O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xalqaro ozon qatlamini muhofaza qilish kuniga bag‘ishlab davra suhbati tashkil etildi
2017-09-16 | Ekologiya
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlari guruhi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi hamkorligida 16-sentabr – Xalqaro ozon qatlamini muhofaza qilish kuniga bag‘ishlab davra suhbati tashkil etildi.
Mutaxassislar O‘zbekiston Respublikasida Vena konvensiyasi doirasida xalqaro shartnoma majburiyatlarining bajarilishi, orttirilgan tajriba va xalqaro amaliyot haqida ma’lumot berdi. Atrof-muhit muhofazasini ta’minlash borasida yaratilgan huquqiy va tashkiliy asoslar jamiyatimizni barqaror rivojlantirishning muhim omili bo‘layotgani ta’kidlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 27-maydagi “2013-2017-yillarda O‘zbekiston Respublikasida atrof-muhit muhofazasi bo‘yicha harakatlar dasturi to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlarni yanada rivojlantirishga xizmat qilayotir.
Mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ilmiy va amaliy ishlar muhim samaralar berayotir. Yurtimizda ozonni yemiruvchi moddalardan foydalanish to‘xtatilib, sanoatning bu tarmog‘ida ekologik sof texnologiyalar joriy etildi. Ozonga zarar yetkazuvchi moddalarni zararsizlantirish, sovutish jihozlari hamda vositalariga texnik xizmat ko‘rsatish amaliyoti takomillashtirildi. Bu yo‘nalishdagi ishlarni yanada kengaytirish maqsadida innovatsion loyihalar davom ettirilmoqda.
O‘tgan davrda ushbu loyihalar doirasida sanoat korxonalarini modernizatsiyalash, mutaxassislarning malakasini oshirish, ilmiy-amaliy ishlarni takomillashtirish borasida qator chora-tadbirlar bajarildi. Vena konvensiyasi talablari ijrosi hamda Milliy dastur doirasida ozon qatlamini yemiruvchi moddalarni muomaladan bosqichma-bosqich chiqarishni ta’minlash maqsadida sanoat korxonalarida ishlab chiqarishni ozonga xavfsiz mahsulotlarga o‘tkazishni qo‘llab-quvvatlash, ozon qatlamini yemiruvchi moddalar va tarkibida ular mavjud bo‘lgan mahsulotlarni utilizatsiya qilish tizimini ishlab chiqish, ushbu moddalar noqonuniy aylanishining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar shular jumlasidandir.