O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Bayram shukuhi tinchlik bilan

2017-08-22 | Jamiyat

Fidoyi farzandlari bisyor elu yurtgina nafaqat mustaqil, balki jahon ayvonida o‘z mustahkam o‘rniga ega davlatga aylanadi. Buni O‘zbekistonning mustaqillikka erishishi va mustaqil davlat sifatida taraqqiy etib, dunyoga tanilishi bilan bog‘liq shonli tarixi misolida ko‘rish mumkin.

Eng ulug‘, eng aziz bayram – Mustaqilligimizning 26-yillik to‘yi bilan bog‘liq tadbirlar «Fidoying bo‘lgaymiz seni, O‘zbekiston!» shiori ostida o‘tkazilayotgani bejiz emas. Zero, bugungi kun, davr har birimizdan vatanparvarlikni, fidoyilikni talab etmoqda. Ayniqsa, yurt osoyishtaligi posbonlarining bu boradagi mas’uliyati yanada yuksak. Xususan, ichki ishlar organlari zimmasiga bayramni tinch-osoyishta o‘tkazish, xalqimizning ko‘ngildagidek shodu xurramlik qilishi uchun zarur shart-sharoitlarni ta’minlash topshirilgan. 

O‘zA muxbiri ana shu maqsadda amalga oshirilayotgan ishlar haqida O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Davron Nazarmuhamedov bilan suhbatlashdi. 

– Davron Obidovich, mustaqillik bayramini tinch va osuda o‘tkazish borasida qanday chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda? 

– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning «O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma olti yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida»gi qarorida bayramni munosib kutib olishga e’tibor qaratilgan. Zero, mustaqillik kuni xalqimizning asriy orzu-intilishlari ro‘yobga chiqqan buyuk tarixiy sana bo‘lib, milliy manfaatlarimizni, tinch va osuda hayotimizni ta’minlash, mamlakatimizning xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini yuksaltirishning mustahkam poydevori bo‘lib kelmoqda. 

Istiqlol yillarida yurtimizda xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash, jamoat tartibini saqlash vazifalariga doim ustuvor ahamiyat berildi. Bu profilaktika, tezkor-qidiruv, tergov, yo‘l harakati xavfsizligi, yong‘in xavfsizligi, qo‘riqlash, patrul-post xizmatlari, alohida vazifalarni bajaruvchi safarbarlik otryadlari qayta tashkil etilganida, ichki ishlar organlarining moddiy-texnik bazasi muntazam mustahkamlab borilayotganida namoyon bo‘lmoqda. 

Mazkur xizmatlarning barchasi hozirgi kunda mustaqillik bayramini tinch-osoyishta o‘tkazish, xalqimizning xavfsizligini ta’minlashga safarbar etilgan. 

Alohida ta’kidlash kerakki, Davlatimiz rahbarining shu yil 17-avgust kuni ichki ishlar organlari xodimlari bilan bo‘lgan uchrashuvda aytilgan mulohazalar bundan keyingi faoliyatimizda muhim dasturilamal bo‘ladi. Hozir mazkur yig‘ilishda ichki ishlar organlari xodimlariga qaratila aytilgan mulohazalar, tanqidiy fikrlardan kelib chiqib tizimimizdagi ishlar butunlay qayta ko‘rib chiqilmoqda. Ishontirib aytamanki, odamlar ichki ishlar organining har bir xodimida o‘z himoyachisini ko‘rishi kerak, degan egzu g‘oya amalda albatta ro‘yobga chiqadi. 

– «Tozalash-antiterror» tadbirlarida qanday natijalarga erishilmoqda? 

– Mazkur tadbirga 15 mingdan ziyod ichki ishlar organlari xodimlari hamda 27 mingdan ortiq jamoatchilik vakillari jalb etilgan. Ular ishtirokida mahallalarda joylashgan obyektlarning barchasi xavfsizlik nuqtai nazari bilan o‘rganib chiqildi. 

Jumladan, ko‘p qavatli uylar, hovlilar, korxona va tashkilot, mehmonxona, muassasa, kafe-bar va restoranlar, savdo va xizmat ko‘rstuvchi obyektlar, qurilishi tugallanmagan joylar, garajlar va hokazolar o‘rganib chiqildi. Shu asnoda qariyb 10 ming huquqbuzarliklar aniqlandi. Aybdorlarning tegishli tartibda ma’muriy javobgarlikka tortilishi ta’minlandi. 

Shubha uyg‘otganligi yoki huquqbuzarlik sodir etganligi uchun 16 mingga yaqin shaxs ichki ishlar organlariga olib kelindi. Ular bilan tegishli tartibda ish olib borilmoqda. 

Tadbir davomida jami 660 nafar huquqbuzarlik sodir etishga moyil shaxs aniqlanib, profilaktik hisobga olindi. 454 nafar jinoyat sodir etib qidiruvda yurgan shaxslar ushlandi. Tekshiruvlar davomida 10 qurol, 4 o‘q-dori, 5 diniy ekstremistik oqimlarga mansub adabiyot va varaqa olindi. Jinoyatchi shaxslardan 126 kilogrammdan ortiq giyohvand modda olindi. Blok postlar va chegara maskanlarida barcha avtoulov hamda poyezdlar tekshiruvdan o‘tkazilayotir. Aniqlangan qonunga zid holatlar yuzasidan tegishli choralar ko‘rilmoqda. 

Pasport-viza qoidalarini buzgan 3 mingga yaqin shaxs javobgarlikka tortildi. O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lish qoidalarini buzgan 13 nafar xorij fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs mamlakatdan chiqarib yuborildi. 

– O‘z uyingni o‘zing asra, degan purma’no hikmat hayot tarzimizga chuqur singib bormoqda. Buning zamirida har bir mahalla, xonadon osoyishtaligiga javobgar bo‘lgan profilaktika inspektori mas’uliyati ham mujassam. Mazkur xizmatning o‘rni, ular tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtalsangiz. 

– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, ichki ishlar organlari shunday ishlashi kerakki, toki xalq davlatdan rozi bo‘lsin. Bu soha xodimlari, ayniqsa, mahallalarda bevosita xalq orasida ish olib boradigan profilaktika inspektorlari faoliyatini tubdan o‘zgartirishni taqozo etdi. Odamlarning kundalik hayoti, dardu tashvishlariga hamdam, hamdard bo‘lish bugungi kun talabiga aylandi. 

Haftaning har payshanba kuni jinoyatchilikning oldini olish va profilaktika kuni, deb e’lon qilingani profilaktika inspektorlari faoliyati samarasini oshirishda muhim o‘rin tutdi. Chunki profilaktika kuni aholi vakillari bilan o‘tkazilayotgan ochiq muloqotlarda qilinayotgan ishlar, hamkorlikda bajarilishi zarur bo‘lgan vazifalar bilan bir qatorda huquqbuzarlik va jinoyatchilik ahvoli, bunga yo‘l qo‘yayotgan shaxslar qilmishi muhokama etilayotgani besamar ketmayotir. Bu huquqbuzarlik va jinoyatlar kamayayotgani, mahallalar muhiti sog‘lomlashayotganida yaqqol namoyon bo‘lmoqda. 

Mahallalarda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha jamoatchilik institutlari bilan birgalikda olib borilgan keng qamrovli profilaktika tadbirlari natijasida 1765 ta mahallada jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmadi. 

– Yong‘inlarning oldini olish, yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlash ishlari qanday yo‘lga qo‘yilgan? 

– Yong‘in xavfsizligini ta’minlash ham osoyishtalikning muhim omillaridan. Shu bois aholi punktlari, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha obyektlarida yong‘in xavfsizligi tadbirlari yanada kuchaytirildi. Shu maqsadda tezkor shtab tuzilgan va ishchi guruh faoliyat yuritmoqda. 

Bayram tantanalari o‘tkaziladigan joylar, ular atrofida joylashgan korxona va tashkilot, aholi turar joylari ro‘yxati shakllantirildi. Bugungi kunga qadar mazkur obyektlar yong‘in-profilaktika ko‘rigidan o‘tkazildi. Ko‘p qavatli uylarning chordoq va yerto‘lalari berkitilishi ta’minlandi. 

Haftaning chorshanba kuni o‘tkazilayotgan yong‘in xavfsizligi profilaktikasi kunlarida ham bu masalalar alohida e’tiborda. 

O‘ta muhim va toifalangan obyektlardan barchasi o‘rganib chiqildi. Ushbu maskanlarning yong‘indan muhofaza qiluvchi qismlari shaxsiy tarkibining jangovarligini oshirish, sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan yong‘inlarni tezda bartaraf etish, maxsus xizmatlar harakatlarini muvofiqlashtirish maqsadida garnizonlardagi kuch va vositalarni hamda boshqa xizmatlarni jalb qilgan holda yong‘in o‘chirish amaliy taktik mashq va mashg‘ulotlar o‘tkazildi. 

Olib borilayotgan profilaktik ishlar davomida yong‘in xavfsizligi talablarini buzgan yoki bajarmagan mingdan ziyod fuqaro, javobgar va mansabdor shaxsga tegishli tartibda 114 million so‘mdan ortiq jarima solindi. 6 mingdan ziyod yong‘in chiqish xavfi bo‘lgan nosoz elektr tarmoqlar va agregatlar manbaidan uzib qo‘yildi. 

Bayram tantanalari o‘tadigan joylarda yong‘in xavfsizligini ta’minlash maqsadida Yong‘in xavfsizligi xizmati xodimlari biriktirilishi hamda ushbu joylarda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan yong‘inlarni zudlikda bartaraf etish maqsadida belgilangan joylarga yong‘in o‘chirish avtoekipajlari jalb etilishi to‘liq ta’minlanadi. 

Ta’kidlab o‘tish o‘rinliki, bayram munosabati bilan poytaxtimizda xavfsizlikni yanada kuchaytirish maqsadida transport vositalari yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari tomonidan jiddiy tekshiruvdan o‘tkazilmoqda. Bayram arafasida va bayram kunlari poytaxtga kirib kelayotgan transport vositalari qatnovi biroz cheklanishi ham mumkin. 

Amalga oshirayotgan ishlarimizning samaradorligi aholining huquqiy madaniyati bilan chambarchas bog‘liq. Shuni e’tiborga olib barcha xizmatlar xodimlari mahallalar, korxona va tashkilotlarda, o‘quv muassasalarida uchrashuvlar o‘tkazib, tushuntirish-targ‘ibot ishlarini olib bormoqda. Bu jarayonda nafaqat osoyishtalik qadri, balki aholini ogohlikka chorlovchi, har bir inson o‘z uyini, mahallasini asrashga mas’ul ekaniga e’tibor qaratilayotir. 

Bir so‘z bilan aytganda, mamlakatimizda xalqimiz uchun eng qadrli bo‘lgan, yillar o‘tgani sari shukuhi ortib borayotgan mustaqillik ayomini yorug‘ yuz bilan kutib olish uchun barcha shart-sharoit yaratilgan. Eng muhimi, bugungi kunda dunyoda turli xavfu-xatar, tahlika kuchaygan bir sharoitda ona diyorimizda tinchlik-osoyishtalik ta’minlangan. Buni AQShning Gellap instituti tomonidan yaqinda “Qonuniy tartiblarga itoat qilish indeksi”da O‘zbekiston yana bir bor yuqori o‘ringa sazovor bo‘lgani, ya’ni ikkinchi pog‘onani egallagani ham tasdiqlab turibdi. 

Bularning barining qadriga yetish, yurtimizda hukm surayotgan tinchlikni, hamjihatlikni ko‘z qorachig‘idek asrashga, mustaqillikni mustahamlashga har birimiz mas’ul ekanimizni unutmaylik. Vatan ravnaqi, taraqqiyoti yo‘lida fidoyilik qilish kundalik tarzimizga aylansa ertangi kunimiz bugungidan yorug‘roq, kelajagimiz orzuimizdagidan-da porloq bo‘lajak.

 

Norgul Abduraimova, O‘zA

Поделиться