O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Sudlar va adliya organlari faoliyatini moddiy-texnik va moliyaviy ta’minlash tartibini takomillashtirish to‘g‘risida
2017-08-24 | Hujjatlar
2017-yil 23-avgustdagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-3240-son qarori
Sud hokimiyatining mustaqilligini yanada ta’minlash, sudlar, adliya organlari va muassasalarining moddiy-texnika ta’minotini mustahkamlash, ular faoliyati uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Sudyalar oliy kengashi, Adliya vazirligi va Moliya vazirligining Sudlar va adliya organlarini rivojlantirish jamg‘armasi hamda uning Ijro etuvchi direksiyasini tugatib, quyidagilarni tashkil etish bo‘yicha taklifiga rozilik berilsin:
Sud hokimiyati organlarini rivojlantirish jamg‘armasi;
byudjetdan tashqari Adliya organlari va muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasi.
2. Belgilansinki, quyidagilar Sud hokimiyati organlarini rivojlantirish jamg‘armasi daromadlarini shakllantirish manbalari hisoblanadi:
jinoiy, fuqarolik, ma’muriy, iqtisodiy va harbiy sudlar tomonidan ko‘rib chiqiladigan ishlar bo‘yicha davlat bojlari to‘lashdan O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetiga tushayotgan summalarning 16 foizi miqdoridagi ajratmalar;
jinoiy, fuqarolik, ma’muriy, iqtisodiy va harbiy sudlar tomonidan ko‘rib chiqiladigan ishlar bo‘yicha jarimalar to‘lashdan O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetiga tushayotgan summalarning 16 foizi miqdoridagi ajratmalar;
ijro ishi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetiga undirilgan summadan 24 foiz miqdoridagi ajratmalar, qarzdorning mol-mulkini sotish hisobiga soliq qarzdorligini undirish bundan mustasno;
vaqtincha bo‘sh turgan mablag‘larni tijorat banklarining depozitlariga joylashtirishdan tushadigan daromadlar;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa daromadlar.
3. Sud hokimiyati organlarini rivojlantirish jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Belgilab qo‘yilsinki, Sud hokimiyati organlarini rivojlantirish jamg‘armasi faoliyatini boshqarish va uning mablag‘larini taqsimlash O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi boshqaradigan Sud hokimiyati organlarini rivojlantirish jamg‘armasi Kuzatuv kengashi (keyingi o‘rinlarda – Kuzatuv kengashi) tomonidan amalga oshiriladi.
Kuzatuv kengashi tarkibiga lavozimiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi raisi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi Sudlar faoliyatini ta’minlash departamenti (keyingi o‘rinlarda – Departament) direktori va O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Odil sudlov muammolarini o‘rganish tadqiqot markazi (keyingi o‘rinlarda – Markaz) direktori kiradi.
5. 2017-yilning 1-sentabridan boshlab malaka darajalari, martaba darajalari va uzoq muddat xizmat qilganligi uchun sudyalar hamda sudlar va Departament xodimlari lavozim maoshlariga ustama va har oylik qo‘shimcha haq to‘lash, sudlar va Departamentning yordamchi xodimlarini ta’minlash, sudyalar hamda sudlar, O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi, Departament va Markaz xodimlari tomonidan belgilangan tartibda uy-joyni ijaraga olish (ijarada turish), sudlar, O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi, Departament va Markaz binolari va xonalarini qurish va ta’mirlash xarajatlari, sudlar, O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi, Departament va Markaz xodimlarining xizmat safari xarajatlari, shuningdek sudlar, O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi, Departament va Markazning kommunal-foydalanish hamda boshqa joriy xarajatlari O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi belgilab qo‘yilsin.
6. Belgilansinki, quyidagilar byudjetdan tashqari Adliya organlari va muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasi daromadlarini shakllantirish manbalari hisoblanadi:
FHDYo organlari tomonidan undiriladigan davlat boji summalaridan 16 foiz, notariuslar tomonidan undiriladigan davlat boji summalaridan esa 8 foiz miqdoridagi ajratmalar;
adliya organlari tomonidan nodavlat notijorat tashkilotlarini, advokatlik byurolarini, firmalarini, hay’atlarini, nodavlat notijorat tashkilotlarining ramzlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazganlik, nodavlat notijorat tashkilotlarining xorijiy fuqarolar bo‘lgan xodimlarini, shuningdek ularning oila a’zolarini akkreditatsiyadan o‘tkazganlik, nodavlat notijorat tashkiloti, uning ramzi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning va nodavlat notijorat tashkilotining ta’sis hujjatlarining dublikatini berganlik uchun, akkreditatsiya kartochkasi dublikatini berganlik uchun, advokatlik faoliyatini litsenziyalaganlik uchun undiriladigan mablag‘larning, shuningdek adliya organlari tomonidan undiriladigan jarimalar summasining 80 foizi;
vaqtincha bo‘sh turgan mablag‘larni tijorat banklarining depozitlariga joylashtirishdan tushadigan daromadlar;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa daromadlar.
7. Belgilansinki, byudjetdan tashqari Adliya organlari va muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari:
adliya organlari va muassasalarini moddiy-texnik ta’minotiga;
adliya organlari va muassasalarini bino, uskunalarini qurish va ta’mirlashga;
adliya organlari va muassasalari xodimlarini moddiy rag‘batlantirishga va ijtimoiy muhofaza qilishga (adliya organlari xodimlari uchun uy-joy qurish, sanatoriya-kurort va tibbiy xizmat ko‘rsatish, mukofotlar to‘lash, maoshlarga ustamalar belgilash, moddiy yordam ko‘rsatish va hokazo);
adliya organlari va muassasalari xodimlarini xizmat safar xarajatlariga, shu jumladan horijiy davlatlardagi xizmat safarlariga;
uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan adliya organlari xodimlariga uy-joy sotib olish uchun besh yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga va eng kam ish haqining ming barobaridan oshmagan miqdorda foizsiz qarz ajratishga;
adliya organlari va muassasalari xodimlariga martaba darajalari hamda uzoq muddatli xizmati uchun ustamalar va qo‘shimcha haq to‘lashga;
belgilangan tartibda adliya organlari va muassasalari xodimlariga uy-joylarni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun to‘lovlarni kompensatsiya qilishga;
adliya organlari va muassasalari xodimlarini o‘qitish, malakasini oshirish hamda stajirovka o‘tashiga, shu jumladan, ularning xorijiy davlatlarga tashriflarini tashkil etishga va chet davlatlarda o‘tkaziladigan konferensiya, seminarlar va boshqa tadbirlarda ishtirok etishiga;
adliya organlari va muassasalari faoliyati bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasiga tashrif buyuradigan xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar delegatsiyalarining tashriflarini tashkil etishga;
adliya organlarining kommunal-foydalanish hamda boshqa joriy xarajatlariga;
notarius tomonidan o‘z kasb majburiyatlari buzilishi oqibatida yetkazilgan zararni va tegishli xarajatlarni qoplashga;
O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasini yuritish, texnik jihatdan saqlab turish va modernizatsiya qilishni moliyalashtirishga;
adliya organlarining yordamchi xodimlari ta’minotiga;
adliya organlari va muassasalari faoliyatini yaxshilashga qaratilgan boshqa tadbirlarga yo‘naltiriladi.
8. Sudlar va adliya organlarini rivojlantirish jamg‘armasi Ijro etuvchi direksiyasining faoliyati tugatilganligi bois uning 2 shtat birligini O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga va 2 shtat birligini Departamentga ajratish va ularning tegishincha byudjetdan tashqari Adliya organlari va muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasi va Sud hokimiyati organlarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan saqlanishi ta’minlansin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi:
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va Moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda Sudlar va adliya organlarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari qoldig‘ini, shu jumladan, kreditorlik va debitorlik qarzdorligini Sud hokimiyati organlarini rivojlantirish jamg‘armasi va byudjetdan tashqari Adliya organlari va muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasi o‘rtasida hamda tugatilayotgan Sudlar va adliya organlarini rivojlantirish jamg‘armasi ijro etuvchi direksiyasini mulkini O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Departament o‘rtasida taqsimlanishini ta’minlasin;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va Sudyalar oliy kengashi bilan birgalikda tugatilayotgan Sudlar va adliya organlarini rivojlantirish jamg‘armasining hisobidan sudyalar, sud va Departament xodimlariga o‘tgan davr uchun to‘lanmagan malaka darajalari, martaba darajalari hamda uzoq muddatli xizmati uchun ustamalar va qo‘shimcha haqlarni to‘lanishini ta’minlasin;
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda bir oy muddatda byudjetdan tashqari Adliya organlari va muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘laridan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlasin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hamda O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlari 2-ilovaga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Moliya vazirligi va Oliy sudi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
Vazirliklar va idoralar o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi O.B.Murodov va O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri R.Q.Davletov zimmalariga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.Mirziyoyev