O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston va Rossiya Qurolli Kuchlarining hamkorlikdagi mashqlari boshlandi
2017-10-04 | Jamiyat
Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugining “Forish” tog‘-dala o‘quv maydonida O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirliklari qo‘shinlari bo‘linmalarining maxsus taktik-o‘quv mashqlari boshlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 4-5-aprelda Rossiya Federatsiyasiga davlat tashrifi ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishning muhim yo‘nalish va istiqbollarini belgilab berdi. Mazkur mashqlar O‘zbekiston – Rossiya munosabatlarida yangi sahifa ochilgan, strategik sheriklik munosabatlari yangi bosqichga ko‘tarilgan bir paytda o‘tkazilmoqda.
Milliy armiyamizda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida ilg‘or tajribalarni o‘rganish maqsadida xorij mamlakatlari bilan harbiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, qo‘shinlarimizni eng zamonaviy qurol-yarog‘ va harbiy texnika bilan ta’minlash bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Qo‘shinlar zamonaviy hamda modernizatsiya qilingan o‘qotar va og‘ir qurollar bilan, vertolyot va samolyotlar, havo hujumidan mudofaa vositalari, avtomobil va bronetexnikalar, aloqa vositalari bilan ta’minlanmoqda.
O‘zbekiston va Rossiya Mudofaa vazirliklari vakillari, Jizzax viloyati hokimligi mas’ullari, jamoatchilik ishtirokida bo‘lib o‘tgan o‘quv mashqlarining tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri o‘rinbosari – Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni, general-mayor Pavel Ergashev, Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi markaziy harbiy okrug shtabi boshlig‘ining o‘rinbosari, general-mayor Rustam Minnekayev va boshqalar davlatlarimiz o‘rtasida rivojlanib borayotgan strategik hamkorlik har ikki mamlakat xalqlarining tinchlik va osoyishtaligini ta’minlashdek ezgu maqsadlarga xizmat qilayotganini alohida ta’kidladi.