O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabga o‘quvchilar 5-sinfdan qabul qilinadi
2017-09-15 | Ta’lim
Kecha, 14-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktabni tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori imzolandi.
Muhammad al-Xorazmiyning buyuk va bebaho merosini qadrlash, uni yosh avlod ongiga chuqur singdirish, o‘quvchilarning aniq fanlarning yuksak marralarini zabt etishiga ko‘maklashish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi iqtidorlarini aniqlash hamda qobiliyatlarini ro‘yobga chiqarish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadidada qabul qilingan mazkur qarorga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tasarrufidagi Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktabi tashkil etiladi.
Mazkur maktabda matematika, fizika, informatika va chet tili fanlari chuqur o‘qitilib, o‘quvchilarda dasturlash asoslarini, ma’lumotlar bazalarini shakllantirish va axborot xavfsizligi ko‘nikmalari va media madaniyat maktab davridan boshlab shakllantiriladi.
Ixtisoslashtirilgan maktabga o‘quvchilar O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan belgilanadigan kvota asosida 5-sinfdan boshlab yozma va og‘zaki sinov natijalariga ko‘ra tanlov asosida qabul qilinadi.