O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xalqaro hamkorlik kengaymoqda
2017-10-03 | Iqtisodiyot
“Navoiy” erkin iqtisodiy zonasida “Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining kichik va o‘rta biznes subyektlari bilan hamkorlik mexanizmlari” mavzusida seminar-trening o‘tkazildi.
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, Navoiy viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Buxoro, Samarqand va Navoiy viloyatlarida faoliyat yuritayotgan kichik biznes subyektlari vakillari ishtirok etdi.
Mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash, xorijiy investitsiyalarni keng jalb etishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. Xususan, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlik yillarida iqtisodiyotimizning turli tarmoqlariga 500 million dollardan ziyod mablag‘ jalb qilinib, buning samarasida 54 loyiha hayotga tatbiq etildi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 16-mart kuni mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelgan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Suma Chakrabarti bilan uchrashuvida bank tomonidan kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga doir o‘zaro manfaatli hamkorlik o‘rnatish masalalariga alohida e’tibor qaratilgani bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qilmoqda.
Evropa tiklanish va taraqqiyot bankining Markaziy Osiyo va Rossiya bo‘yicha boshqaruvchi direktori Natalya Xanjenkovaning ta’kidlashicha, mamlakatimizda kichik va o‘rta biznesni yanada taraqqiy ettirish, ularga moliyaviy ko‘mak berish maqsadida tijorat banklari bilan hamkorlikda tizimli ishlar yo‘lga qo‘yiladi. Bu mahalliy tadbirkorlik subyektlarini modernizatsiya qilish va ularning jahon bozoriga chiqishida muhim omildir.
– Tadbirkorlik faoliyatimizni boshlagan ilk davrda mazkur bank mablag‘laridan samarali foydalangan edik, – deydi Buxoro viloyatidagi “Feruz Aziz Buxoriy” xususiy korxonasi rahbari Erkin To‘qsonov. – Xususan, qator imtiyozlar, kredit shartlari qulayligi bizga ma’qul. Bugungi seminarda tadbirkorlar uchun yaratilgan qo‘shimcha yangiliklar xususida atroflicha ma’lumot oldik.
Tadbirda Navoiy viloyati hokimi Q.Tursunov so‘zga chiqdi.