O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Saudiya Arabistoni matbuoti o‘zbekistonlik hojilar haqida yozdi
2017-09-02 | Jamiyat
Ayni kunlarda butun dunyo musulmonlari qatori o‘zbekistonlik hojilar ham haj ibodatini ado etmoqda. Yurtdoshlarimiz safida Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining borligi barchaning e’tiborini tortmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bu yil 72 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi imtiyozli ravishda haj safariga yuborildi. To‘qsondan oshib, yuz bilan yuzlashgan piru badavlat nuroniylarimizning har biriga alohida shifokor va oila a’zolaridan bir kishi hamroh qilib biriktirildi.
Bu Saudiya Arabistoni jamoatchiligida, hajga kelgan boshqa davlatlar vakillarida katta qiziqish uyg‘otdi. O‘zbekistonda urush va mehnat faxriylariga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik haqida mahalliy matbuot nashrlarida qator maqolalar chop etildi.
Masalan, “Ukkoz” gazetasida “Urush qahramonlari”, “Makka” gazetasida “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari hojilar” sarlavhali maqolalar e’lon qilindi.
“Urush qahramonlari” maqolasida bunday deyiladi:
“Urush qahramonlari”. Ularni o‘z yurtida shunday atashadi. Ularga alohida g‘amxo‘rlik ko‘rsatiladi. Har yili 9-may – Xotira va qadrlash kuni ular uchun bayramlar tashkil etiladi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ularga katta hurmat-e’tibor ko‘rsatib, bepul davolanish, barcha qulayliklarga ega bo‘lgan uy-joylar berish, tomorqa ajratish va avtomobillar hadya etish kabi xayrli ishlar qilmoqda".
“Ukkoz” gazetasining maxsus muxbiri Namim Hakim “O‘zbeklar faxri” Gitlerga qarshi front jabhalaridan Arofat maydoniga yetib keldi” sarlavhasi ostida bir necha bobolarimiz hayotini hikoya qildi.
"Bundan 26-yil avval mustaqillikka erishgan O‘zbekistonda bugungi kunda 1 ming 300 ga yaqin urush faxriysi yashaydi. Ularning yoshi 90-108 atrofida. Odamlar urush qatnashchilarini “O‘zbeklar faxri” deb e’zozlaydi. Zero, ular fashistlar armiyasini tor-mor etishga ulkan hissa qo‘shgan. Berlingacha borib, dushman ustidan g‘alaba qozonishda o‘rnak ko‘rsatgan va g‘alaba kuniga yetib kelgan.
72-yil avval tugagan bu urushda qatnashgan ko‘pchilik vafot etdi. Ulardan juda ozchiligi hozir hayot. Biz ularning tarixiy hikoyalarini bayon qilamiz, deyiladi maqolada.
"Urush faxriysi Yo‘ldosh Turg‘unov 1941-yili Andijon viloyati Shahrixon tumanidan keyinchalik nomi Sankt-Peterburgga aylantirilgan Leningrad frontiga jo‘nab ketdi. 95 yoshli otaning ta’kidlashicha, dushman qo‘shinlari shaharni qariyb ikki yil qamal qilgan. Leningrad qamalining tugashi Ikkinchi jahon urushida tub burilish yasagan va dushman qo‘shinlari tor-mor bo‘lishni boshlagan.
Faxriy jangchi Turg‘unov urush qahramonlaridan biri sifatida tug‘ilgan vataniga qaytdi. Oilali bo‘lib, uch o‘g‘il va to‘rt qiz ulg‘aytirdi. 76 nabira va evara uning atrofida parvona. U yetmish yil hajga borishni orzu qilib yashadi. Yo‘ldosh Turg‘unovning uzoq kutilgan orzusini O‘zbekiston Prezidenti ro‘yobga chiqardi.
U o‘zbek urf-odatiga binoan bizni tabassum bilan kuzatdi. Tilida esa haj farzini ado etish uchun katta yordam bergan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti haqiga duolar qildi".
"Urush faxriysi Zulumboy Madrahimov Stalingradda nemis qo‘shinlarini tor-mor etgan jangchilardan. Frontda uni chavandoz deyishardi. Vaholanki, u aloqachi bo‘lib xizmat qilgan. O‘z burchiga shu darajada fidoyi ediki, dushman minasi tushgan joydagi aloqa simlarini ulash uchun uzoq masofalarga emaklab borardi. Keyinchalik haydovchilik qildi, pulemyotchi bo‘ldi.
Zulumboy safdoshlari bilan birga 1945-yilda Berlingacha bordi. Hozir 96 yoshda. Ona Vataniga qaytgani va uylanganiga 70-yildan oshdi. U shu yillar davomida haj qilish umidi bilan yashadi. Bu yil uning orzulari amalga oshdi. Otaxon Makkai Mukarramaga yetib kelganidan buyon xursandchiligidan va Baytullohni tavof qilgan vaqtdan boshlab yurak muolajasi uchun mo‘jallangan dorilarini ichishni ham unutdi. U o‘zini sog‘lom his qilmoqda, yuragi esa bir maromda urmoqda.
Zulumboy Madrahimovning jasoratini mustaqil O‘zbekiston munosib taqdirladi. Otaxon hayotidan mamnun. Davlati e’tiborida, nevara-chevaralari ardog‘ida yashamoqda. Ular bobosi bilan faxrlanadi".
"106 yoshli Ibrohim Ubaydullo uch marotaba o‘limdan omon qolgan. Urushda maxfiy operatsiyani amalga oshirish uchun ketayotganda dushman samolyoti ularni o‘qqa tutadi. Shunda jangchilardan faqat o‘zi omon qolganini bilib Ollohga hamdlar aytadi.
Navbatdagi muhim topshiriqdan jamoasi oldiga qaytganida faqat uning tirik qolganini ko‘rib komandir undan shubhalanadi. Uni so‘roq qilib turganida dushman yana o‘qqa tutadi. Nemis mergani komandirni yarador qiladi. Ibrohim Ubaydullo ikkinchi marotaba o‘limdan qutulib qoladi.
"Olloh taolo menga uzoq umr berib, muqaddas joylarni ziyorat qilish hamda Arofatda turishni nasib qildi", deydi Ibrohim ota.
Yoshi ulug‘ urush faxriysi o‘zbekistonlik hojilar bilan Makkaga keldi. O‘ziga, keksalarga ko‘rsatilgan g‘amxo‘rlik uchun Prezidentini, davlatini duo qilmoqda", deyiladi gazetada.
Bunday maqolalar ko‘p. Ularda O‘zbekistonda islom dini rivojiga katta e’tibor qaratilayotgani, bu sohada ilmiy-tadqiqot markazlari bunyod etilayotgani, musulmonlarga barcha sharoit yaratilayotgani ta’kidlangan.
Vatanimiz mustaqilligining 26-yilligi va Qurbon hayiti keng nishonlanayotgan shu kunlarda Saudiya Arabistonida haj amallarini bajarayotgan ziyoratchilarimiz ko‘nglida esa shukronalik. Mamlakatimizga tinchlik-osoyishtalik, xalqimizga farovonlik tilab duolar qilishmoqda.