O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yoshlar press-klubining 2-sessiyasi bo‘lib o‘tdi
2017-09-13 | Jamiyat
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi huzurida tashkil etilgan Yoshlar press-klubining 2-sessiyasida mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda erishilgan natijalar va istiqboldagi vazifalar muhokama etildi.
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va qator mutasaddi tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirda vazirlik, idoralar vakillari, faol yoshlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Ochiq muloqot tarzida o‘tgan tadbirda mamlakatimizda yoshlarga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik, yoshlar masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganligi yigit-qizlarimiz hayotida o‘z aksini topib, ular erishayotgan har bir yutuq va natijalarga mustahkam poydevor bo‘layotgani qayd etildi.
2016-yil 14-sentabrda qabul qilingan “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonunning joylardagi ijrosi, yoshlar hayotidagi o‘rni va ahamiyati haqida fikr-mulohazalar bildirildi.
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisi o‘rinbosari O.Tojiyev, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati qo‘mitasi raisi o‘rinbosari G.Alimova, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati A.Qurbonov, O‘zbekiston "Mahalla" xayriya jamoat fondi boshqaruvi raisi o‘rinbosari A.Mirzajonov va boshqalar sohaga oid huquqiy baza, ushbu hujjatlarning mazmun-mohiyati haqida tushuncha berdi. Yoshlarning bu boradagi savollariga javob qaytardi.
Muloqotda “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonunning kelajagimiz egalari hayotidagi aksi, yoshlar manfaatlarini ishonchli muhofaza etishga qaratilgan huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishda milliy parlament tajribasi, yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining roli, yoshlarga oid qonunlarni ishlab chiqishda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining o‘rni haqida so‘z yuritildi.
Tadbirda yoshlarning onlayn tarzida yuborilgan savollariga ham javob berildi.