O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yurtimiz tinchligi, chegaralarimiz daxlsizligi ishonchli qo‘llarda
2017-08-29 | Jamiyat
Samarqand shahrida 28-avgust kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida mamlakatimiz Qurolli Kuchlarida amalga oshirilayotgan islohotlar natijalari va bu boradagi dolzarb vazifalar ijrosi muhokama qilindi.
Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev sohada yig‘ilib qolgan muammolarni zudlik bilan bartaraf etish, istiqboldagi rejalarni izchil amalga oshirish yuzasidan zarur ko‘rsatma va tavsiyalar berdi. Hammamizni eshitdi. O‘z yechimini kutayotgan masalalarimizni joyida hal qilib berdi.
Bilasiz, davlatimiz rahbari joriy yil 24-yanvar kuni Qurolli Kuchlar akademiyasida xizmat yig‘ilishi o‘tkazib, bir qator dolzarb vazifalarni belgilab bergan edi. Toshkent harbiy okrugi qo‘shinlarida jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik, tarbiyaviy ishlar ushbu belgilab berilgan vazifalar talablari asosida amalga oshirilmoqda.
Jangovar tayyorgarlik mashg‘ulotlari maksimal darajada real vaziyatlarga yaqin holda o‘tkazilmoqda. Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati, Favqulodda vaziyatlar vazirligi bo‘limlari bilan hamkorlikda dala yig‘inlari tashkil etildi.
Okrug qo‘shinlarida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilarning malakasini oshirish va qayta tayyorlashga katta e’tibor qaratilayotir. O‘tgan o‘quv yilida ofitserlar va serjantlar tarkibi bilan komandirlik tayyorgarligi tizimida nazariy va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
Harbiy xizmatchilarning bilimini yuksaltirish, kasb mahoratini yanada oshirish uchun ko‘rik-tanlov va musobaqalar muntazam tashkil etilmoqda. Ushbu tadbirlarga 2 ming 500 dan ziyod xizmatchi qamrab olingan.
Xabaringiz bor, yaqinda davlatlararo “Armiya – 2017” harbiy o‘yinlari o‘tkazildi. Unda okrug harbiy qismlarida xizmat qilayotgan harbiylar o‘zining nazariy bilim va amaliy ko‘nikmasini munosib namoyish etib, faxrli o‘rinni egalladi.
Barcha harbiy qismlar mashg‘ulotlar yuqori darajada o‘tishi uchun zarur qurol-yarog‘, harbiy texnika, o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar bilan ta’minlangan. Shu kunlarda dala-o‘quv maydonlari infratuzilmasini takomillashtirish bo‘yicha tizimli ishlar qilinmoqda.
Ma’naviy-ma’rifiy sohada o‘tkazilayotgan mashg‘ulotlar sifatini oshirish maqsadida bir guruh ofitserlar Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi, Toshkent islom universitetida malaka oshirdi.
"Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili" Davlat dasturi tadbirlari ijrosi doirasida harbiy xizmatchilar, ularning oila a’zolari, chaqiriqqacha bo‘lgan yoshlar bilan uchrashuv va ochiq muloqotlar o‘tkazilmoqda. Natijada ularni qiynab kelayotgan muammolarga yechim topilmoqda. Harbiy xizmatchilarning oila a’zolarini ish bilan ta’minlash, farzandlarini bog‘cha va maktabga joylashtirish bo‘yicha amaliy ishlar qilinmoqda. Vatanimiz sarhadlarining daxlsizligini ta’minlash, tinch va osoyishta hayotimizni asrash chog‘ida halok bo‘lgan mard o‘g‘lonlarimizning nomlarini abadiylashtirish, ularning oila a’zolariga mehr-muruvvat ko‘rsatish va ijtimoiy muhofaza qilish doimiy e’tiborimizda.
Davlatimiz rahbarining 2017-yil 24-yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarini yanda takomillashtirish va isloh qilish dasturi to‘g‘risida”gi qarorini shaxsiy tarkib va ularning oila a’zolari ko‘tarinki ruhda qarshi oldi. Boisi, Shavkat Mirziyoyev ushbu hujjat orqali biz, harbiylarga bor muhabbatini, aytish joiz bo‘lsa, otalarcha mehrini namoyon etdi. Qarorga muvofiq harbiy xizmatchilar va ularning oilalari ijtimoiy himoya qilinadigan bo‘ldi. Ya’ni uzoq muddatli ipoteka krediti asosida uy olish, malakali tibbiy xizmatdan imtiyozli foydalanish imkoniga ega bo‘ldi. Shuningdek, qarorda rezervga bo‘shatilgan harbiy xizmatchilarni ish bilan ta’minlash masalasi ham o‘rin olgan.
Ushbu hujjat ijrosi doirasida Toshkent shahrida 18, Toshkent viloyatida 8 va Sirdaryo viloyatida 2 ko‘p qavatli uy qurilmoqda. Rezervdagi 200 dan ziyod harbiy xizmatchini tegishliligi bo‘yicha ta’lim muassasalariga o‘qituvchi lavozimiga tayinlash uchun tanlov o‘tkazildi. Muddatli harbiy xizmat va safarbarlik chaqiruvi rezervida xizmatni o‘tagan yoshlarning bandligini ta’minlash bo‘yicha hokimliklar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.
Toshkent shahri, Toshkent va Sirdaryo viloyatlarida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashining hududiy bo‘limlari tashkil etildi. Hududiy jamoatchilik kengashlari rahbarlari etib mahalliy hokimiyatning tajribali vakillari tayinlandi. Bu xalq bilan armiyani bog‘lab turuvchi mustahkam bo‘g‘in vazifasini bajarmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Oliy Bosh Qo‘mondoni, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan ustuvor vazifalar bu borada olib borilayotgan ishlar ko‘lamini yanada kengaytiradi.
Natijada mamlakatimiz Qurolli Kuchlarining jangovar salohiyati oshadi. Harbiy qismlarning zamonaviy qurol-yarog‘ bilan ta’minlanish darajasi yuqori, moddiy-texnik bazasi yanada mustahkam bo‘ladi. Vatanimiz tinchligi, sarhadlarimiz daxlsizligi ona yurti uchun zarur bo‘lsa, jonini ham berishga tayyor vatanparvar o‘g‘lonlarimiz qo‘lida!