O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Valyuta siyosatini liberallashtirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida

2017-09-03 | Hujjatlar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Keyingi yillarda valyuta siyosati va tashqi savdo faoliyati sohasini takomillashtirish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar mamlakatimiz iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, eksport salohiyatini oshirish, zamonaviy, eksportga yo‘naltirilgan ishlab chiqarishlarni hamda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarini barqaror rivojlantirishga xizmat qilgani qayd etilsin. 

Maqbul miqdorda tashqi qarzlarni jalb qilish bo‘yicha izchil amalga oshirilayotgan siyosat O‘zbekistonning majburiyatlarini o‘z vaqtida bajaradigan ishonchli, to‘lovga layoqatli xalqaro sherik sifatidagi imidjini ta’minladi, keyinchalik valyuta kursini liberallashtirish uchun zarur oltin-valyuta zaxirasini shakllantirish, valyuta resurslarini real iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarini modernizatsiya qilish, texnik qayta jihozlash va diversifikatsiya qilishning ustuvor sohalariga yo‘naltirish, jahon moliyaviy inqirozining salbiy oqibatlarini yumshatish imkonini berdi. 

Shu bilan birga, valyuta muomalasi sohasining haddan ziyod ma’muriy tartibga solinishi alohida tarmoqlar va xo‘jalik yurituvchi subyektlar uchun imtiyoz va preferensiyalarning asossiz ravishda kam samarali bo‘lgan tizimini shakllantirdi, biznes yuritishda teng bo‘lmagan shart-sharoitlarning vujudga kelishi va raqobatning bozor tamoyillari buzilishiga olib keldi, xorijiy investitsiyalarni jalb qilishda, tovarlar va xizmatlar eksportini oshirishda, umuman, mamlakatimiz iqtisodiy rivojlanishida to‘sqinlik qiluvchi omilga aylandi. 

2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq hamda valyuta sohasini tartibga solishning bozor mexanizmlarini joriy qilish, respublika eksport salohiyatini oshirishni rag‘batlantirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni faol jalb qilish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning tashqi va ichki bozordagi raqobatdoshligini oshirish, mamlakatimizda investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash maqsadida: 

1. Valyuta bozorini yanada liberallashtirish sohasida davlat iqtisodiy siyosatining ustuvor yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilansin: 

birinchidan, yuridik va jismoniy shaxslarning chet el valyutasini erkin sotib olish va sotish hamda o‘z mablag‘larini o‘zining xohishiga ko‘ra erkin tasarruf etish huquqlarini ro‘yobga chiqarishni to‘liq ta’minlash; 

ikkinchidan, milliy valyutaning chet el valyutasiga nisbatan kursini belgilashda faqatgina bozor mexanizmlarini qo‘llash; 

uchinchidan, valyuta resurslaridan foydalanishda bozor instrumentlarining rolini oshirish, valyuta bozorida barcha xo‘jalik yurituvchi subyektlar uchun teng raqobat sharoitlarini yaratish, valyuta siyosatining noan’anaviy tarmoqlarda eksportni rivojlantirishda, mintaqaviy va xalqaro iqtisodiy xamkorlikni mustahkamlashda rag‘batlantiruvchi rolini oshirish; 

to‘rtinchidan, sifatli ish o‘rinlari va yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni bevosita rag‘batlantirish uchun iqtisodiyotning barcha sektorlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar, bilim va texnologiyalar jalb etishga xizmat qiladigan ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaxshilash; 

beshinchidan, milliy valyutaning barqarorligini ta’minlashga qaratilgan qat’iy monetar siyosatni amalga oshirish, bu borada monetar instrumentlardan faol va moslashtirilgan holda foydalanish, davlat qimmatli qog‘ozlari bozorini rivojlantirish, shuningdek, ochiq bozorda operatsiyalar hamda davlat qimmatli qog‘ozlarini banklar likvidligiga garovga berish bo‘yicha operatsiyalarni amalga oshirishni amaliyotga joriy qilish; 

oltinchidan, monetar va fiskal siyosatni muvofiqlashtirish hamda Davlat byudjetining mutanosibligini ta’minlash orqali pul massasi haddan ziyod o‘sishining oldini olish; 

ettinchidan, bank tizimining barqarorligini ta’minlash va uning tavakkalchiliklarga bardoshliligini, shu jumladan, valyuta siyosatini liberallashtirishning vujudga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy ta’sirini yumshatishga qaratilgan samarali choralarni qo‘llash hisobiga oshirish; 

sakkizinchidan, valyuta siyosatining yangi sharoitlarida tayanch tarmoqlar korxonalari samarali faoliyat yuritishi uchun ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rish; 

to‘qqizinchidan, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari turmush darajasiga valyuta siyosatini liberallashtirishning salbiy oqibatlarini kamaytirish imkonini beradigan har tomonlama ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha manzilli chora-tadbirlarni amalga oshirish. 

2. Belgilab qo‘yilsinki, 2017-yilning 5-sentabridan: 

O‘zbekiston Respublikasining yuridik shaxslari joriy xalqaro operatsiyalar (tovar, ish va xizmatlar importi, foyda repatriatsiyasi, kreditlarni qaytarish, xizmat safari xarajatlarini to‘lash va boshqa savdo xarakteriga ega bo‘lmagan o‘tkazmalar) bo‘yicha to‘lovlarni amalga oshirish uchun tijorat banklarida chet el valyutasini cheklovsiz sotib olishlari mumkin; 

O‘zbekiston Respublikasining rezidenti bo‘lgan jismoniy shaxslar chet el valyutasini tijorat banklarining valyuta ayirboshlash shoxobchalariga erkin sotishi va konversion bo‘limlarida sotib olingan mablag‘larni xalqaro to‘lov kartalariga o‘tkazish bo‘yicha amaldagi tartibga asosan sotib olishi va chet elda hech qanday cheklovlarsiz ishlatishi mumkin; 

iste’mol tovarlari importi bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxs tashkil etmasdan faoliyat ko‘rsatuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlarga chet el valyutasini jismoniy shaxslar uchun o‘rnatilgan tartibda, banklardagi hisobvaraqlar orqali sotib olishga ruxsat beriladi; 

mulkchilik shaklidan qat’iy nazar barcha eksportchi korxonalarning chet el valyutasidagi tushumini majburiy sotish bo‘yicha talab bekor qilinadi; 

chet el valyutasida daromad oluvchi yuridik shaxs tashkil etmasdan faoliyat ko‘rsatuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar, shuningdek, fermer xo‘jaliklari o‘z bank hisobvaraqlaridagi chet el valyutasini naqd ko‘rinishida olishi mumkin. 

3. Belgilansinki, O‘zbekiston Respublikasi hududida: 

tovar (ish va xizmat)lar uchun to‘lovlarni chet el valyutasida amalga oshirish taqiqlanadi, xalqaro tajribaga muvofiq xalqaro to‘lov kartalari orqali to‘lovlar bundan mustasno; 

tovar, ish va xizmatlar uchun narx va tariflar, shuningdek, jamiyatlarning ustav kapitaliga qo‘yiladigan minimal talablar faqat milliy valyutada belgilanadi; 

davlat bojlari, yig‘imlari va boshqa majburiy to‘lovlar faqat milliy valyutada undiriladi, konsullik yig‘imlari bundan mustasno. 

4. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga ko‘ra: 

xorijiy valyutada kreditlar berish va undirish shartlari kredit siyosatidan kelib chiqqan holda tomonlarning o‘zaro kelishuviga asosan tijorat banklari tomonidan mustaqil belgilanadi; 

banklarning xorijiy valyuta oldi-sotdisi bilan bog‘liq operatsiyalar bo‘yicha tavakkalchiliklari tadbirkorlik tavakkalchiligi hisoblanadi hamda ularni boshqarish tijorat bankining vakolatiga kiradi; 

xorijiy valyuta oldi-sotdisi bo‘yicha komission vositachilik haqi miqdori tijorat banki tomonidan mustaqil belgilanadi; 

tijorat banklariga xorijiy valyutada operatsiyalarni amalga oshirish bo‘yicha litsenziya berish amaliyoti bekor qilinadi. Tijorat banklarining xorijiy valyuta bilan operatsiyalari bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya asosida amalga oshiriladi. 

5. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 23-iyundagi PQ-3082-sonli qarori bilan tuzilgan Ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat tovarlarining asosiy turlariga narx-navoni monitoring va nazorat qilish Respublika va doimiy faoliyat yuritadigan hududiy komissiyalari narxlar barqarorligini ta’minlash bo‘yicha ta’sirchan choralar ko‘rsin, shu jumladan, quyidagilar orqali: 

huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda ijtimoiy ahamiyatga ega tovar va xizmatlar uchun narx va tariflar asossiz oshishining oldini olish va bunga chek qo‘yish, ularning taqchilligi va ularga bo‘lgan ajiotajli talab yuzaga kelishining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlarni, shuningdek, ularni sotish jarayonida korrupsiyaga va suiiste’mollikka qarshi kurashish choralarini kuchaytirish; 

ijtimoiy ahamiyatga ega asosiy tovarlar, shu jumladan, dori vositalari va tibbiyot buyumlarining chakana narxlarini shakllantirish bo‘yicha belgilangan tartibga rioya etilishini har kuni tizimli o‘rganish va nazorat qilishni ta’minlash; 

mamlakatimiz hududiy bozorlarini Ichki iste’mol bozorida narx-navoni barqarorlashtirishga ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan hamda oziq-ovqat tovarlari ishlab chiqaruvchilar, shuningdek, fermer va dehqon xo‘jaliklariga sharoitlar yaratish, shu jumladan, o‘zlari ishlab chiqargan tovarlarni vositachilarsiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri aholiga sotish uchun maxsus maydonchalar tashkil etish orqali iste’mol tovarlari bilan tezkor to‘ldirish; 

yirik ulgurji importchi tashkilotlar bilan birgalikda import qilinadigan iste’mol tovarlari narxlarining barqarorligini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish. 

6. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda valyuta siyosatini liberallashtirish oqibatlarini yumshatishni nazarda tutuvchi hukumat qarorlari loyihalarini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun kiritsin, ularda quyidagilar: 

banklarning kapitallashuv darajasi va likvidliligini ta’minlash orqali ularning tavakkalchiliklarga bardoshliligini oshirish, xalqaro amaliyotni hisobga olgan holda bank tavakkalchiliklarini baholashni takomillashtirish, tijorat banklari faoliyatini tartibga solish va nazorat qilishning zamonaviy tamoyillari va mexanizmlarini joriy qilishni ko‘zda tutuvchi respublika bank tizimi moliyaviy barqarorligini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar; 

iqtisodiyot va aholini energiya resurslari bilan uzluksiz ta’minlashga, xorijiy kreditlarga o‘z vaqtida xizmat ko‘rsatishda davlat tomonidan moliyaviy yordam berish, soliqqa tortish mexanizmlari va tamoyillarini takomillashtirish, davlat tomonidan vaqtincha subsidiyalar ajratish, O‘zbekiston tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi va tijorat banklari kreditlarini restrukturizatsiya qilishga qaratilgan iqtisodiyotning tayanch tarmoqlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari; 

import qilinayotgan tovarlar va xizmatlar ichki narxlarining o‘sishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida bojxona to‘lovlari stavkalarini optimallashtirish chora-tadbirlari; 

2017-2018-yillarda 14 yoshga to‘lmagan farzandlari bo‘lgan oilalar uchun belgilangan nafaqa oluvchilar sonini o‘rtacha 1,5 barobar va kam ta’minlangan oilalar uchun belgilangan moddiy yordam oluvchilar sonini 2 barobarga oshirish, ishsiz fuqarolar uchun aholi punktlari, mahallalarni obodonlashtirish, ariqlar, irrigatsiya tarmoqlarini tozalash, uy-joy kommunal xo‘jaligi obyektlarini ta’mirlash, infratuzilmani yaxshilash, yo‘l va ko‘chalarni ta’mirlash bo‘yicha haq to‘lanadigan jamoatchilik ishlarini tashkil etish, shuningdek, Davlat byudjeti, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi va “Mahalla” xayriya jamoat fondi mablag‘lari hisobidan kam ta’minlangan oilalarni moddiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rish, shu jumladan, oilalarning alohida davlat ko‘magiga ehtiyojmand toifalariga uy-joy ta’mirlash yoki xarid qilish, qoramol, parranda va eng zarur maishiy texnika sotib olishga ko‘maklashish hisobiga aholining ijtimoiy ko‘makka muhtoj qatlamlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralarini kuchaytirish nazarda tutilsin. 

7. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi: 

soliqqa tortish bazasini kengaytirish va ichki zaxiralarni safarbar qilish bo‘yicha samarali chora-tadbirlarni amalga oshirish hisobiga byudjet daromadlarini oshirish orqali 2017-yilgi O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining profitsit bilan bajarilishini ta’minlash, shuningdek, Davlat byudjetida ko‘zda tutilgan barcha tadbirlarning to‘liq moliyalashtirilishini ta’minlash va tasdiqlangan xarajatlarni asossiz qisqartirish amaliyotiga barham berish; 

ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish bo‘yicha tasdiqlangan davlat dasturlarida ko‘zda tutilgan chora-tadbirlarni so‘zsiz amalga oshirishni nazarda tutgan holda, 2018-yilgi Davlat byudjeti loyihasini profitsit prognozi bilan ishlab chiqish; 

xo‘jalik yurituvchi subyektlar hisobvaraqlaridagi chet el valyutasidagi mablag‘larini qayta baholash natijasida olgan foydasi soliqqa tortish bazasiga kiritilmaydigan vaqtincha tartib (2018-yilning 1-iyuliga qadar) belgilash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirsin. 

8. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki 2018-yilning birinchi yarim yilligi yakunlari bo‘yicha mazkur Farmonda belgilangan normalar ta’sirining tahlilidan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasining “Valyutani tartibga solish to‘g‘risida”gi qonuni yangi tahriri loyihasini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. Unda: 

havola qiluvchi me’yorlarni maksimal darajada qisqartirgan holda, valyuta operatsiyalarining amaliyotda uchraydigan barcha jihatlari; 

O‘zbekiston Respublikasi milliy valyutasining barqarorligini ta’minlash; 

yuridik va jismoniy shaxslarning o‘z valyuta mablag‘larini erkin tasarruf etish huquqini to‘liq ro‘yobga chiqarish; 

respublika iqtisodiy manfaatlarini hisobga olgan holda, kapital harakati bilan bog‘liq operatsiyalarni tartibga solish masalalari ko‘zda tutilsin. 

9. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Davlat soliq qo‘mitasi va Ichki ishlar vazirligi O‘zbekiston Respublikasi hududida naqd chet el valyutasining noqonuniy muomalasini va naqd chet el valyutasi bilan noqonuniy operatsiyalarni amalga oshirishni bartaraf etish bo‘yicha ta’sirchan chora-tadbirlar ko‘rsin. 

10. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Adliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda qonunchilikka ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin. 

Vazirlik va idoralar o‘zlari qabul qilgan idoraviy me’yoriy-huquqiy hujjatlarni mazkur Farmon talablariga muvofiqlashtirsin. 

11. Mazkur Farmon ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi M.B.Nurmuratov zimmasiga yuklansin. 


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                    Sh.MIRZIYOYEV 

Toshkent shahri, 2017-yil 2-sentabr 

 

* * *
 
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 
“Valyuta siyosatini liberallashtirish bo‘yicha 
birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoniga
 
SHARH 


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Valyuta siyosatini liberallashtirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni avvalo amaldagi valyutani tartibga solish tizimini tubdan isloh qilish, valyuta siyosatini liberallashtirish, barcha tadbirkorlik subyektlariga tashqi savdo faoliyatini amalga oshirishda teng sharoitlar yaratishga qaratilgan. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining mazkur Farmoni qabul qilinishiga mamlakatimiz eksport salohiyatini oshirish, ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaxshilash, xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga to‘sqinlik qilayotgan qator muammo va kamchiliklar mavjudligi asosiy sabab bo‘ldi. 

Jumladan, valyutani tartibga solishga haddan ziyod ma’muriy aralashuv, tashqi savdo faoliyatini amalga oshirishda iqtisodiyotning ayrim tarmoqlari va xo‘jalik yurituvchi subyektlari uchun alohida imtiyoz va preferensiyalar mavjudligi oqibatida tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida biznesni yuritishga doir teng bo‘lmagan shart-sharoitlar paydo bo‘ldi hamda parallel chet el valyutasi bozori va ayirboshlash kursi vujudga keldi. 

Valyuta kursi siyosatining tashqi savdoni rag‘batlantirishdagi rolining susayishi mahalliy ishlab chiqaruvchilar tovar va xizmatlari narxlarining tashqi va ichki bozordagi raqobatdoshligini pasaytirdi. 

Mamlakatimizda faqatgina bozor mexanizmlari asosida faoliyat ko‘rsatadigan valyuta bozorini shakllantirish barcha banklarning mijozlar (yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan, yakka tartibdagi tadbirkorlar) ehtiyojlarini qondirish maqsadida chet el valyutasini sotib olish va sotish uchun valyuta birjasi savdolarida erkin ishtirok etishini, shuningdek, mijozlarning chet el valyutasini sotib olish bo‘yicha amaldagi tartib va texnik reglamentlariga rioya etgan holda o‘z valyuta mablag‘larini hech qanday cheklovsiz tasarruf etishini taqozo etadi. 

Mazkur Farmon bilan yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan chet el valyutasi joriy xalqaro valyuta operatsiyalarini amalga oshirish uchun banklarda erkin sotib olinishi va sotilishi kafolatlanadi. 

Xususan, yuridik shaxslar o‘z mablag‘larini banklarda joriy xalqaro valyuta operatsiyalarini, shu jumladan, tovar, ish va xizmatlar importi, foydani repatriatsiya qilish, kreditlarni qaytarish, xizmat safari xarajatlarini to‘lash va boshqa savdo xarakteriga ega bo‘lmagan operatsiyalarni amalga oshirish uchun chet el valyutasiga cheklovlarsiz erkin konvertatsiya qilishlari mumkin. 

Ta’kidlash joizki, joriy xalqaro operatsiyalar bo‘yicha to‘lovlarni banklardagi hisobvaraqlar orqali amalga oshirishda xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan bozor kursida chet el valyutasini sotib olish imkoniyatining yaratilishi “yashirin” iqtisodiyotning qisqarishiga va pul mablag‘larini bank aylanmasiga jalb qilishga xizmat qiladi. 

Jismoniy shaxslar ham tijorat banklarining konversion bo‘limlarida chet el valyutasini erkin sotib olishi, sotib olingan mablag‘larni xalqaro to‘lov kartalariga o‘tkazib, ulardan xorijda hech qanday cheklovlarsiz, shu jumladan, bank hisobvaraqlari orqali xorijda o‘qish, davolanish va boshqa maqsadlardagi to‘lovlar uchun foydalanishi mumkin. 

Xalq iste’mol tovarlarini import qilish bilan shug‘ullanuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar banklardagi hisobvaraqlarida savdo tushumini va boshqa daromadlarini jamg‘arib borgan holda keyinchalik uni jismoniy shaxslar uchun o‘rnatilgan tartibda, ya’ni sotib olingan valyuta mablag‘larini xalqaro to‘lov kartalariga o‘tkazish va chet elda cheklovlarsiz, shu jumladan, tovarlarni import qilish uchun ishlatishi mumkin. 

Aholidan naqd chet el valyutasini sotib olish tijorat banklarining barcha filial va mini-banklari tomonidan cheklanmagan miqdorda va sarsongarchiliksiz amalga oshiriladi. 

Bundan tashqari, banklar tomonidan aholi bilan valyuta ayirboshlash operatsiyalarini sifatli amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida: 

jismoniy shaxslar tomonidan chet el valyutasini sotib olish va sotish tartibini soddalashtirish; 

bayram va dam olish kunlarida valyuta ayirboshlash shoxobchalarining uzaytirilgan ish tartibini joriy qilish; 

tijorat banklarining filiallari va mini-banklarida, ayniqsa, yirik savdo markazlari va bozorlarda qo‘shimcha valyuta ayirboshlash shoxobchalarini ochish; 

konversion bo‘limlar orqali chet el valyutasini sotishda olinadigan vositachilik haqi miqdorini imkon darajasida pasaytirish choralarini ko‘rish; 

xalqaro to‘lov kartalaridan xorijda foydalanishda mavjud barcha cheklovlarni bekor qilish nazarda tutilgan. 

Shu bilan birga, mahsulot ishlab chiqaruvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar va fermer xo‘jaliklarining eksport faoliyatini rag‘batlantirish maqsadida ularga chet el valyutasidagi daromadlarini o‘z xohishiga ko‘ra erkin tasarruf etish, bunda bank hisobvaraqlaridan naqd chet el valyutasini yechib olishgacha bo‘lgan huquq beriladi. 

Keyingi yillarda eksportchilarni rag‘batlantirish uchun ko‘plab ishlar amalga oshirildi, ularga soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha ko‘plab imtiyozlar berildi, eksport faoliyatini tashkil etish bo‘yicha qator tartibotlar bekor qilindi. Eksport borasida mavjud imtiyozlarga qaramasdan valyuta tushumini majburiy sotish talabi eksportni yanada rag‘batlantirish yo‘lida asosiy to‘siq bo‘lib, eksportchilar o‘z valyuta tushumini to‘liq tasarruf etish imkoniyatiga ega emas edi, bu esa eksportni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan siyosatga mos kelmaydi. 

Shu sababli mazkur Farmon bilan tovarlar (ish, xizmatlar) eksportidan tushgan valyuta tushumini majburiy sotish tartibi mulkchilik shakli yoki eksport qilinayotgan mahsulot turidan qat’iy nazar, barcha eksportchi tashkilotlar uchun butunlay bekor qilindi. 

Bozor tamoyillari asosida valyuta resurslari oqimining samaradorligini oshirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish uchun qulay investitsiya va ishbilarmonlik muhitini shakllantirish, shuningdek, tashqi savdoda valyuta siyosatining rag‘batlantiruvchi rolini oshirish maqsadida milliy valyutaning xorijiy valyutaga nisbatan ayirboshlash kursi faqatgina valyuta birjasining banklararo elektron savdolarida valyutaga bo‘lgan talab va taklifdan kelib chiqqan holda belgilanadi. 

Bunda ayirboshlash kursini bozor mexanizmlari asosida shakllantirish maqsadida banklararo savdolarda Markaziy bankning ishtiroki kamaytiriladi. Alohida hollarda Markaziy bank ayirboshlash kursining haddan ortiq tebranishini bartaraf etish uchun xorijiy valyutani sotish yoki sotib olish operatsiyalarini amalga oshirishi mumkin. 

Ayirboshlash kursini egiluvchan holda tartibga solish respublikaga keladigan barcha valyuta resurslari (eksport tushumi, transchegaraviy pul o‘tkazmalari va boshqalar) oqimining rasmiy bozorga kelib tushishi orqali chet el valyutasiga bo‘lgan jami talab va taklif mutanosibligini ta’minlash va oltin-valyuta zaxiralari hajmlarini avvalgidek yuqori darajada saqlab qolish imkonini beradi. 

Ta’kidlash joizki, xorijiy valyutani erkin sotib olish va sotish imkoniyati va milliy valyuta ayirboshlash kursini bozor mexanizmlaridan foydalangan holda belgilash mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlarning ichki va tashqi bozordagi raqobatdoshligi va rentabelligini oshirish bilan bir qatorda mamlakatimizda investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni ko‘paytirish, xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan yangi texnologiyalar va bilimlarni jalb qilish, eksport imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi. 

Bundan tashqari, ayirboshlash kursining liberallashtirilishi eksport imkoniyatlarini oshirishda kuchli rag‘batlantiruvchi omil bo‘lib, bu noan’anaviy soha va tarmoqlarda eksport hajmining ortishiga ko‘maklashadi va ayirboshlash kursiga ta’sirchan tovar eksportchilarining moliyaviy holatini nafaqat eksport hajmining oshishi, balki olingan daromadlarni milliy valyutaga qayta hisoblaganda vujudga keladigan foyda hisobidan ham tubdan yaxshilaydi. 

Valyuta siyosatini isloh qilishga O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirishdagi birinchi zaruriy qadam sifatida qaralmoqda va islohotlarning muvaffaqiyati ko‘p jihatdan pul-kredit, soliq-byudjet va iqtisodiy siyosatning boshqa sohalarida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlarning samarali muvofiqlashtirilishiga bog‘liq. 

Ayirboshlash kursi barqarorligini ta’minlashda pul-kredit ko‘rsatkichlarining o‘zgarishi hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanligini inobatga olgan holda, Markaziy bankka monetar instrumentlardan faol va keng ravishda foydalanish orqali milliy valyutaning barqarorligini va inflatsiyaning past darajada bo‘lishini ta’minlash, pul massasi haddan ziyod va asoslanmagan holda o‘sishining oldini olish, davlat xarajatlari va daromadlarining mutanosibligini ta’minlashga qaratilgan qat’iy monetar siyosat yuritish vazifasi yuklatilgan.

Farmonda ko‘zda tutilgan fiskal chora-tadbirlarni ko‘rish, ya’ni byudjet xarajatlarini qat’iy ravishda Davlat byudjetiga kelib tushgan daromadlar doirasida amalga oshirish, 2017-2018-yillarda Davlat byudjetini profitsit bilan ijro etish imkonini beradi. 

Bunda iqtisodiyotda narxlar o‘zgarishi ustidan samarali nazoratni ta’minlash hamda monetar va fiskal siyosatni muvofiqlashtirish amaliyotini takomillashtirishga qaratilgan pul-kredit siyosatining yangi tamoyil va mexanizmlarini joriy qilish muhim o‘rin tutadi. 

Valyuta siyosatini liberallashtirish sharoitida bank tizimi barqarorligini ta’minlash borasida vujudga kelishi mumkin bo‘lgan xatarlarni nazorat qilish alohida ahamiyat kasb etadi. 

Bank tizimining barqarorligi nafaqat mijozlarning xorijiy valyutaga bo‘lgan talabini qondirish nuqtai nazaridan, balki kredit portfeli, depozit bazasi va ko‘rsatilayotgan xizmatlar tarkibida kutilayotgan sifatli o‘zgarishlar nuqtai nazaridan ham muhimdir. 

Shu munosabat bilan bank tizimining barqarorligi tijorat banklarining kapitallashuv darajasini saqlash, prudensial nazoratni kuchaytirish, shuningdek, valyuta siyosatini liberallashtirishning sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan salbiy oqibatlarining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish orqali ta’minlanadi. 

Davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning dastlabki bosqichi sifatida davlat banklarining ustav kapitaliga 655 million AQSh dollari miqdorida mablag‘ kiritilganini ta’kidlash joiz. Banklarning likvidligini ta’minlash uchun ularga qayta moliyalashtirish kreditlarini berish mexanizmi joriy qilindi. 

Prezident Farmonida ilg‘or xalqaro standartlarni hisobga olgan holda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan bank xatarlari to‘g‘risida barvaqt ogohlantirish, ularni baholashni takomillashtirishni o‘z ichiga olgan qator bank nazorati va monitoringi instrumentlarini joriy qilish chora-tadbirlari nazarda tutilgan. 

Shuningdek, mazkur Farmonda: 

xo‘jalik yurituvchi subyektlarning hisobvaraqlaridagi chet el valyutasidagi mablag‘larini qayta baholash natijasida vujudga keladigan moliyaviy natija soliqqa tortish bazasiga kiritilmasligini ko‘zda tutuvchi vaqtinchalik tartib joriy etish; 

iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, ularni soliqqa tortish mexanizmini takomillashtirish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hamda banklarning kreditlarini restrukturizatsiya qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarni ishlab chiqish belgilangan. 

Xalqaro valyuta fondining baholariga ko‘ra, valyuta siyosatini liberallashtirish o‘rta va uzoq muddatli istiqbolda ish o‘rinlari yaratish va iqtisodiyotning o‘sish sur’atlariga sezilarli ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. 

Amalga oshirilayotgan islohotlarning qisqa muddatli istiqbolda aholining ijtimoiy ko‘makka muhtoj qatlamlariga nisbatan vujudga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy oqibatlarini yumshatish maqsadida aniq manzilli va shaffof ijtimoiy nafaqa va subsidiyalar joriy etish, kasanachilikka, tomorqa yer maydonlaridan samarali foydalanishga keng jalb qilish orqali ularning bandligini ta’minlash, shuningdek, kam ta’minlangan oilalarning turmush sharoitlarini imtiyozli mikrokreditlar ajratish orqali yaxshilash kabi chora-tadbirlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan. 

Band bo‘lmagan aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning ularni haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilish, jumladan, uy-joy fondi obyektlari va uy-joy kommunal infratuzilmasi, ko‘chalar, yo‘llar, mahallalar hududlari, ijtimoiy-madaniy ahamiyatdagi obyektlar, irrigatsiya tarmoqlarini obodonlashtirish va ta’mirlash, shuningdek, mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlari va imkoniyati cheklangan shaxslarga yordam berishga jalb qilish ko‘zda tutilgan yangi mexanizmi joriy qilinayotganini qayd etish lozim. 

Valyuta ayirboshlash kursini liberallashtirishning tovar va xizmatlar, ayniqsa, xalq iste’moli tovarlariga ichki narx-navoning shakllanishiga ta’sirini kamaytirish maqsadida amaldagi bojxona me’yorlari va to‘lovlari stavkalarini tubdan qayta ko‘rib chiqish vazifasi belgilandi. 

Bundan tashqari, ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat tovarlarining asosiy turlariga narx-navoni monitoring va nazorat qilish Respublika va doimiy faoliyat yuritadigan hududiy komissiyalarga narxlarning barqarorligini va bozorlarning iste’mol tovarlari bilan tezkor to‘ldirilishini ta’minlash vazifasi topshirildi. 

Mazkur Farmon bilan milliy valyutaga bo‘lgan ishonchni kuchaytirishga qaratilgan qator normalar belgilandi. Keyingi yillarda ayrim tovar va xizmatlarni (avtomobillar, aviachiptalar va boshqalar) respublika hududida chet el valyutasiga sotish amaliyoti tadbirkorlar va aholiga noqulayliklar yaratib, ularning e’tiroziga sabab bo‘layotgan edi. 

Bundan tashqari, tovar va xizmatlar narxini chet el valyutasida o‘rnatish holatlari ham Markaziy bank rasmiy kursi o‘zgarishi oqibatida narxlarning milliy valyutaga hisoblanganda asossiz ravishda oshishiga olib kelayotgan edi. 

Bundan buyon respublika hududida barcha tovarlar va xizmatlar uchun hisob-kitoblar va to‘lovlar, davlat bojlarining undirilishi, tovar va xizmatlar narxlarining belgilanishi faqat milliy valyutada amalga oshiriladi. 

Tadbirkorlik faoliyatining rivojlanishiga qulay sharoitlar yaratish maqsadida mazkur Farmon bilan chet el valyutasida ajratilgan kreditlarni bankning kredit siyosati va tomonlarning kelishuvi asosida milliy yoki chet el valyutasida qaytarilishiga ruxsat berildi. 

Valyuta bozorini liberallashtirish jarayonida davlat iqtisodiy siyosatining mazkur Farmonda belgilangan ustuvor yo‘nalishlarining to‘liq ijrosi ta’minlanishi barcha tashqi savdo faoliyati qatnashchilariga teng sharoit yaratadi hamda O‘zbekiston Respublikasi milliy valyutasining mavqeini kuchaytiradi, mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini jadallashtirishga, aholi bandligini ta’minlash va turmush darajasini oshirishga xizmat qiladi.

Поделиться