O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

“Termiz kargo” eksport markazining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi

2017-10-03 | Iqtisodiyot

Surxondaryo viloyatidagi “Termiz Cargo Centre” xalqaro logistika markazi negizida tashkil etilgan “Termiz kargo” eksport markazining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. 

O‘zbekiston Respublikasi tashqi savdo vaziri E.G‘aniyev, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston Islom Respublikasidagi maxsus vakili I.Ergashev, Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidentining MDH davlatlari bilan o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha maxsus vakili Muhammad Shokir Korgar, Afg‘oniston Islom Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Xon Jon Alakazay O‘zbekiston bilan Afg‘oniston o‘rtasidagi iqtisodiy, savdo, madaniy va boshqa sohalardagi aloqalar keyingi paytlarda izchil rivojlanayotganini ta’kidladi. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘ani bilan 2016-yil sentabr oyida Toshkent shahrida, 2017-yil iyun oyida Qozog‘istonning Ostona shahridagi uchrashuvlari ikki davlatning samarali hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga ko‘tarishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Joriy yil iyul oyida ta’sis etilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston Islom Respublikasidagi maxsus vakili lavozimi bu borada yana bir muhim amaliy qadam bo‘ldi. 

O‘zbekiston yaqin qo‘shni davlatdagi vaziyatni siyosiy yo‘l bilan hal etish, tinchlikni ta’minlash, barqarorlikni tiklash va iqtisodiyotni rivojlantirish tarafdori bo‘lib kelmoqda. Davlatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqida ham Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish, afg‘on xalqining o‘z taqdirini mustaqil, tinch yo‘l bilan hal qilishiga erishish masalasini xalqaro miqyosda ko‘targani buning yorqin dalilidir. 

Mamlakatimiz Afg‘onistonda tog‘-kon sanoati, qurilish, energetika, ta’lim sohalaridagi loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etayotir. O‘zbekiston ko‘magi bilan qo‘shni davlatda yuqori voltli elektr energiyasi va optik tolali kabel liniyalari, suv ta’minoti tarmog‘i, ko‘priklar barpo etilgan. “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati Xayratondan Mozori Sharifgacha temir yo‘l liniyasini qurib bergan. Yurtimizdan qo‘shni davlatga oziq-ovqat va neft mahsulotlari, elektr energiyasi, mineral o‘g‘itlar eksport qilinmoqda. Joriy yilning olti oyida o‘zaro savdo aylanmasi 18 foiz o‘sgan. 

“Termiz kargo” eksport markazi mamlakatimiz tovar ishlab chiqaruvchilari va tadbirkorlari bilan afg‘onistonlik ishbilarmonlar doirasining hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashda o‘ziga xos do‘stlik ko‘prigi vazifasini o‘taydi. Zamonaviy markazda qo‘shni davlat tadbirkorlariga sifatli xizmat ko‘rsatish uchun barcha qulaylik mavjud. Konsullik vakili, bojxona terminali binosi, omborlar qurilgan. Boshqa zarur sharoitlar yaratilgan. 

– Biz bir daryoning ikki qirg‘og‘ida yashab kelayotgan yaqin qo‘shnilarmiz, – deydi Afg‘onistondagi “Bashir Navid Group” kompaniyasi prezidenti Hoji Xayriddin. – O‘zbekistonning mamlakatimizda barqaror vaziyatni tiklash yuzasidan amalga oshirayotgan ishlarini yuksak qadrlaymiz. Ushbu markaz yurtingiz tadbirkorlari bilan savdo aloqalarimizni yanada mustahkamlashda yangi sahifa ochdi. Tinch va obod O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotlari jahon bozorida raqobatbardoshligi, yuk-transport xizmati qulayligi bilan ham bizda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Endi bizga zarur sanoat mahsulotlari bilan shu yerning o‘zida tanishish, xarid qilish uchun katta imkoniyat yaratildi. Bu bizning o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorligimizni yanada mustahkamlash, tijorat ishlarimizni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi. 

Markazning ko‘rgazma zalida mamlakatimizda rivojlangan avtomobil va qishloq xo‘jaligi texnikasi, kimyo, qurilish materiallari, yengil, charm-poyabzal va oziq-ovqat sanoati, elektr jihozlari ishlab chiqarayotgan 80 dan ortiq zamonaviy korxonaning 300 dan ziyod mahsuloti keng namoyish etilmoqda. 

– Biz tayyorlayotgan osh tuzimiz afg‘onistonlik tadbirkorlar e’tiborini tortdi, – deydi Surxondaryo viloyatidagi “Xo‘jaikontuz” aksiyadorlik jamiyati bosh muhandisi Eshmat Mengliyev. – Yilning o‘tgan davrida qo‘shni davlatga 120 ming dollarlikdan ortiq mahsulot yetkazib berdik. Afg‘onistonlik hamkorlarning buyurtmasini to‘liq bajarish uchun korxonani modernizatsiya qilish, mahsulot ishlab chiqarish hajmi va sifatini yanada oshirishni rejalashtirganmiz. 

Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari N.Otajonov, Surxondaryo viloyati hokimi E.Turdimov, Afg‘oniston Islom Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Sayid Shahobiddin Temuriy va boshqalar so‘zga chiqdi. 

Поделиться