O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Mustaqillik bayrami arafasida I.Savitskiy nomidagi Qoraqalpoq davlat san’at muzeyining yangi ekspozitsiyasi ochildi
2017-08-30 | Madaniyat
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri o‘rinbosari K.Oqilova mustaqillik yillarida Orolbo‘yi xalqlarining qadimiy tarixi, madaniyati va san’ati namunalarini avaylab-asrash, kelgusi avlodlarga bus-butun yetkazishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Noyob tarixiy eksponatlarga boy ushbu muzey nafaqat yurtimiz, balki jahon miqyosida ham yetakchi ma’naviyat maskanlaridan biridir. Bugungi kunda muzeyda 99 ming 695 eksponat saqlanmoqda.
Shu kunga qadar muzey o‘zida saqlanayotgan osori-atiqalarning faqat 3 foizinigina namoyish etish imkoniyatiga ega edi. Vatanimiz mustaqilligining 26-yilligi oldidan maxsus loyiha asosida muzeyning ikkita yangi binosi qad rostladi. Nukusdagi “Uy-joy qurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan 49 milliard 61 million so‘mlik qurilish ishlari amalga oshirilib, foydalanishga topshirildi.
Uch qavatli ikki binoda ko‘rgazmalar pavilyoni, eksponatlarni saqlash zallari, restavratsiya ustaxonalari havo haroratini saqlovchi maxsus uskunalar bilan ta’minlandi. Xorijdan keltirilgan 4 lift, yong‘inga qarshi kurash va video nazorat tizimlari o‘rnatildi. Tashqi muhandislik-kommunikatsiya ishlari sifatli bajarildi.
– Muzeyimiz qo‘shimcha ravishda 6 ming 382 kvadrat metr ko‘rgazma maydoni hamda 6 ming 904 kvadrat metr fond zaxirasi saqlanadigan imoratga ega bo‘ldi, – deydi muzey direktori G.Izentayeva. – Ko‘rgazmalar pavilyoni joylashgan binoning birinchi qavatidagi kutubxona, kinozal va oshxonada tomoshabinlar uchun barcha qulayliklar yaratildi.
Muzeyning yangi binosida ochilgan ilk ekspozitsiya keng jamoatchilikka taqdim etildi. Unda yurtimiz va rossiyalik 500 dan ziyod taniqli musavvirlar tomonidan yaratilgan kartinalar, xalq amaliy san’ati namunalari, haykaltaroshlik asarlari namoyish etilmoqda.
Qoraqalpog‘istonlik taniqli rassom va haykaltaroshlar Q.Saipov, Q.Berdimuratov, D.To‘raniyozov, A.Otaboyev, J.Qutlimuratov, F.Madgazin, A.Erimbetov, J.Bekanov, J.Izentayev, B.Serekeyev, J.Lepesov, A.Shpadi ijodiga mansub asarlar tomoshabinlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Ko‘rgazmada o‘tgan asrning 20-30-yillarida O‘zbekistonda yashab ijod qilgan musavvirlar, shuningdek, XX asr rus rassomlarining turli janrdagi asarlari, haykaltaroshlik, amaliy san’at, mayda plastika ishlari, o‘zbek tasviriy san’ati asoschilaridan sanalgan A.Volkov, O‘.Tansiqboyev, N.Karaxan, N.Kashina, A.Nikolayev, M.Kurzin, A.Podkovirov ijodiga keng o‘rin berilgan.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi M.Erniyazov so‘zga chiqdi.