O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

28 ta’lim muassasasiga tejamkor isitish qozonlari o‘rnatildi

2017-09-27 | Iqtisodiyot

Prezidentimizning 2017-yil 22-iyundagi “Respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va ijtimoiy sohalarni 2017-2018-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga kompleks tayyorlashni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida Jizzax viloyati xalq ta’limi muassasalarida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

2017-2018-yil kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish rejasiga ko‘ra viloyatda mavjud 727 ta’lim muassasasidan 21 tasi mukammal, 29 tasi joriy ta’mirlanishi belgilangan. Hozirgacha 4 umumta’lim maktabi, 16 maktabgacha ta’lim muassasasi, 1 maxsus maktab-internat mukammal ta’mirdan chiqarildi. 14 umumta’lim maktabi, 15 maktabgacha ta’lim muassasasi joriy ta’mirlandi. Qishga tayyorgarlik davomida ta’lim inshootlarining 1 ming 640 metr kvadrat tom qismi ta’mirlanib, 496 metr kvadrat singan oynalar almashtirildi. 

Inshootlarni kuz-qish mavsumiga tayyorlashda isitish tizimlaridagi nuqsonlarni bartaraf etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda 35 ta’lim muassasasida 142 isitish qozonini almashtirish rejalashtirilgan edi. Sentabr oyining 25 sanasigacha 28 inshootdagi 109 isitish qozoni almashtirildi. Yana 7 ta’lim inshootidagi 33 eskirgan qozonlarni yangi energiya tejamkoriga almashtirishni 1-oktabrgacha yakunlash choralari ko‘rilayotir. 

– O‘tgan yil qishda maktabimiz isitish tizimi tez-tez buzilib, turli qiyinchiliklar yuzaga kelgandi, – deydi Sharof Rashidov tumanidagi 37-umumta’lim maktabi direktori Abdurashid Abdurahmonov. – Bu yil mavsum oldidan maktabimiz isitish tizimidagi eskirgan qozonlar zamonaviysi bilan almashtirildi. 

Ta’lim muassasalarining kuz-qish mavsumiga tayyorgarligini mahalliy davlat organlari belgilangan tartibda qabul qilib olishidan avval hududlardagi jamoatchilik komissiyalari ko‘rib chiqmoqda. Bunday jamoatchilik komissiyalari mahalla, xotin-qizlar qo‘mitasi, ota-onalar, mahalliy Kengashlar deputatlaridan tuzilgan. 

Qishga tayyorgarlikda tabiiy gaz bilan ta’minlangan va markaziy isitish tizimiga ulangan muassasalarda mavsum bilan bog‘liq barcha zarur yumushlar to‘liq bajarildi. Ammo tabiiy gaz yetib bormagan tog‘li qishloqlarda qattiq yoqilg‘i bilan isitiladigan 330 ta’lim muassasasi faoliyat yuritmoqda. 

Viloyatda xalq ta’limi muassasalarini qishki mavsumga tayyorlash bo‘yicha ishlab chiqilgan chora-tadbirlar rejasiga ko‘ra, 13 ming 200 tonna qattiq yoqilg‘i g‘amlash belgilangan. Jumladan, ta’lim muassasalari 7 ming 300 tonna ko‘mir, 5 ming 900 tonna ko‘mir briketi bilan ta’minlanishi kerak. 

Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, sentabr oyining 25 sanasigacha muassasalar 2 ming 533 tonna ko‘mir, 1 ming 285 tonna briket olgan. Ko‘rinib turibdiki, qishga g‘amlanishi zarur bo‘lgan qattiq yoqilg‘ining aksariyat qismi hali joylarga yetib bormagan. 

– Bu masala nafaqat xalq ta’limi boshqarmasi, balki viloyat, shahar va tuman hokimlari, hududlardagi sektorlar rahbarlari tomonidan ham doimiy nazorat qilib turilgani bois rejadagi yoqilg‘ining belgilangan manzillarga to‘liq yetkazib berilishi uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan, – deydi viloyat xalq ta’limi boshqarmasining qurilish bo‘limi boshlig‘i Ahmad Jaynoqov. – Ayni paytda Jizzax, G‘allaorol temir yo‘l stansiyalariga keltirilayotgan ko‘mir belgilangan manzilga uzluksiz yetkazib berilmoqda. Isitish mavsumi boshlanguniga qadar yoqilg‘i bilan ta’minlanmagan birorta muassasa qolmaydi.

 

Toshqul Beknazarov, O‘zA

Поделиться