O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Geodeziya va kartografiya tizimi rivojlanmoqda
2017-08-24 | Jamiyat
Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi tomonidan “Geodeziya va kartografiya mustaqillik yillarida” mavzuida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Davlat kadastrlari geodeziya va kartografiya milliy markazi direktori I.Ergashev va boshqalar mamlakatimizda mustaqillik yillarida geodeziya va kartografiya sohasida tizimli o‘zgarishlar ro‘y bergani, qo‘l mehnati jarayonlari o‘rniga elektron taxeometrlar, yuqori aniqlikdagi GPS o‘lchov asboblari hamda zamonaviy komputer dasturlari amaliyotga keng tatbiq etilganini ta’kidladi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 31-maydagi «Erlarni muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish borasida nazoratni kuchaytirish, geodeziya va kartografiya faoliyatini takomillashtirish, davlat kadastrlari yuritishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni, “O‘zbekiston Respublikasi yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqdi.
Ayni paytda uchuvchisiz uchish apparatlaridan kartografik materiallarni yangilash va qishloq xo‘jaligida ekinlarni monitoring qilish ishlarini amalga oshirishda foydalanilmoqda. Zamonaviy raqamli aerofotokamera yordamida yuqori aniqlikdagi raqamli topografik kartalar yaratilgan. Yuqori aniqlikdagi raqamli kosmik tasvirga olish materiallari yordamida milliy geografik axborot tizimini yaratish uchun 2017-2018-yillarda muhim kartografik asos yaratilishi rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, qo‘mita tomonidan mukammal xaritalarni grafik, raqamli, fotografik va boshqa shakllarda yaratish, yangilab turish hamda nashr qilish ishlari izchil amalga oshirilayotir.
Umumiy geografik, siyosiy-ma’muriy, ilmiy-axborot beradigan hamda boshqa tarmoqlararo ahamiyatga molik tematik xaritalar va atlaslar, o‘quv-kartografiya qo‘llanmalarini tuzish hamda nashr qilish ishlari ham jadal davom ettirilmoqda.
– Qo‘mitamiz tomonidan ana shu yo‘nalishda ikki yuzdan ziyod turda tematik xaritalar va atlaslar, o‘quv-kartografiya qo‘llanmalari, kartografik mahsulotlar chop etilgani buning yorqin isbotidir, – deydi “Kartografiya” davlat ilmiy-ishlab chiqarish korxonasi bosh muhandisi Orif Ibragimov. – Shuningdek, ta’lim muassasalari uchun atlaslar hamda kontur xaritalar, mamlakatimiz, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarning umumiy geografik hamda siyosiy-ma’muriy xaritalari ham yaratildi. Yurtimizning diqqatga sazovor qadamjolari, tarixiy va madaniy yodgorliklar, boshqa qiziqarli obyektlar tasvirlangan sayyohlik xaritalari o‘zbek, rus va ingliz tillarida nashr qilinmoqda.
Matbuot anjumanida jurnalistlar savollariga mutaxassislar javob qaytardi.