O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Profilaktika inspektorlari qasamyod qildi
2017-10-03 | Jamiyat
Jizzax shahridagi Xotira xiyobonida Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi tarkibidagi tayanch punktlarining profilaktika inspektorlari o‘zlariga ishonib topshirilgan hududda fuqarolar tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash, qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga tantanali qasamyod qildi.
Tadbirda Jizzax viloyati hokimi U.Uzoqov va boshqalar Prezidentimizning 2017-yil 20-apreldagi "Ichki ishlar organlari tayanch punktlarining profilaktika inspektorlarini xizmat uy-joyi bilan ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq, profilaktika inspektorlariga berilayotgan xizmat uylari va avtomashinalar joylarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini yanada mustahkamlashda muhim omil bo‘layotganini ta’kidladi.
Viloyatda ayni paytda 145 ichki ishlar organlari tayanch punkti faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning 139 tasi o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan bir binoda joylashgan. Profilaktika inspektorlari mahalla fuqarolar yig‘ini raisi, diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchi, posbon va fuqarolar yig‘ini komissiyalari bilan hamkorlikda ish olib borayotgani samarasida hududlarda turli noxush holatlarning oldi olinayotir.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, turli vazirlik va idoralar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar, yoshlar, profilaktika inspektorlarining oila a’zolari ishtirok etgan tadbirda 80 nafar profilaktika inspektoriga zamonaviy xizmat uyi va imtiyozli kredit asosida xarid qilingan yangi avtomashina kaliti tantanali ravishda topshirildi.
– Asli Baxmal tumanidan bo‘lganim uchun hozirgacha oilam bilan ijarada yashar edik, – deydi Paxtakor tumani “Paxtakor” qishloq fuqarolar yig‘ini profilaktika inspektori Qilich O‘sarov. – Endi oilamdan ko‘nglim tinch. Davlatimiz tomonidan biz, profilaktika inspektorlariga yuksak ishonch bildirilib, katta qulayliklar yaratib berilmoqda. Xizmat qilayotgan mahallaning o‘zida yashab, tunu kun odamlar orasida bo‘lish imkoniyati faoliyatimiz samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Viloyat badiiy jamoalari ijrosidagi konsert dasturi tadbirga bayramona kayfiyat bag‘ishladi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi N.Yo‘ldoshev, Bosh vazir o‘rinbosari, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi T. Norboyeva, ichki ishlar vaziri P.Bobojonov ishtirok etdi.