O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yoshlar manfaati yo‘lida yana bir ezgu qadam
2017-09-15 | Jamiyat
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi bilan hamkorlik memorandumini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi raisining birinchi o‘rinbosari Shavkat Javlonov va boshqalar davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning shu yil 5-iyuldagi «Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida»gi farmoni ijrosini ta’minlash o‘g‘il-qizlarimiz baxtu iqboli va saodatli hayoti uchun puxta zamin yaratishda muhim omil ekanini ta’kidladi. Yangi tashkil etilgan O‘zbekiston yoshlar ittifoqi yoshlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, muammolarini bartaraf etish va hayotda o‘z o‘rnini egallashida chinakam ko‘makchi bo‘lishga harakat qilmoqda.
– O‘zbekiston Respublikasining «Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida»gi qonuni qabul qilinganiga bugun bir yil to‘ldi, – deydi Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi raisining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Azim Mirzajonov. – Bu qonun ijrosi doirasida yoshlarga yanada keng imkoniyatlar yaratildi. O‘zbekiston yoshlar ittifoqining tashkil etilishi, 30-iyun – Yoshlar kuni, deb belgilanishini har bir yosh quvonch bilan qabul qildi. Yoshlar manfaatiga qaratilgan mazkur memorandumning imzolanishi ham ular kelajagini ta’minlashga xizmat qiladigan muhim hujjat bo‘ldi.
Ushbu memorandum ikki tizim o‘rtasida hamkorlikda amalga oshiriladigan ishlar, yoshlar, shu jumladan, mahallalarda istiqomat qilayotgan uyushmagan yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasidagi faoliyatni muvofiqlashtirishni ko‘zda tutadi.
Tadbir doirasida Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi tizimida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkilotining ta’sis yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda respublika kengashi ijro apparati yetakchi mutaxassisi Bekzod Shonazarov O‘zbekiston yoshlar ittifoqining boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi etib saylandi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisi Qahramon Quronboyev so‘zga chiqdi.