O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev "Kattaqo‘rg‘on" dala-o‘quv maydonida o‘tkazilgan operativ taktik mashqlarni kuzatdi
2017-08-28 | Siyosat
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev 28-avgust kuni Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘shinlarining jangovar tayyorgarlik rejasiga muvofiq “Kattaqo‘rg‘on” dala-o‘quv maydonida o‘tkazilgan operativ taktik mashqlarni kuzatdi.
Mazkur dala-o‘quv maydonida Mudofaa vazirligi qo‘shinlari tomonidan dushman tahdidini qaytarish va uni yo‘q qilishga doir mashg‘ulotlar bir-biriga bog‘liq bo‘lgan jami oltita jangovar harakatlar epizodi va uchta alohida epizodda namoyish etildi. Vatanimiz himoyachilari barcha vazifalarni muvaffaqiyatli bajardi.
Davlatimiz rahbari harbiy mutaxassislar bilan suhbatlashdi. Harbiylarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning xizmat va hayot sharoitlarini yaxshilash, bilimi va ma’naviyatini yuksaltirish masalalariga e’tibor qaratildi. Shavkat Mirziyoyev milliy armiyamiz moddiy-texnik ta’minoti bilan shug‘ullanadigan alohida tuzilma tashkil etish zarurligini ta’kidladi.
Prezidentimiz Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida qo‘llanib kelinayotgan harbiy texnika va qurol-aslahalar, ya’ni zirhli texnikalar, artilleriya qurollari, motoo‘qchi bo‘linmalaridagi avtomobillar, razvedka va aloqa vositalari bilan tanishdi.