O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Deputatlar Davlat byudjetining 2017-yil birinchi yarim yilligidagi ijrosini muhokama qildilar
2017-09-12 | Siyosat
2017-yilning 11-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Deputatlar Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining joriy yil I yarim yilligidagi ijrosi yakunlarini ko‘rib chiqdilar.
Dastavval siyosiy partiyalar fraksiyalarining va O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhining, shuningdek, Qonunchilik palatasi sohaga oid qo‘mitasining majlislarida ushbu masalaning dastlabki muhokamalari o‘tkazilgan edi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusiga ko‘ra ishlab chiqilgan va joriy yilning 7-fevral kuni tasdiqlangan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining hamda «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili» Davlat dasturining bajarilishi, birinchi yarim yillikda davlat organlari, nazorat qiluvchi organlar, bank-moliya muassasalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining mexanizmlari va shakllarini tubdan o‘zgartirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarning amalga oshirilishi iqtisodiy o‘sishning muntazamligi va makroiqtisodiy barqarorlik saqlanib turishini ta’minlaganligi majlisda ta’kidlab o‘tildi.
Mamlakatimiz tarmoqlari va hududlaridagi yuqori investitsiyaviy faollik, olib borilayotgan tarkibiy o‘zgarishlar, xomashyo va yarim tayyor mahsulotlarni chuqur qayta ishlash asosida raqobatbardosh mahsulotni ishlab chiqaruvchi yuqori texnologiyali loyihalarning amalga oshirilishi, xo‘jalik yurituvchi subyektlar uchun yanada qulay iqtisodiy shart-sharoitning yaratilishi, ular ekspert faoliyatining rag‘batlantirilishi, shuningdek, xizmatlar ko‘rsatish sohasining, birinchi navbatda, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari negizida xizmatlar ko‘rsatishning zamonaviy turlari paydo bo‘lishi hisobiga jadal rivojlanishi iqtisodiyot o‘sishining asosiy omillari bo‘ldi.
Mamlakatimiz byudjet siyosatini takomillashtirish yuzasidan birinchi yarim yillikda qabul qilingan, byudjetlarning daromad bazasini kengaytirishga, byudjetlararo munosabatlarni takomillashtirishga va byudjet mablag‘larining xarajatlar samaradorligini, natijadorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar hisobot davrida Davlat byudjetini mutanosib ijro etish imkonini berdi.
Soliqqa tortish tizimini soddalashtirishga qaratilgan byudjetlararo munosabatlarning va soliq ma’muriyatchiligining zamonaviy mexanizmlari joriy etilayotganligi qayd etildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Mahalliy byudjetlarni shakllantirishda mahalliy davlat hokimiyati organlarining vakolatlarini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi hamda «Soliq ma’muriyatchiligini tubdan takomillashtirish, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning yig‘iluvchanligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonlarining tutgan o‘rni alohida qayd etilib, ushbu farmonlarga muvofiq aholining real daromadlarini, hayoti darajasi va sifatini oshirish, respublika byudjetidan moliyalashtirishga bog‘liqlikni kamaytirish, mahalliy davlat hokimiyati organlarining mustaqilligini kuchaytirish maqsadida hududlarni kompleks rivojlantirishning barqaror moliyalashtirilishini ta’minlash mamlakatimiz byudjet siyosatining asosiy vazifasi etib belgilangan.
Ushbu farmon doirasida joriy yilning 1-iyulidan 31-dekabriga qadar Toshkent shahrida va uning tumanlarida ularning byudjetlari daromadlari va xarajatlarining yangi tuzilmasini nazarda tutuvchi tajriba o‘tkazilmoqda.
Ushbu chora-tadbirlar natijasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar byudjetlarining xarajatlari ulushi davlat byudjeti tuzilmasida hisobot yilida 53 foizgacha o‘sdi.
Hududlarning mahalliy byudjetlarni mustahkamlashga doir zaxiralaridan va resurs imkoniyatlaridan foydalanishni kengaytirish sohasida olib borilayotgan chora-tadbirlar tufayli o‘tgan davrda bevosita soliqlardan tushgan tushumlar miqdori 5528,7 milliard so‘mni tashkil etganligi hamda 2016-yilning shu davriga nisbatan 793,8 milliard so‘mga, ya’ni 16,8 foizga o‘sganligi deputatlar tomonidan ta’kidlandi.
Shu bilan birga, deputatlar Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining daromadlarini shakllantirishdagi hamda mablag‘laridan samarali foydalanishdagi xato va kamchiliklarga to‘xtalib o‘tdilar. Xususan, Davlat byudjetining hisobot davridagi ijrosining borishi tanqidiy tahlil qilingan holda, mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan mavjud zaxiralar hamda resurs imkoniyatlaridan yetarlicha foydalanilmaganligi qayd etib o‘tildi.
Jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga doir mintaqaviy dasturlarni, ayniqsa, sanoat va xizmatlar ko‘rsatishni rivojlantirish sohasidagi dasturlarni amalga oshirish orqali tumanlar va shaharlarning subvensiyalarga bog‘liqligini qisqartirishga yetarli darajada e’tibor qaratilmayapti. Chunonchi, hisobot davrida sanoat sohasida mikrofirmalarga va kichik korxonalarga imtiyozlar berish hisobiga Qoraqalpog‘iston Respublikasining atigi 9 ta tumani hamda Xorazm viloyatining 7 ta tumani, shuningdek, 27 ta tuman va shahar subvensiyadan chiqarildi. Shu bilan bir vaqtda 73 ta tuman hanuzgacha subvensiya holatida qolmoqda.
Bundan tashqari, mamlakatimiz asosiy moliyaviy hujjatining hisobot davridagi ijrosiga oid materiallar to‘liq taqdim etilmaganligi uchun moliyaviy idoralar deputatlar tomonidan tanqid qilindi. Shu sababli deputatlar birlashmalarida va sohaga oid qo‘mitada muhokamaga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida qo‘shimcha materiallar so‘rab olindi.
Umuman olganda, majlis yakunlariga ko‘ra, Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2017-yil birinchi yarim yilligidagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni tasdiqlash haqida qaror qabul qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi