Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Yopiq inshootlarda va jang san’atlari bo‘yicha V Osiyo o‘yinlarining ochilish marosimida ishtirok etdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17-sentabr kuni Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahrida o‘tkazilayotgan Yopiq inshootlarda va jang san’atlari bo‘yicha V Osiyo o‘yinlarining ochilish marosimida ishtirok etdi.
Ushbu nufuzli xalqaro sport anjumanini yuksak saviyada o‘tkazish uchun Turkmaniston poytaxtida puxta tayyorgarlik ko‘rilgan. Olimpiya shaharchasida ishtirokchi davlatlar delegatsiyalari, murabbiy va sportchilarning yashashi, musobaqaga tayyorlanishi, mashg‘ulotlar o‘tkazishi, madaniy hordiq chiqarishi uchun barcha sharoit yaratilgan.
Davlatimiz rahbari Ashxobod Olimpiya stadioniga tashrif buyurdi. 45 ming tomoshabinga mo‘ljallangan muhtasham inshootga ko‘plab mamlakatlardan kelgan davlat va hukumat rahbarlari, Osiyo olimpiya kengashi rahbariyati, faxriy mehmonlar, minglab sport ishqibozlari to‘plandi.
Ashxobod Olimpiya stadionida Yopiq inshootlarda va jang san’atlari bo‘yicha V Osiyo o‘yinlarining tantanali ochilish marosimi boshlandi.
Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov Osiyo o‘yinlarini rasman ochiq, deb e’lon qildi.
Osiyo olimpiya kengashi prezidenti Shayx Ahmad al-Fahad as-Saboh barchani ushbu sport bayrami bilan qutladi.
Osiyo o‘yinlari madhiyasi yangrab, Osiyo Olimpiya kengashining bayrog‘i ko‘tarildi. O‘yinlar mash’alasi yoqildi.
...Yopiq inshootlarda va jang san’atlari bo‘yicha V Osiyo o‘yinlarida 60 dan ortiq mamlakatdan sportchilar ishtirok etmoqda. An’anaga muvofiq, stadionga ishtirokchi davlatlar sport delegatsiyalari kirib keladi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ini baland tutgan sportchimiz – og‘ir atletika bo‘yicha jahon chempionati kumush medali sohibi Ulug‘bek Alimov va O‘zbekiston delegatsiyasini muxlislar olqishlar bilan kutib oldi.
Delegatsiya tarkibida 189 sportchi – jahon va qit’a chempionatlari, turli nufuzli musobaqalarda yuqori natijalarga erishgan tajribali sportchilarimiz bilan birga, yosh iqtidor egalari sportning 20 turi bo‘yicha Vatanimiz sharafini himoya qiladi.
Mamlakatimiz bu kabi yirik xalqaro musobaqalarda munosib ishtirok etishga qodir sportchilarni tayyorlash borasida boy tajriba to‘plagan. Jumladan, Birinchi Prezidentimiz tomonidan asos solingan va muntazam o‘tkazib kelinayotgan “Umid nihollari”, “Barkamol avlod” va Universiada sport o‘yinlari yosh avlodni jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk insonlar etib tarbiyalash barobarida ular orasidan xalqaro maydonlarda yurtimiz sharafini munosib himoya qilishga qodir iste’dodlarni saralab olishda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Sportchilarimizning Ashxobodda o‘tkazilayotgan nufuzli musobaqaga munosib tayyorgarlik ko‘rishida davlatimiz rahbarining 2017-yil 9-martdagi O‘zbekiston sportchilarini 2020-yil Tokio shahrida (Yaponiya) bo‘lib o‘tadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlashga oid qarori muhim omil bo‘ldi.
Yopiq inshootlarda va jang san’atlari bo‘yicha V Osiyo o‘yinlarida ishtirok etayotgan sportchilarimizga omad tilaymiz.