud axborot tizimi mamlakatimizning barcha fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarida joriy etiladi. Tizimni boshqa axborot tizimlari bilan integratsiyalashtirish va fuqarolarga yangi interfaol xizmatlarni yaratish borasida amaliy ishlar davom ettiriladi.
Xususan, sud qarorlarining haqiqiyligini tekshirish imkoniyatini beruvchi mexanizmlaridan biri – QR Sode xizmati ishga tushirildi. Ayni chog‘da dasturchilar tomonidan E-Sud axborot tizimining keyingi bosqichi, ya’ni taraflardan apellyatsiya va kassatsiya shikoyatlarini qabul qilish, ularni ko‘rib chiqish va sud hujjatlarini yuborish qismi ham ishlab chiqilmoqda.
Shuningdek, sudlarga davlat boji va boshqa sud xarajatlarini elektron tarzda to‘lash imkoniyatini yaratish uchun E-Sud axborot tizimini Billing tizimi, ya’ni UzKart yoki boshqa elektron to‘lov tizimi bilan integratsiyalash, ortiqcha vaqt sarflanishi va ovoragarchilikning oldini olishga qaratilgan kalkulyatsiya xizmatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Bu kabi izchil ishlar, albatta, kelgusida sud sohasida zamonaviy tizimlar yanada keng joriy etilishi, fuqarolarning haq-huquqlarini himoya qilish samaradorligi oshishiga zamin yaratadi.